Breaking News

Amerikaliklar prezidentlikka ayol kishini saylashga tayyormi?


Demokratlardan AQSh prezidentligiga nomzodlar bahsi, Nyu-Gempshir, AQSh, 2020-yil, 7-fevral
Demokratlardan AQSh prezidentligiga nomzodlar bahsi, Nyu-Gempshir, AQSh, 2020-yil, 7-fevral

2008-yilda amerikaliklar prezidentlikka oq tanli ayol - Hillary Klintonni emas, afro-amerikalik Barak Obamani sayladi. 2016-yildagi saylovda esa yana ayol nomzod emas, balki oq tanli erkak Donald Tramp g’alaba qozondi. Joriy yilda o’tkazilgan so’rovlarga ko’ra esa eng ko’p ovoz olayotgan ayol nomzod ham atigi 15 foiz ovozga ega chiqyapti.

Xo’sh bu numadan dalolat beradi?

“Amerikaliklar orasida irqqa nisbatan emas, jinsga nisbatan diskriminatsiya holati ko’proq uchraydi”, - deydi 2002-yilda Meriland shtati gubernatorligiga saylangan ilk afro-amerikalik Maykl Stil.

“Bu mamlakatda prezidentlikka nomzod “oq tanli erkak kishi” bo’lishi kerak degan strereotip bor. Chunki yuz yillardan beri shunday bo’lib kelgan. Saylovchilarning tasavvurida ham ayol kishini prezidentlikka saylash masalasi chiqqanda albatta ana shu to’siq oldingi o’ringa chiqadi”, - deydi Barbara Li Oila fondining tadqiqot va aloqalar masalalari direktori Amanda Xanter.

“Ijro hokimiyati idoralaridagi lavozimlarga saylanayotgan ayollar ikki tomonlama kampaniya olib borishga majbur – biri jamoatchilik ovozini olishga qaratilgan kampaniya bo’lsa, ikkinchisi donor va boshqalarni ular saylovda yutib chiqishi mumkinligiga ishontirishga qaratilgan kampaniya. Erkak nomzodlarga aksariyat hollarda lavozimga munosib nomzod sifatida qaralsa, ayollar munosib nomzod ekanligini qayta-qayta isbotlashiga to’g’ri keladi. Ayol va erkak nomzodlarga turlicha nazar bilan qaraladi”, - deya qo’shadi Xanter.

Prezidentlik uchun joriy poygalarda demokrat senator Elizabet Uorren raqibi senator Berni Sandersni o’zaro suhbatda “ayollar prezidentlikka saylana olmasligini” aytganlikda aybladi. Sanders bu da’voni rad etgan.

Saylovoldi debatlarida ishtirok etayotgan yana bir senator Eymi Klobushar fikricha, Indiana shtatidagi Saus-Bend shahri meri Pit Butejej singari siyosiy tajribaga ega bo’lmagan nomzod, agar ayol kishi bo’lganda, debat sahnalariga umuman chiqa olmagan bo’lardi.

Shimoliy Dakota shtatining sobiq senatori Heydi Heitkamp deydiki, Pit Butejej o’ziga xos g’oyalarga ega bo’lgan yosh iqtidorli siyosatchi. Shunday bo’sa-da, Heitkemp ham ayol nomzodlarga kelganda odamlar o’rtasida bir taraflama fikrlash mavjudligini qayd etadi.

“Esimda bor, 2000-yilda shtat gubernatorligiga nomzodim qo’yilganda kimdir meni “gubernatorlarga o’xshamasligim”ni aytgan”, - deydi sobiq qonunchi.

Shunday bo’lsa-da, uning fikricha, Hillari Klintonni 2016-yildagi saylovlarda prezidentlikka saylana olmaganligi sababini ko’pchilik ayol kishi ekanligi bilan bog’lashgani noto’g’ri. U shunchaki sahnaga haddan tashqari ko’p “muammolar” bilan keldi, deydi u.

Respublikachilar milliy qo’mitasi sobiq rahbari Maykl Stil nazarida, Hillari Klintonning siyosiy sahnaga “muammolar bilan kelgan” deb qaralishiga ham aynan uning ayol ekanligi sababchidir. Amerikada ayollarga hali ham puritan dunyoqarash bilan qaraydilar, deydi u.

Yaqinda Kvinipiak universiteti o’tkazgan so’rov natijalari senator Elizabet Uorrenning prezidentlikka saylanishi amri mahol, degan xulosani beradi. Uning aql-zakovati, iqtidoriga beriladigan baho yuqori ko’rsatkichlarni olgan bo’lsa-da, yetti foiz demokratlargina Uorren 2020-yilgi saylovlarda g’olib bo’lishi mumkin, deb ishonadilar.

Xo’sh, Amerika jamoatchiligi orasida ayollar haqida shakllangan stereotip borasidagi bu fikrlar qanchalik to’g’ri yoki noto’g’ri? Buni kuzgi savlovlarda ko’ramiz.

Ayni paytda har bir shtatda prezidentlikka da’vogarlarni saralash uchun ovoz berilmoqda. Demokratik partiyadan o’ndan ortiq nomzodlar ichidan atigi uchtasigina ayol.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG