Breaking News

Eron tinch namoyishchilarga o'q uzilganini rad etdi


Tehrondagi namoyishchilar, 2020-yil, 11-yanvar

Eron politsiyasi hukumatdan norozi namoyishchilarga qarshi o’q otilmaganini aytmoqda. Shanba kuni boshlangan namoyishlarida ba’zi odamlarning yaralangani, xavfsizlik kuchlari tomonidan otilgani haqida videolar paydo bo’lgan edi. Aholi 8-yanvar kuni Tehron aeroporti yaqinida Ukraina yo’lovchi samolyotining Eron harbiylari tomonidan urib tushirilganidan g’azabda. Rasmiylar fojia “inson xatosi” tufayli sodir bo’lganini aytmoqda.

Tehrondagi Sharif Texnika universiteti oldiga yig’ilgan namoyishchilar hukumatdan shaffoflik talab qildi.

“Bizga aniq ma’lumot kerak. Bu mamlakatda yillardan beri shaffoflik yo’q. Hammamizni aldab kelishdi. Qo’polligim uchun kechiring, lekin bizni eshakdek ezishdi”, - deydi namoyishchilardan biri.

Rasmiylar Tehron yaqinida qulab tushgan samolyotni Eron harbiylari urib tushirganini tan olgandan so’ng 11-yanvar kuni mamlakat bo’ylab namoyishlar boshlanib ketdi. Samolyot halokatga uchragan kuni Eron AQSh tomonidan o’ldirilgan generaldan qasos olish uchun Iroqdagi Amerika bazalariga raketa yog’dirgan edi.

“Ziyolilarimiz mamlakatni tashlab ketyapti va ularni samolyotda o’ldirishyapti. Agar bu xalqaro reys bo’lmaganda, nima bo’lganini bizga hech qachon aytishmagan bo’lardi”, - deydi yana bir namoyishchi.

Xalqaro hayot - 2020-yil, 14-yanvar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:20 0:00

Ba’zilar o’ldirilgan generalning suratlarini yirtib tashlagan. Politsiya ularni tarqatishga urindi.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Morgan Ortagusning aytishicha, Prezident Donald Tramp va Davlat kotibi Mayk Pompeo “Twitter” orqali Eron xalqini qo’llab-quvvatlab turibdi.

“Prezident, Davlat kotibi va men Eron xalqini qo’llab-quvvatlashimizning sababi shuki, ular 40 yillik noqobil va korrupsiyaga botgan rejim bilan yashamoqda. Bu rejim jangari guruhlarni, yadro qurollari dasturini va dunyo bo’ylab, ayniqsa, Yaqin Sharqda harbiy missiyalarni moliyalashni muhim vazifa deb biladi. Bu mablag’larni maktablar, kasalxonalar, ko’priklar kabi ishlarga sarflasa bo’lardi”, - deydi rasmiy.

Vashington Eron hukumatini tinch aholiga qarshi kuch qo’llamaslik haqida ogohlantirmoqda.

“Bir necha oy oldingi narsa yana yuz berishini xohlamaymiz. O’shanda tinch namoyish qilgani uchun kamida 1500 odam o’ldirilgan edi. Tinch yo’l bilan e’tiroz bildirgan kamida 10 ming odam hibsga olingan. Shu bois biz vaziyatni yaqindan kuzatyapmiz”, - dedi Ortagus.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish tinch aholiga o’q otilgani haqidagi da’volar to’liq tekshirilishini talab qilmoqda. Tehron politsiyasi rahbarining aytishicha, hech kimga o’q uzilmagan va bu borada politsiyachilarga aniq ko’rsatma berilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG