Breaking News

IShIDning indoneziyalik sobiq a'zosi radikalizmga qarshi kurashmoqda


Naila Syafarina 2015-yil IShIDga qo'shilish uchun Suriyaga borgan. Hozir guruhni tark etgan; Indoneziyada yoshlarning radikallashishiga qarshi kurashmoqda.
Naila Syafarina 2015-yil IShIDga qo'shilish uchun Suriyaga borgan. Hozir guruhni tark etgan; Indoneziyada yoshlarning radikallashishiga qarshi kurashmoqda.

Naila Syafarina oilasi bilan "Islomiy davlat"ga qo'shilish uchun Suriyaga jo'nab ketganda 19 yosh edi.

Hammasi ukasi internet orqali o'qish uchun diniy manbalar qidirishidan boshlandi.

"Ukam payg'ambar davridagidek yashashni istab, diniy ilm qidira boshladi. Internet orqali bir odam bilan tanishib, undan bunday hayotni IShID guruhi yashayotganini o'rgandi. Shuning uchun u yerga borishni xohladi", - dedi Naila Indoneziyada yoshlar bilan bo'lgan uchrashuvda.

Nailaning ukasi nihoyat butun oilani Suriyaga ketishga ko'ndirdi. Ammo u yerdagi hayot guruh va'da qilgan narsadan mutlaqo boshqacha edi.

Urush o'chog'idan qochishga ahd qilgan oila 2017-yil Indoneziyaga qaytishga muvaffaq bo'ldi.

Hozir 23 ga kirgan Naila o'zi kabi bir qator sobiq IShID a'zolari bilan yoshlarni onlayn radikalizm xavfidan ogoh qilish bilan shug'ullanmoqda. Dunyoning eng katta musulmon mamlakati bo'lgan Indoneziyada yoshlar orasida so'nggi yillarda radikalizm tahdidi oshib borayotgani aytiladi.

U Indoneziya bo'ylab yurib, yoshlarni internetdan ma'lumot olishda ehtiyot bo'lishga undamoqda.

"Ikkinchi va uchinchi variantlarni ham qidiring. Topgan narsangizni darhol qabul qilmang, tanqidiy-tahliliy o'ylang", - dedi Naila odamlarni tafakkur qilishga undovchi Qur'on oyatlaridan misol keltirib.

Suriyadan qaytish

Naila Suriyada yashab qaytgan yuzlab indoneziyaliklardan biri.

Zo'ravon ekstremizmga qarshi fuqarolik jamiyati ma'lumotiga ko'ra, Suriyaga borib IShIDga qo'shilgan va so'ng vataniga qaytgan 600 dan ziyod indoneziyalik bor.

"Ulardan 20 foizi jamiyat bilan qayta integratsiya qilishga tayyor", - deydi tashkiot rahbari Mira Kusumarini.

Indoneziya rasmiylarining aytishicha, asli indoneziyalik 30 tacha IShID a'zosi hozir Suriyadagi kurd harbiy bo'linmalari tomonidan asirlikka olingan. Kurdlarning Suriya Demokratik kuchlari qo'lida 2000 dan ortiq xorijlik jangari borligi aytiladi.

Suriyadan vataniga qaytgan sobiq IShID a'zolari Indoneziyaning Terrorizmga qarshi kurash milliy agentligi tashkil etgan deradikallashish kurslaridan o'tmoqda.

Ekspertlarning aytishicha, Indoneziyada va dunyo bo'ylab yoshlar orasida radikalizmni yoyishda internet eng mashhur qurol vazifasini o'tamoqda.

"Facebook" va "Twitter" kabi kompaniyalar so'nggi paytlarda internetdagi ektremist guruhlar sahifalarini o'chirish choralarini kuchaytirmoqda. Ichki aloqa va odam yollash uchun IShID hanuz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi aytiladi.

Jorj Vashington universiteti iyun oyida e'lon qilgan hisobotga ko'ra, Telegram "IShIDga xayrixoh ma'lumotlar tarqatish uchun barqaror onlayn platforma bo'lib, u ekstremistik tarmoqlar qurish tizimi, samarali va maxfiy aloqa vositasi hamda yangi IShID a'zolarini yollash forumi hisoblanadi".

Da'vatchilar ishtiroki

Indoneziya rasmiylarining aytishicha, radikalizmga qarshi dasturlarga diniy arboblar ham jalb etilmoqda.

Yoshlar orasida tanilgan da'vatchi Habib Husayn Ja'far al-Hadar internetda radikalimzga yetaklovchi ma'lumotlarni kamaytirishning uch yo'lini taklif qiladi.

"Agar diniy mav'izalar qidirayotgan bo'lsangiz, manbaning aniqligiga va da'vatchining qanchalik taniqli ekaniga e'tibor qarating", - deydi u.

"Ikkinchidan, - deya qo'shimcha qiladi u. - ma'ruza muhabbatni targ'ib qilyaptimi yoki nafratni? Agar salbiy tonda yetkazilgan bo'lsa, hatto to'g'ri bo'lsa ham, uni rad etish huquqiga egasiz. Payg'ambar tavoze'li xulq bilan yuborilgan".

"Uchinchidan, ma'ruza zo'ravonlikni targ'ib qilsa, uni tark eting. Har bir insonga Xudoning muhabbatiga to'la yurak berilgan", - deydi al-Hadar.

Al-Hadar mo'tadil islomga chorlovchi 70 dan ortiq videolar tayyorlagan.

Yoshlar orasida faol targ'ibot olib borayotgan Nailaning aytishicha, ekstremizmni to'xtatishning yana bir yo'li e'tiqodlararo muloqotni kuchaytirishdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG