Breaking News

Ulug'bek Haydarov: Korrupsiyaga qarshi kurashni Mirziyoyev o'z atrofidan boshlasin


Toshkent, 27-yanvar, 2020

Prezident Shavkat Mirziyoyevning korrupsiyaga qarshi kurash tashabbusi O’zbekistonda hukumatga, davlat idoralariga nisbatan ishonch masalasini muhokamaga chiqardi.

Parlamentga qilgan murojaatida korrupsiyaga qarshi kurashda prezidentga va parlamentga hisob beruvchi yangi davlat organi tuzish tashabbusi haqida gapirgan Mirziyoyev bu boradagi farmon hozirlanishi uchun tegishli idoralarga uch oy muhlat berdi.

Yaqinda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov prezidentning tashabbusini olqishladi.

Adliya vaziriga ko’ra, bu tashabbus ijrosi jamiyatda o’zgarish yasashi mumkin, faqat buning uchun korrupsiyaga qarshi kurash organining mustaqilligi, shaffofligi ta’minlanishi, amaldagi muqobil tizimlarga o’xshab qolmasligi uchun vakolatlari aniq belgilanishi kerak.

Mirziyoyev tashabbusi yuzasidan munosabatlarning barchasi ham olqishli emas, faollar atrofi korrupsiyaga moyil kadrlar bilan o’ralgani aytilayotgan prezidentda korrupsiyaga qarshi siyosiy iroda yetilganini shubhali baholashmoqda.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan jurnalist Ulug’bek Haydarov (Ulug'bek Ashur) O’zbekistondagi korrupsiyga doir bir qator maqolalar muallifi, bu tanqidlarning ayrimlari bevosita prezident yaqinlari, uning qarindoshlari haqida.

Haydarovga ko’ra, Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan qarindoshlarining bir nechtasi poytaxtga ko’chib kelgan, turli lavozimlarni egallab, qisqa fursatda yirik boylik orttirishga ham ulgurgan.

“Men atrofi korrupsiyaviy kadrlar bilan o’ralgan prezidentning bu tashabbusi samimiy ekanligiga ishonmayman. Chunki, uning o’zi kimlar eng yirik korrupsinerlar ekanligini juda yaxshi biladi. Mana Bosh vazir Abdulla Aripov haqida qancha gap bo’ldi, korrupsiya aralashganiga doir qancha gumonlar aytildi, lekin yonida olib qoldi, ishlayapti. Bundan tashqari men o’zim Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan uning qarindoshlari qanday mansablarga ko’tarilgani, va qisqa fursatda qanday qilib millionlab dollarga boyishganiga doir maqolalar qildim. Aksincha, prezidentning qarindoshi Abbos Mirziyoyev korrupsiyaga aloqadorlikda shubha qilingan maqolam ortidan, Jizzaxdagi manbalarimga nisbatan tazyiq kuchayib, mahkamaga ham tortishdi. Prezident rostdan ham korrupsiyaga qarshi kurashga kirishmoqchi bo’lsa, buni avvalo o’z atrofidagilardan boshlashi kerak, u qarindoshi bo’ladimi yoki yaqin do’stimi. Bunday bo’lmagan taqdirda, yangitdan turli organlar, strukturalar tuzishdan foyda yo’q”, - deydi Haydarov.

Toshkent, 27-yanvar, 2020
Toshkent, 27-yanvar, 2020

Mirziyoyev Oliy Majlis yig’ilishida bosh vazirlikka Abdulla Aripov nomzodini taqdim etar ekan, uning muqaddam korrupsiyaviy jinoyatlarda gumonlanganiga doir qarashlarni ham chetlab o’tmadi.

Abdulla Aripovni 20 yildan buyon bilishini aytgan prezident uni o’z ishini biladigan mutaxassis, turli tuhmatlarga uchrashidan qat’iy nazar sinmagan, yetuk malakali kadr sifatida tanishtirdi.

Xalqaro hisobotlarga ko’ra, O’zbekiston korrupsiya keng ildiz otgan mamlakat sifatida qolyapti. Jamiyatda, hokimiyat doiralarida keng tarqagan korrupsiyaga chek qo’yish, ildizi bilan tugatish Mirziyoeyv tomonidan e’lon qilgan strategik maqsadlardan biri.

Ayni paytda mamlakatdagi korrupsiyaga qarshi kurash vakolati Bosh prokuratura nazoratidagi idoralararo komissiya zimmasiga yuklatilgan.

Bosh prokuror Nig’matilla Yo’ldoshev dekabr oyida mazkur komissiyasi yig’ilishni o’tkazgan. Sog’liqni saqlash tizimidagi keng ko’lamli korrupsiyaviy holatlar fosh etilgani haqida jamoatchilikka hisobot bergan edi.

Tibbiyot sohasidagi ijtimoiy poraxo’liklar fosh etilgan bu hisobot jamoatchilikda haqiqiy korrupsiya miqyosi va darajasi e’tibordan chetda qolayotganiga doir e’tirozlar ham uyg’otgan edi.

Prezident taklif qilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashuvchi yangi organ tuzish, bu organ qanday o’zgarishlar qilishi mumkinligi muhokamaga chiqarilgan.

Toshkent, 27-yanvar, 2020
Toshkent, 27-yanvar, 2020

Adliya vaziri Davletov asosiy diqqatni bu organ mustaqilligi, shaffofligi, jumladan uning vakolatlariga qaratmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi yangi organ shakllanishida Adliya vazirligi muhim o’rin tutishi ham ehtimol.

Jamoatchilik bildirilayotgan mulohazalarda korrupsiyaga qarshi kurash organi kimlardan shakllanishi mumkinligiga, qaysi bir davlat idorasining o’zi korrupsiyadan xoliligiga doir munozaralarni uchratish mumkin.

Bu mulohazalar korrupsiyaga qarshi turish masalasida bir tomondan hukumatga, davlat idoralariga nisbatan ishonch pastligini ko’rsatsa, boshqa tomondan prezident tashabbusi ijtimoiy hayotdagi o’ta og’riqli muammoni nishonga olganidan ham darak beradi.

Hozircha korrupsiyaga qarshi kurash organi qanday shaklda, qanday vakolatda bo’lishi aniq emas, yangi organ faoliyatini aniqlashtirish uchun Prezident ma’muriyati va Qonunchilik palatasini tegishli qo’mitalariga uch oy muhlat berilgan.

Prezidentning tashabbusi ijroga ko’chgan taqdirda bu boradagi farmon mart oyi oxirlarida e’lon qilinishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG