Breaking News

Pompeo kelasi hafta Yevropa va Markaziy Osiyoga boradi


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo

AQSh Davlat kotibi kelasi hafta Ukrainaga boradi. Yuqori martabali rasmiy Prezident Donald Trampga qarshi impichment jarayoni boshlangandan beri Kiyevga ilk bor tashrif buyurmoqda.

Senatda Tramp ustidan sud ishi davom etar ekan, Pompeo Yevropa va Markaziy Osiyoning besh davlatiga safar qiladi. Ushbu tashrif bungacha ikki marta qoldirilgan edi. Oxirgi marta Eron bilan yuz bergan harbiy ziddiyat tufayli Pompeo Vashingtondan chiqmaslikni lozim topgan.

AQSh Davlat kotibi Ukrainadan tashqari Britaniya, Belarus, Qozog'iston va O'zbekistonda ham bo'ladi.

O'z vakolatini suiiste'mol qilish va Kongress ishiga to'sqinlik qilish bo'yicha Trampga qo'yilgan ayblovlar markazida Ukraina turadi. Demokrat qonunchilar Trampni saylovda siyosiy maqsadlar yo'lida foydalanish uchun raqibi Jo Bayden oilasining Ukrainadagi ishlarini tekshirishni so'rab Kiyevga bosim o'tkazganlikda ayblamoqda.

Pompeo Kiyevda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi. Zelenskiy va Tramp o'rtasida 25-iyulda bo'lib o'tgan telefon muloqotida Tramp xorijiy davlat rahbaridan Jo Baydennig o'g'li Hanter Baydenning Ukrainada korrupsiyaga aralashganini tekshirishni so'ragan. Demokratlar buni shaxsiy siyosiy manfaat yo'lida amalga oshirilgan noqonuniy ish deb atab, Trampga qarshi impichment jarayonini boshlagan edi. Tramp hech qanday xato ish qilmaganini, telefondagi muloqot "mukammal" o'tganini aytadi.

Kiyev ayni paytda mamlakat sharqida Rossiya himoyasidagi ayirmachilar bilan kurash olib bormoqda. Pompeo bu tashrif orqali AQSh Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo'llab-quvvatlashda davom etishini yana bir bor namoyon etadi. U, shuningdek, janglarda halok bo'lgan Ukraina askarlari xotirasiga bag'ishlangan tadbirda ishtirok etishi kutilyapti.

Rasmiylardan biri Pompeo va Zelenskiy uchrashuvida korrupsiyaga qarshi kurash choralari muhokama qilinishini bildirdi. Ammo Ukraina energiya kompaniyasi boshqaruv kengashida bo'lgan Hanter Bayden ishi tilga olinishi yoki olinmasligi haqida ma'lumot bermadi.

Tashrif davomida Pompeo Ukraina fuqarolik jamiyati, din va biznes vakilari bilan ham uchrashishi, mamlakatdagi inson huquqlari, biznes muhiti va siyosiy islohotlar bilan tanishishi rejalangan.

31-yanvar kuni Pompeo Londonga borib, Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson bilan uchrashadi. Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etarkan, Vashington va London o'zaro savdo kelishuviga erishish niyatida.

Davlat kotibi so'ng Belarus, Qozog'iston va O'zbekistonga boradi. U 4-fevral kuni Kongressda Prezident Trampning xalqqa murojaati bo'ladigan kungacha Vashingtonga qaytishi rejalangan.

Minskda Pompeo AQSh-Belarus aloqalarini yanada yaxshilash masalalarini gaplashadi. Rossiya Qrimni Ukrainadan tortib olgandan beri Minsk G'arb bilan yaqinlashish yo'lidan bormoqda.

O'tgan yili sentabr oyida AQSh va Belarus 11 yillik tanaffusdan so'ng ilk bor o'zaro elchi almashgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG