Breaking News

Putinning konstitutsion o'zgarishlardan maqsadi nima?


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin (markazda) "OMON" xodimlari bilan

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin chorak asrda ilk bor taklif etilgan konstitutsion o’zgarishlarni tezroq amalga oshirishga urinmoqda. U 2024-yil prezidentlik muddati tugagandan keyin ham hokimiyatdagi ta’sirini saqlab qolishga urinayotgani aytiladi.

Putin o’tgan hafta Federal kengashga qilgan murojaatida kutilmagan o’zgarishlarni olg’a surdi.

Ularning eng muhimi – ko’plab vakolatlarni prezidentdan parlamentga o’tkazish hamda Xavfsizlik kengashiga konstitutsion kafolatlar berish.

“Rossiya oldida muhim, tarixiy vazifalar turibdi va unda barchaning ishtiroki muhim. Birgalikda biz hayotni yanada yaxshiroq qilamiz”, - dedi Putin.

Bu taklif ortidan prezidentning uzoq yillik maslakdoshi va Bosh vazir Dmitriy Medvedev hukumatni iste’foga chiqardi.

Uning o’rnini yangi qiyofa egalladi.

Federal Soliq xizmati rahbari bo’lgan Mixail Mishustin Rossiyaning ikkinchi qudratli shaxsi, yangi bosh vazir sifatida maydonga chiqdi.

“Hozircha u vazir siyosiy figura emas, balki hukumat rahbari sifatida texnik rolni bajarmoqda. Putinga shunday odam kerak. U siyosiy figuraga aylanadimi? Bu Putinning xohishiga bog’liq. Agar kerak bo’lsa, u shunday qiladi. Hojat bo’lmasa, u g’oyib bo’ladi”, - deydi tahlilchi Arkadiy Dubnov.

O’zgarishlar haqiqiymi yoki o’zgarmas asl mohiyatni yashirish uchun niqobmi?

Tahlilchilar fikricha, so’nggi takliflar Putinning 2024-yildan keyin ham hokimiyat tepasida ta’sirchan shaxs sifatida qolishini kafolatlaydi.

“Hozircha so’nggi qaror berilgani yo’q. Lekin maqsad 20 yil hukmronlik qilgan odamni o’zi xohlagancha tepada saqlash”, - deydi rossiyalik tahlilchi Anton Orex.

Putin ilgari ham hokimiyatda qolishning turli shakllarini sinab ko’rgan.

2008-yil u bosh vazirlik vazifasiga o’tib, ketma-ket ikki martadan ortiq prezidentlik qilmaslik haqidagi konstitutsion cheklovga rioya qildi. Bir muddat o’tgandan keyin esa yana prezidentlikka qaytdi.

Bu o’zgarishlar hokimiyatga qo’yilgan konstitutsion cheklovlarga yangi talqin berish sifatida ko’rilmoqda. Ammo buning o’ziga xos xatarlari bor, deydi ekspertlar.

“Putinning obro’si har oy pasayib borayotgan, ijtimoiy ziddiyatlar yuqori bo’lgan va iqtisodiy inqiroz yuz berayotgan bir paytda siyosiy islohotlarni amalga oshirish qiyin”, - deydi mustaqil ekspert Valeriy Solovey.

Putin olg’a surgan o’zgarishlar 12-aprel kuni referendumga qo’yiladi.

Muxolifat aholini qarshi ovoz berishga undamoqda. Buni oldindan bilgan Kreml o’z rejasini odamlarga yoqimli takliflar bilan boyitgan. Ya’ni oilalarga va nafaqaxo’rlarga beriladigan ijtimoiy yordam miqdorini oshirish ham taklif qilinmoqda.

Xalqaro hayot - 2020-yil, 22-yanvar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:59 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG