Breaking News

Trampning urush vakolatini cheklovchi rezolyutsiya qabul qilindi


AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi

AQSh Vakillar palatasi Prezident Donald Trampning Eronga qarshi Kongress ruxsatisiz harbiy chora qo'llash vakolatini cheklovchi rezolyutsiya qabul qildi. Qonunchilarning 224 tasi uni yoqlagan, 194 tasi qarshi ovoz bergan.

Avvalroq Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Tramp ma'muriyatini qonunchilar bilan maslahatlashmasdan Eron generali Qosim Sulaymoniyni Iroq hududida o'ldirishga buyruq bergani uchun keskin tanqid qilgan edi. U hujumni "provokatsion va nomutanosib" deb atab, diplomatlar va xorijdagi amerikaliklar hayotini xavf ostiga qo'yganini aytdi.

Rezolyutsiyaga ko'ra, prezident Kongress ruxsatisiz Eronga qarshi harbiy chora qo'llashi mumkin emas. AQSh hududiga yoki qurolli kuchlariga kutilmagan tahdid yuz bergan va zudlik bilan chora ko'rishga to'g'ri kelgan holatlar bundan mustasno.

Oq uy so'zlovchisi Hogan Gidli rezolyutsiyani "noto'g'ri" va "bema'ni" deb atadi.

"Bu rezolyutsiya Eron va unga qarashli guruhlarning terror harakatlarini to'xtatish bo'yicha AQSh qurolli kuchlari imkoniyatini cheklaydi hamda prezidentning mintaqada davomiy tahdidlardan Amerikani va manfaatlarimizni himoya qilish vakolatiga halaqit beradi", - dedi u.

Vakillar palatasida prezidentga muxolif bo'lgan demokratlar ustun bo'lgani uchun rezolyutsiya qiyinchiliksiz o'tdi, ammo uning respublikachilar hukmron Senatdagi taqdiri noma'lum.

Ayni paytda Tramp ma'muriyati Sulaymoniyning o'ldirilishi zarur chora bo'lganini himoya qilishda davom etmoqda. Prezidentning 9-yanvar kuni jurnalistlarga aytishicha, Eron generali Bag'doddagi AQSh elchixonasini portlatishga tayyorlanayotgan bois o'ldirilgan.

"Ular elchixonamizni portlatishni o'ylayotgani uchun shu ishni qildik. Boshqa ma'lum sabablar uchun ham qildik. Kimdir o'ldi, harbiylarimizdan biri halok bo'ldi. Bir hafta oldin odamlar og'ir yaralangan edi", - dedi Tramp.

Bu orada Tehron xalqaro aeroporti yaqinida qulab tushgan samolyot Eron uchirgan raketa tufayli halokatga uchragan bo'lishi mumkinligi haqida bir qator davlatlar xabar berdi. AQSh rasmiylari bu ehtimolning yuqorini ekanini e'lon qilishi bilan, Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo ham bu ehtimolning bir necha manba orqali tasdiqlanganini aytdi. Shuningdek, Buyuk Britaniya hukumati ham bu taxminga qo'shildi.

Hozircha Eron bu iddaolarni rad etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG