Breaking News

Tramp - impichment bilan yuzlashgan to'rtinchi prezident


Demokratlar Prezident Tramp lavozimdan olinishi kerak, degan talabni olg'a surmoqda

AQSh Vakillar palatasi Prezident Donald Trampni impichment qilish qarorida qat’iy. Lekin qonunchilar ham, Oq uy ham bu masala o’ta murakkab ekanini biladi. Trampdan oldingi bir necha prezident ham bu kunlarni boshdan kechirgan.

Prezident Tramp xavotirda emas. 1990-yillar oxirida o’sha paytdagi prezident Bill Klinton qanday yo’l tutgan bo’lsa, shunday taktikani ishga solmoqda.

Todd Belt, siyosatshunos:

“Oq uy pinagini buzmayapti: Prezident har kuni ishda. Chet el safarlari. Tinimsiz uchrashuvlar. Dolzarb masalalar muhokamasi. Tramp impichment qilinishim mumkin deya asabiylashib o’tirgani yo’q. Men xalqim xizmatidaman, deydi u, xalq meni saylagan va ishonadi”.

Boshqa tomondan esa Prezident Tramp Kongressdan kelayotgan har bir iltimos va talabni rad etmoqda, turli bahonalar bilan. 1970-yillarda Prezident Richard Nikson ham shunday qilgan edi. Nikson ishdan ketgan.

“Nikson boshida sal bosh egib, so’ralgan hujjatlarni bergan", - deydi ekspert Tomas Shvarts.

"Lekin bunday talablar davlat xavfsizligiga tahdid soladi, deya bahslashgan ham. Keyin Oliy sud aralashgan. Sud talabi bilan hamma narsa ochilgan va mojaro ko’lami naqadar kengligi va chuqurligi fosh etilgan. Niksonning Oq uydagi kuni bitgan”.

Richard Nikson impichment bilan yuzlashgan va 1974-yilda o'z xohishi bilan prezidentlikdan ketgan
Richard Nikson impichment bilan yuzlashgan va 1974-yilda o'z xohishi bilan prezidentlikdan ketgan

1974-yilda ham Vakillar palatasida demokratlar hukmron edi. Adliya qo’mitasi uch modda bo’yicha Niksonni prezidentlikka noloyiq deb topgan: adolatga qarshilik, vakolatini suiiste’mol qilganlik va Kongressni aldaganlik.

Tramp ham vakolatini suiiste’mol qilganlik va Kongressga yolg’on gapirganlikda ayblanmoqda.

Biror respublikachi impichment uchun ovoz bermagan. Klinton va Nikson paytida respublikachilar bu qadar tarafkash emas edi. Klinton ishdan olinmasin deya ovoz bergan respublikachilar anchagina edi. Niksonni esa respublikachilarning o’zi prezidentlikdan ketishga undagan.

Boshqa bir farqli jihati ham bor.

Siyosiy tahlilchi Tomas Shvarts:

“Richard Nikson paytida Amerika inqirozda edi – inflyatsiya, ishsizlik, iqtisodiy muammolar… Davlatning ahvoli chatoq edi. Bu esa prezident ishini eplay olmayapti degan ishonchni oshirgan. Unga nisbatan ishonch tushib ketgan. Odamlar Oq uydan, Prezident Niksondan norozi edi”.

Bill Klinton 1998-yilda Vakillar palatasida impichment qilingan, Senatda oqlangan
Bill Klinton 1998-yilda Vakillar palatasida impichment qilingan, Senatda oqlangan

Trampdan oldingi 44 prezidentdan uch nafari impichment bilan yuzlashgan.

1868-yilda Endryu Jonson, 1999-yilda Bill Klinton Senatda oqlangan. Nikson esa o’zi maq’ul ko’rib, ishdan bo’shagan.

Tramp ham Senatda impichment qilinmasligi mumkin, lekin jarayonning o’zi katta siyosiy, tarixiy dog’.

Siyosatshunos Larri Sabato:

“Endryu Jonson, Richard Nikson va Bill Klintonning nufuzi impichment jarayoni sabab tushib ketgan va tarix sahifalarida salbiy tarzda qayd etilgan. Senat ularni qutqargan, lekin o’tmish kechirmaydi”.

Impichment bilan yuzlashgan prezidentning partiyasi keyingi saylovda hamisha yutqazgan. Trampda ham shunday bo’ladimi? 2020-yilning kuzidagi saylovda bilamiz.

Endryu Jonson 1868-yilda Vakillar palatasida impichment qilingan lekin Senatda oqlangan
Endryu Jonson 1868-yilda Vakillar palatasida impichment qilingan lekin Senatda oqlangan

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG