Breaking News

Nodira Qodirova o'limi sabablari hanuz mavhumligicha qolmoqda


Nodira Qodirova

Joriy yilning sentabrida Turkiya poytaxti Anqarada yuz bergan o‘zbekistonlik mehnat muhojiri Nodira Qodirovaning o‘limi katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. U Turkiya parlamentining deputati, hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasining a’zosi hamda iste’fodagi general Shirin Unalning xonadonida ishlar, uning bemor rafiqasiga qarar edi. Anqara prokuraturasi bayonotiga ko‘ra, Nodira Qodirova o‘z joniga qasd qilgan.

Nodira Qodirova o'limi sabablari aniq bo'ldimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:46 0:00
Yuklab oling

O‘zini o‘ldirdimi yoki o‘ldirildimi?

Marhumaning akasi Muhammadali Qodirov singlisi o‘zini o‘ldirganiga ishonmaydi. “Birinchidan, singlim orzularga boy qiz edi, – deydi u. – Qolaversa, uning tanasida ikkita o‘q izi bo‘lgan. O‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgan odam qanday qilib yuragiga ikki marta o‘q uzishi mumkin?”

U Nodiraning o‘limi bilan bog‘liq sud-tibbiy ekspertizasi faqatgina Turkiyada o‘tkazilganini va uning natijasi hali ham chiqmaganini aytar ekan, O‘zbekistonda ham xuddi shunday tekshiruv o‘tkazilmaganidan afsusdaligini bildirdi:

“Men (singlimning jasadini) 26-sentabr kuni O‘zbekistonga olib keldim. O‘sha payt shok holatida edim. Qay holatda kelganimni tasavvur qilib ko‘ring. Kutilmagan holatdan o‘zimda emasdim, tush ko‘rayotgandek edim. Tilim kalimaga kelmas, oyoq-qo‘lim o‘zimga bo‘ysunmasdi. Janoza bo‘ldi, yerga ko‘mdik. Mening eng katto xatoim bu yerga olib kelgandan keyin ekspertiza qildirmaganimiz bo‘ldi. Hozir ekspertiza, eskgumatsiya qildiramiz desak, katta mablag‘ kerak, advokat yollash, tepaga murojaat qilish kerak. Moddiy ahvol yaxshi bo‘lmagandan keyin qiyin masala ekan. So‘rab-surishtirdim, besh-olti ming dollar ketadi deyishyapti. Buncha pul bizda yo‘q-ku, o’zi kambag‘al oila bo‘lsak”.

Nodira Qodirova akasi Muhammadali Qodirov bilan
Nodira Qodirova akasi Muhammadali Qodirov bilan

Muhammadali Qodirovga ko‘ra, singlisi qotillik qurboni bo‘lgan, ammo bu hodisaga aynan nima sabab bo‘lgani haqida hozircha aniq fikri yo‘q. Uning aytishicha, hodisadan oldin, 23-sentabr kuni ham Nodira bilan gaplashgan va unda hech qanday shubhali holatni sezmagan.

“Agar o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lganida, aka, mendan rozi bo‘ling, onamga yaxshi qarang, degan bo‘lardi-ku”, – deydi u.

Deputat Shirin Unal o‘z uyida sodir bo‘lgan hodisa haqida sukut saqlashni ma’qul ko‘rmoqda. Faqatgina oktabr oyining boshlarida parlamentdagi boshqa deputatlarning talabi bilan Nodira Qodirovaning o‘limiga qisqacha izoh berdi. U Nodira o‘z joniga qasd qilganini va oxirgi ikki-uch oyda qizning ruhiy holati yaxshi bo‘lmaganini aytdi.

Marhumaning akasi deputatning bu iddaosini qat’iy rad etadi. Bundan tashqari, Muhammadali Qodirov matbuotda hodisadan keyin deputat Shirin Unal unga pul bergani haqida tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.

"Shirin Unal – qo‘li uzun odam"

Turkiyalik jurnalist Ismoil Ari “Amerika Ovozi” bilan suhbatda deputat Shirin Unalni qo‘li uzun kishi sifatida tasvirlab, u Nodira Qodirova bilan bog‘liq tergov va sud jarayoniga ta’sir ko‘rsata oladigan kuchga egaligini aytdi.

“Shirin Unal sobiq general, martabasi baland odam. Adolat va taraqqiyot partiyasining ichida nufuzli shaxs ekani, armiyadagi generallarga ta’sir ko‘rsata olishi aytiladi. U partiya uchun muhim odam. Prezidentga, Ichki ishlar vaziriga yaqin. Shu paytgacha unga biror vazirlik lavozimi berilmagan bo‘lsa-da, partiya uchun ahamiyatga ega shaxs. Shirin Unalni eng kamida qurol saqlashda e’tiborsizlik qilgani uchun ham jazoga tortsa bo‘ladi, tushunishim bo‘yicha, hatto buni ham istashmayapti”, – deydi jurnalist.

Muhammadali Qodirov ham singlisining o‘limi bilan bog‘liq ish adolatli yakun topishiga ishonmasligini va mazkur hodisa bo‘yicha O‘zbekiston davlat idoralari tomonidan hech qanday yordam ko‘rsatilmaganini bildirdi.

Joriy yilning 8-noyabrida Turkiyaning Toshkentdagi elchisi Mehmet Sureyya Er O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilib, Nodira Qodirovaning o‘limi bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha tushuntirish berishi so‘raldi. Elchi Turkiyaning tegishli idoralari har tomonlama va sinchkovlik bilan tergov o‘tkazayotganini, ushbu ishga doir barcha holatlar o‘rganilayotganini aytgan. Muhammadali Qodirov esa turk elchisining vazirlikka chaqirtirilganini shunchaki rasmiyatchilik deb atadi.

“Ishonchim yo‘q, adolatli natija bo‘lishiga ishonmayman. Lekin xafa ham emasman. Turklar aytyapti, nega biz shunchalik kurash olib boryapmiz, lekin nega O‘zbekiston tomonidan hech qanday chora-tadbirlar ko‘rilmayapti, deb. Yetti yot begonalar harakat qilayotgan paytda o‘zimiznikilar qo‘l qovushtirib turibdi. Na mahalla qo‘mitasi, na uchastka noziri, na Tashqi ishlar vazirligi, na Ichki ishlar vazirligi qiziqdi. Hatto prezident qabulxonasigacha bordik, portalga xat ham tashladik. Bizning ish viloyat prokuraturasiga yuborilibdi. Prokuraturadan aytishdiki, bu voqea O‘zbekiston hududida sodir bo‘lmagani uchun bizda hech qanday chora-tadbir ko‘rilmaydi. O‘ta Chirqchiq tumanida, prokuraturadagi Dilshod ismli xodimning gapi bu. Axir, bitta mening singlimning jasadi emas, qanchadan-qancha jasad kelyapti. Turkyadan kelyapti. Singlimning jasadi bilan birga 25 yashar xorazmlikning ham jasadi keldi. Bularga kim javob beradi? Jasadlar kelaveradimi? Fuqarolarimizning o‘ligi kelaveradimi?..” – deydi Muhammadali Qodirov.

"Egasiz xalqning obro‘si bo‘lmaydi…"

Istanbul shahrida ilmiy tadqiqot olib borayotgan Dilara Yunusning ta’kidlashicha, Nodira Qodirovaning o‘limi mehnat muhojirlari orasida oxirgi olti oy yoki bir yil ichida yuz bergan birinchi o‘lim hodisasi emas. Ammo O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, elchixonalari va konsulliklari bu hodisalarga yetarli darajada e’tibor qaratmayapti. Dilara Yunus xorijda yurgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari duch kelayotgan kamsitishlar va noo‘rin munosabatlarni hukumatning o‘z fuqarolariga nisbatan e’tiborsizligi bilan bog‘laydi.

“Nodira Qodirovaning o‘limidan keyin ilk kunlarda uning yaqin dugonasiga (huquq-tartibot idoralari vakillari tomonidan) sen uni nojo‘ya yo‘llarga, fahshga olib yurarmiding, degan savol berilib, bu atayin ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishga urinildi. G‘ururi bor barcha o‘zbeklarga savol: Germaniya yoki Amerika demay, (agar Nodira) Qozog‘iston yoki Rossiya fuqarosi bo‘lganida, bunday savol berishga biror kishi jur’at qila olarmidi?.. Buning asosiy sabablari nimada? Mehnat muhojirligi Mehnat vazirligi tomonidan tartibga solinmagani oqibatida ko‘pgina yurtdoshlarimiz bu yerdagi rasmiylashtirish ishlarini bilishmagani tufayli noto‘g‘ri qo‘llarga tushib qolyapti. Ikkinchidan, bu bizning xalqimizga nisbatan, bizning diplomatiyamizga nisbatan munosabat. Xalqda bir maqol bor, uyatroq bo‘lsa ham aytay: egasiz qizga yetti mahalla o‘ynash bo‘ladi, deyishadi. Egasi bor yurtga, xalqqa bunday so‘zlarni aytishga hech kim jur’at qilolmaydi. Qarashdiki, aytilgan fikr hech qanday kuchga ega emas, shundan so‘ng Nodiraning ruhiy holati yaxshi bo‘lmagan, ruhiy xasta edi degan ma’noda gap tarqatishga harakat qilindi. Bularning barchasi bizning davlatimiz, bizning milliy portretimizga nisbatan munosbatdir”, – deydi olima.

Dilara Yunus mehnat muhojirligini kamaytirish uchun O‘zbekistonda ish o‘rinlarini ko‘paytirish kerakligini aytadi. Uning fikricha, bugungi kunda buzib, qayta qurilayotgan “obod mahallalar” o‘rniga sanoat shaharchalari barpo etilganida edi, xalqqa ko‘proq foydasi tekkan va millionlab mehnat muhojirlarining bir qismini ish bilan ta’minlash mumkin bo’lardi:

“Men butun hokimlarimizdan chin dildan iltimos qilaman: (davlat tomonidan) berilayotgan katta mablag‘lar bilan sanoat shaharchlari quring va xalqning katta qismini ish bilan ta’minlang”.

Shuningdek, Dilara Yunus hukumatdagi mas’ullarni o‘z ishlariga vijdonan jondoshgan holda mehnat muhojilariga yordam berishga va ularni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG