Breaking News

Toshkent ekstremizmga qarshi ma'rifat bilan kurashmoqchi


Toshkentdagi Hastimom masjidi

Toshkentda BMT, YXHT, Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro tashkilotlar, G’arb va Sharq davlatlari vakillari ishtirokida tajovuzkor ekstremizm va radikalizm tahdidi muhokama qilingan yirik xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi. Unda ma’rifat vositasida yoshlarni tajovuzkor radikalizmdan asrash Prezident Shavkat Mirziyoyevning diniy ekstremizmga qarshi taqdim etayotgan dasturidan asosiy o'rin olgani aytildi.

O'zbekistonning ekstremizmga qarshi yangi siyosati
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:26 0:00

Oliy Majlisning anjuman yuzasidan tarqatgan ma’lumotida ta’kidlanishicha, dunyo bo’ylab terrorizm tahdidi oshib borishi bu xavfga qarshi hamjihatlikda kurashish ehtiyojini shakllantirmoqda. Bu borada O’zbekiston tutayotgan yo’l, ko’rayotgan chora-tadbirlar va prezident tashabbusi diqqatga sazovor, deyiladi xabarda.

Mirziyoyev xalqaro miqyosdagi chiqishlarida yoshlarni tajovuzkor ekstremizm, radikalizm ta’siridan asrashda kuch ishlatish natija bermaganini, yoshlar ongini ma’rifat bilan tarbiyalash orqaligina natijaga erishish mumkinligini ta’kidlab kelmoqda.

Jumladan, prezident BMT minbaridagi chiqishida xalqaro hamjamiyat diqqatini ekstremizm bilan bog’liq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshgacha bo’lgan yoshlar tomonidan sodir etilayotganiga qaratgan.

Mirziyoyev tomonidan surilayotgan ekstremizmga qarshi ma’rifatni shakllantirish g’oyasi yangi emas, bu shior avvalgi tuzum davrida “jaholatga qarshi ma’rifat” shaklida ishlatib kelingan.

Haqiqatda Mirziyoyevning diniy vaziyatga doir siyosati shiorlar bilan emas, dindorlarga nisbatan munosabatni o’zgartirishga urinish bilan ko’zga tashlandi.

Huquq himoyachilari o’zgarishlar, nazorat yumshayotgani haqida gapirsa, ayrim dindorlar vaziyatda keskin o’zgarish qilinmaganini ta’kidlaydi.

Huquq himoyachisi Surat Ikromovga ko'ra, dindorlar prezidentning shaxsiy ko’rsatmasiga ko’ra afv etilib, qamoqxonadagilar soni tobora kamayib bormoqda.

“Hozir bir narsani kuzatish mumkin, qamoqdagi dindorlarni, shu 159, 244 bilan qamalganlar, ya’ni diniy e’tiqod bo’yicha o’tirganlarni tezroq ozod etishga harakat qilinmoqda yoki ularning ko’pchiligi manzil koloniyalariga ko’chirilmoqda. Men buni o’rganib ko’rdim. Qamoqxona ma’muriyatida ham qisqarishlar bo`lishi mumkin. Chunki avval mahbuslarning soniga yarasha xodimlar bo’lgan. Hozir esa mahbuslar kamayishi ortidan qamoqxona xodimlari ham qisqartirilishi haqida ma’lumot bor”, - deydi Ikromov.

Karimov davrida ekstremizmda ayblanib qidiruvga berilgan, siyosiy muhojirlikda yashayotgan dindorlardan biri Muhammadsolih Abutov yangi hokimiyat dindor qatlamga to’liq emas, nisbiy erkinliklar berayotganini aytadi:

“Karimov davrida ho'lu quruq hammasi birdan yondi. Endi g’alvirni ko’tarish kerak. Kim terrorist, kim dindor - buni aniqlash kerak. Yangi hokimiyat dindorlarga nisbiy bir erkinlik berayotgani kuzatiladi. Qora ro’yxatlar yo’qotilmoqda. Odamlar afv qilinmoqda. Bu, albatta, konstitutsiyada belgilangan huquq, ammo bundan qat’i nazar, diniy ekstremizmga qarshi kurashning eng samarali usuli ham shu diniy e’tiqod erkinligi ta’minlanishi, bu ekstremizmga qarshi eng mustahkam to’siq bo’ladi. Ammo hozirgi siyosat ham eski davrdan kelayotgan bir narsani, kimga, qaysi yo’nalishda e’tiqod qilish erkinligini chetlab o’tmoqda, davlat bunga aralashmasligi kerak”, - deydi Abutov.

Din, e’tiqod erkinligi ta’minlanishi O’zbekiston uchun og’riqli masalalardan biri sifatida qolmoqda, chorak asrga cho’zilgan turg’unlik yillari minglab diniy mahbuslar, ekstremizmda ayblanib qidiruvga berilgan yuzlab fuqarolar qatlami yuzaga chiqdi. Yangi hokimiyat bu qatlam kiruvchi ko’plab dindorlarni afv etdi, ammo “adashganlar”ga nisbatan qo’llanilayotgan bu afv diniy erkinlik kafolati sifatida qabul qilinayotgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG