Breaking News

Tahlil: Yaqin Sharqda yangi urush boshlanishi mumkinmi?


Eronliklar AQSh hujumida o'ldirilgan general Qosim Sulaymoniyni xotirlamoqda, Tehron, Eron, 2020-yil, 4-yanvar.

Eron generali Qosim Sulaymoniy o'ldirilgandan beri Tehron AQShdan qasos olinishi muqarrar ekanini aytmoqda. Ekspertlar orasida bunga shubha qiladiganlar kam. Tahlilchilarning aytishicha, Amerikaga qarshi qaratilgan xurujlar Iroq, Suriya, Livan yoki Yamanda ro'y berishi mumkin.

Generalni o'ldirish rejasi haqida oldindan ogohlantirilmagani haqida shikoyat qilayotgan mintaqadagi AQSh ittifoqchilari ehtimoliy hujumlarning oldini olish uchun xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda. Prezident Donald Trampning da'vo qilishicha, agar Tehron qarshi hujumga qo'l ursa, AQSh "tezkorlik va qattiqqo'llik bilan" bundan-da kuchli javob chorasini qo'llaydi. Prezident Eronning 52 manzili, xususan, madaniy obidalari nishonda ekani haqida ogohlantirgan.

Britaniya harbiylari Iroqdagi 400 ingliz harbiy xizmatchisini himoya qilish uchun mintaqaga qo'shimcha askar jo'natish masalasini ko'targan.

Bosh vazir Boris Jonson hozircha bu chorani yoqlamagan. U, aksincha, Iroqdagi mavjud askarlarni yaxshiroq qurollar bilan ta'minlab, ularning iroqliklarni treningdan o'tkazish missiyasini to'xtatib, Britaniya diplomatlarini himoya qilishga yo'naltirishni buyurdi.

London, shuningdek, Fors ko'rfazidagi neft tankerlarini qo'riqlash uchun mintaqaga qo'shimcha ikkita harbiy kema jo'natgan.

G'arbiy Yevropa davlatlari AQShning Iroqdagi kutilmagan amaliyotidan noroziligini izhor qilgan. Ayni paytda ular Tehronning qo'shni mamlakatdagi terror xurujlarida qo'li borligini inkor etmaydi. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Sulaymoniyning o'limi Yevropada ham ko'plab insonlar hayotining saqlab qolinishiga hissa qo'shadi.

Isroil harbiylari ham mudofaa choralarini kuchaytirmoqda. Sulaymoniy o'limi ortidan Eronda Isroilga qarshi tahdidlar ham yangradi.

Hizbullohdan tahdidlar

Hizbullohning livanlik rasmiysi eronlik yetakchilari kabi AQShdan olinadigan qasos muqarrar ekanini ta'kidladi.

Ko'plab tahlilchilar fikricha, Tehron marhum Sulaymoniy uslubini qo'llab, Yaqin Sharq va Afg'onistondagi amerikaliklarni nishonga oladi. General Sulaymoniy mintaqadagi turli guruhlarga ta'sir o'tkazib, ularni AQSh manfaatlariga qarshi yo'naltirishning mohir ustasi bo'lgan.

Eron Inqilobiy gvardiya kuchlari qo'mondoni general G'ulomali Abuhamza Hormuz bo'g'ozidagi neft kemalari nishonga olinishi mumkinligiga ham ishora qildi.

"Hormuz bo'g'ozi G'arb uchun muhim nuqta va u yerdan ko'plab Amerika harbiy kemalari o'tadi", - dedi u Eron rasmiy telekanaliga.

"Mintaqadagi muhim Amerika manzillari Eron tomonidan ancha ilgari aniqlab bo'lingan. Mintaqadagi 35 ta AQSh obyekti va Tel-Aviv bizning nishonimiz doirasida", - deya qo'shimcha qildi u.

Dastlabki hujum nuqtalari

AQShga qarshi xurujlarning ilk sahnasi Iroq bo'lishi mumkin. Tehron va u Iroqda qo'llab-quvvatlaydigan shia guruhlari allaqachon AQSh kuchlarining mamlakatni tark etishini talab qila boshladi. Sulaymoniy o'ldirilishidan oldin ham oktabrdan beri ular o'nlab hujumlar orqali AQSh askarlarini nishonga olayotgan edi. Eronga yaqin iroqlik qo'mondon Qays al-Kazalining aytishicha, dron hujumining bahosi Amerika harbiylarining Iroqni butunlay tark etishi bilan to'lanadi.

Iroq va Suriyadan tashqari, ehtimoliy nishonga olinadigan hududlar ro'yxati juda uzun va mutaxassislar AQSh-Eron ziddiyati oqibatlari yana qayerda va qachon bo'y ko'rsatishini tahlil qilish bilan band.

Fors ko'rfazida ishlaydigan G'arb kompaniyalari xodimlarining mintaqaga safarini cheklamoqda.

Ismini oshkor qilmagan AQSh rasmiysining "CNN"ga aytishicha, Eron qisqa va uzoq masofaga uchadigan ballistik raketalalarini hozirlash ishlarini jadallashtirgan.

Eron mintaqadagi AQSh ittifoqchilariga ham tahdid qilishi ehtimoli bor. Bu orqali u Vashington bilan hamkorlik qilish badali og'ir bo'lishini ko'rsatishga urinadi, deydi kuzatuvchilar.

Qatar Tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdulrahmon Al-Tani Eronni tinchlantirish uchun 4-yanvar kuni Tehronga jo'nagan. Chunki Sulaymoniyni o'ldirgan AQSh droni Qatardagi harbiy bazadan uchirilgan.

"Ilgari bunga o'xshash ish bo'lmagan, shu bois biz juda xavotirdamiz va noqulay ahvoldamiz", degan Al-Tani Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy bilan uchrashuvda.

Ushbu uchrashuv ortidan Ruhoniy bayonot chiqarib, qo'shni davlatlarni AQSh harakatini qoralashga chaqirdi. G'arb diplomatlarining aytishicha, Vashingtonning mintaqadagi hamkorlari - Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari AQSh ko'rgan choradan mamnunliklarini izhor qilgan, lekin bu haqda rasmiy ravishda bildirgani yo'q. Sentabr oyida Saudiya Arabistonidagi neft inshootlariga qilingan hujum uchun ham Eron ayblangan edi.

Eron nishonida turgan davlatlar

Qatarning Eron hujumiga uchrashi ehtimoli kam. Chunki Doxa so'nggi paytlarda mintaqa bo'yicha bir qator Eron diplomatik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlagan. Ammo Tehronning ashaddiy raqiblari sifatida ko'riladigan Saudiya Arabistoni va BAA nishonga olinishi mumkin.

"Iroqdan tashqari, Isroil va AQShning Fors ko'rfazidagi hamkorlari, ayniqsa, Bahrayn, BAA va Saudiya Eronning qarshi choralariga duchor bo'lishi mumkin", - deydi Vashingtonda joylashgan Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Charles Lister.

Saudiya Arabistoni va BAAga qarshi xurujlar Yamandagi hutiy isyonchilaridan kelishi mumkin, chunki bu hududda Tehron va Riyod mahalliy guruhlar orqali o'zaro urush olib bormoqda.

Razvedka bo'yicha rasmiylar Eronning kiber xurujlaridan ham xavotirda. 2017-yil Britaniya parlamenti kompyuter tizimiga qilingan kiber hujum ortida Tehron turgani taxmin qilinadi.

Yevropa davlatlari orasida Britaniyaga hujum qilinishi ehtimoli yuqori. Ushbu mamlakat rasmiylaridan birining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Eron Vashington va uning yevropalik ittifoqchilari munosabatini buzishdan manfaatdor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG