Breaking News

O'zbekistonning tashqi siyosatdagi pozitsiyasidan nimalarni kutish mumkin?


O'zbeksiton rahbari Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan. Toshkent, 19-oktabr, 2018.

Prezidentlar Mirziyoyev va Putin muzokarasiga chiqishi kutilayotgan masalalar Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Toshkentda muhokama qilinadi.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, prezidentning Rossiyaga safarini muhokama qilish uchun Toshkentga kelayotgan Sergey Lavrovni Shavkat Mirziyoyev qabul qiladi. Shuningdek, u Moskva davlat xalqaro aloqalar universitetining Toshkentdagi bo’limi faoliyati bilan tanishadi.

Rasmiy Toshkent Sergey Lavrov tashrifidan avval AQSh davlat kotibi Mayk Pomeoni qabul qilishni ko’zlayotgan edi. Ammo 5-6-yanvarga rejalangan bu tashrif AQSh-Eron o’rtasidagi ziddiyatlar bois Vashington tomonidan qoldirildi.

Markaziy Osiyoda raqobatda bo’lgan AQSh va Rossiya bosh diplomatlari tomonidan rejalangan bu safarlar Toshkentning geosiyosiy maydondagi nufuzi ortib borayotganidan darak sifatida ko’rilmoqda.

Ayniqsa, Toshkent mintaqaviy hamkorlik, integratsiyaviy loyihalarda, shuningdek, Afg’oniston bo’yicha ham faol tashabbus ko’rsata boshlagan so’nggi uch yillik ortidan O’zbekiston geosiyosiy jarayonlarda muhim maqom kasb eta boshlagani kuzatiladi.

Sharhlovchilarga ko’ra, O’zbekiston tashqi siyosatiga doir bugungi muhim masalalardan biri Toshkentning mintaqaviy yetakchilik maqomini qanchalik saqlab qola olishiga ham bog’liq. Ayniqsa, Prezident Mirziyoyev markaziy hokimiyatning tashqi siyosatdagi og’ishini anglatuvchi qarorga, Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo ittifoqiga kirishga hozirlik ko’rayotgani inobatga olinsa.

Toshkentlik sharhlovchi Farhod Tolipovga ko’ra, Prezident Mirziyoyevning Moskvaga safari jamoatchilik, xususan, ekspertlar tomonidan qiziqish bilan kutilmoqda. Bu safar mintaqadagi geosiyosiy vaziyatda muhim burilishlar yuz berishi mumkin.

“Sergey Lavrovning Toshkentga safari shu muhim uchrashuv oldidan lozim bo’lgan tashkiliy masalalar bilan bog’liq. Hozirgi diqqat asosan O’zbekistonning Yevrosiyo ittifoqiga qay tarzda kirishiga qaratilgan. Chunki ayrim qarashlarga ko’ra, bu to’laqonli a’zolik emas, kuzatuvchi maqomida ham bo’lishi mumkin. Demak, biz Moskva safari davomida O’zbekistonning kuzatuvchi maqomidagi ishtirokiga guvoh bo’lishimiz mumkin. Ammo a’zolik qanday maqomda bo’lmasin, bu ittifoqning nafaqat iqtisodiy, balki madaniy, siyosiy o’lchamlari borligini ta’kidlab o’tish kerak. Agarda to’laqonli a’zolik haqida gap ketadigan bo’lsa, bu boshqa bir jarayon, O’zbekiston ortidan Tojikiston ham qo’shiladi. Mintaqadagi vaziyat tubdan o’zgaradi”, - degan fikrda Farhod Tolipov.

O’zbekistonning Yevrosiyo ittifoqiga qo’shilishi ehtimoli anchadan buyon muhokamadan tushmayotgan mavzulardan hisoblanadi.

Bunga asosiy sabab jamoatchilikda Rossiya yetakchiligidagi ittifoqqa qo’shilishdan jiddiy xavotir mavjudligidir. Hozirgacha bu borada bir qator o’zbek rasmiylari, siyosiy partiyalar o’z pozitsiyalarini bildirishdi.

Yaqinda Prezident Mirziyoyev ham Yevrosiyo ittifoqiga qo’shilish masalasida o’z fikrini bildirdi. Xavotirlar o‘rinsizligi, O’zbekiston o’z mustaqilligini qo’ldan berib qo’ymasligini aytdi. Prezidenting bu fikri ittifoqqa qo‘shilish borasida so’nggi siyosiy qaror qilinganiga doir qarashlarni ham yuzaga chiqardi.

Toshkentning Yevrosiyo ittifoqiga qo’shilish qarori, shubhasiz, geosiyosiy ahamiyatga ham ega. Jumladan, mintaqadagi ikki qudrat AQSh va Rossiya manfaatlariga ham daxl qiladi.

AQSh Rossiya yetakchiligidagi tashkilotga a’zo O’zbekiston bilan emas, bu ittifoqdan mustaqil bo’lgan mamlakat bilan hamkorlik qilishni afzal ko’radi. Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlardan chetda bo’lib kelgan O’zbekistonning bu kabi ittifoqlarga qo’shilishi esa Moskva uchun shubhasiz yutuq.

“AQSh bu boradagi fikrini yashirib o’tirgani yo’q. Bir necha bor O’zbekistonning Yevrosiyo ittifoqiga qo’shilishini yoqlamasligi haqida ishora berdi. Hatto bu Jahon savdo tashkilotiga qo’shilishda muammo tug’dirishi mumkinligini ta’kidladi. AQShning pozitsiyasi ijobiy emas va buni tushunish mumkin. Chunki Yevrosiyo ittifoqi faqat iqtisodiy ittifoq emas, balki uzoq kelajakka mo’ljallangan geosiyosiy birlashma. Bu birlashmada, shubhasiz, ustuvor Rossiya o’z atrofiga o’ziga xayrixoh bo’lgan davlatlarni yig’moqda, ittifoqdoshlar guruhini tashkil etmoqda. Bu holatga AQSh-Rossiya o’rtasidagi taranglikdan kelib chiqib qarasak, geosiyosiy ziddiyat oydinlashadi”, deydi Farhod Tolipov.

O’zbekistonning AQSh va Rossiya bilan munosabatlari qanday rivojlanishi lozimligiga doir ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan munosabatlar jamoatchilikda bu borada aniq bir tasavvurlar shakllanganidan darak beradi.

Moskva bilan munosabatlar istiqboli, O’zbekistonning Yevrosiyo ittifoqiga kirishi mamlakat rivoji Rossiyanikiga o’xshash yo’lda davom etishidan darak sifatida qabul qilinayotgan bo’lsa, AQSh bilan aloqalar rivoji mamlakat taraqqiyotida erkinlik, demokratik qadriyatlarni muhim o’ringa chiqarishiga umidlar mavjud.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning 12-13-yanvar kunlari O’zbekistonda bo’lishi kutilmoqda.

Safardan asosiy maqsad Mirziyoyevning fevral oyi boshida Rossiyaga kutilayotgan tashrifi tafsilotlarini, bu safar davomida tomonlar o’rtasida muzokaraga chiqadigan mavzularni muhokama qilish hisoblanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG