Breaking News

Sayfulin va boshqalar Rossiya josusimi?


Mustaqillik maydoni, Toshkent.
Mustaqillik maydoni, Toshkent.

Toshkentda O’zbekiston mustaqilligi, hududiy yaxlitligiga tahdidda Rossiya hisobiga josuslik qilganlikda ayblanayotgan guruh ustidan mahkama boshlangan.

Mudofaa, maxsus xizmatlar, hukumatda bo’lgan sobiq amaldorlardan iborat guruhga nisbatan jinoyat ishi Moskva tomonidan Toshkentga nisbatan bosim ortgan bir vaziyatda yuzaga chiqayotgani kuzatiladi.

Matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko’ra, ayblanayotgan guruh safida Qurolli kuchlar birlashgan shtab boshqarmasi boshlig’i Akbar Yarbabayev, shuningdek, jamoatchilikka tanilgan ekspert Rafik Sayfulin ham bor.

Mudofaa va xavfsizlik xizmatida lavozimda bo’lgan bir qator xodimlardan iborat davlatga xiyonat bo’yicha jinoyat ishi shu oy boshida mahkamaga oshirilgan.

Mahkamaning dastlabki majlisi o’tkazilgani Oliy Sud tomonidan tasdiqlangan. Ammo yopiq shaklda kechayotgan jarayon haqida boshqa ma’lumot berilmagan.

Rossiya foydasiga josuslikda ayblanayotganlardan biri Qurolli kuchlar birlashgan shtabi boshqarmasi boshlig’i Akbar Yarbabaev harbiy ta’limni Rossiyada olgan. 1993- yildan boshlab O’zbekiston mudofaa vazirligi tizimida xizmat qilib kelgan. Uning “Shon-sharaf” ordeni sohibi ekanligi qayd etilgan.

Josuslik aybi bilan mahkamaga tortilganlardan yana biri jamoatchilikda ancha taniqli bo’lgan ekspertlardan biri - Rafik Sayfulin. Bir muddat avval u O’zbekiston prezidenti huzuridagi strategik tadqiqotlar institutini boshqargan.

“Ozodlik” radiosiga ko’ra, Rafik Sayfulin ma’lum muddat O’zbekiston xavfsizlik xizmati tarkibida ham faoliyat yuritgan. Xususan, DXX sobiq rahbari Rustam Inoyatovga yaqin bo’lgan mulozimlardan.

O’zbekiston mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, mudofaa va xavfsizligiga tahdid soluvchi davlat sirlarini josuslik yo’li bilan Rossiya vakillariga yetkazishda ayblanayotgan guruh ustidan boshlangan mahkamaga nisbatan hozircha Moskva tomonidan biror munosabat kuzatilmagan.

Davlatga xiyonatga doir mahkama ishi Moskva-Toshkent aloqalari hal qiluvchi pallaga kirgan, O’zbekiston Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo ittifoqiga qo‘shilishi bilan bog’liq vaziyat rasmiy muzokaralar jarayonida turgan bir paytda o’tmoqda.

Ikki davlat o’rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilikka doir bitimlar imzolangani, aloqalar so’nggi uch yilda muttasil rivojlanib kelgani, Toshkent Moskva yetakchiligidagi tashkilotlarga qaytishi, Rossiya O’zbekistonda atom stansiyasi qurishi muhokama qilinayotgan bir vaziyatda bu mahkama ikki o’rtadagi munosabatlarda ziddiyat vujudga kelayotganidan darak beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil fevral oyida Rossiyaga rejalangan tashrifi amalga oshmagani, buning sabablari rasmiy Toshkent tomonidan izohsiz qoldirilgani ham shu jinoyat ishi bilan bog’liqligini ehtimol qilish mumkin.

Matbuotda 5-fevralga belgilangani e’lon qilingan Prezident Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi doirasida O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi masalasi hal bo’lishi kutilayotgan edi.

Ammo yanvar oyi oxirida Mirziyoyev parlamentga qilgan murojaatida kutilmaganda O’zbekiston bu tashkilotga faqat kuzatuvchi maqomida qo’shilishi mumkinligi haqida bayonot berdi.

Prezident bungacha jamoatchilikni katta integratsiyaviy tashkilotlarga qo‘shilishdan, buning aslo mustaqillikka daxl qilmasligidan ogohlantirib kelgani, hukumat qoshidagi tadqiqot markazlari Yevrosiyo ittifoqiga qo’shilishning foydasi haqida hisobot e’lon qilishgani inobatga olinsa, bu boradagi siyosiy qaror ma’lum sabablarga ko’ra tez muddatda o’zgargani kuzatiladi.

Davlatga xiyonatga doir ayblov Mirziyoyev davrida yuzaga chiqayotgan navbatdagi mahkama.

Bundan avval sobiq diplomat Qodirjon Yusupovning jinoiy ishi yopiq tarzda ko’rib chiqilgan. U davlatga xiyonat qilishda aybdor deb topilib, 5,5 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Ruhiy kasallikdan aziyat chekkan sobiq diplomat Qodirjon Yusupovning ishi ham DXX tomonidan yuritilgan. Ammo uning aynan qaysi davlat foydasiga josuslik qilgani, kimga, qanday ma’lumot yetkazgani oshkor etilmagan edi.

Davlatga xiyonat qilish, davlat sirlarini sotish, boshqa davlat hisobiga josuslikda ayblash O’zbekistonda muntazam kuzatiladigan mahkamalardan hisoblanadi.

Ayniqsa, sobiq tuzum davrida bu ayblov bo’yicha mahkamalar mamlakatdagi siyosiy qarashlar, munosabatlarni belgilab kelgan ko’rsatkichlardan biri sifatida qayd qilingan.

Ammo hozirgacha bu kabi mahkamalar hukumatda, mudofaa vazirligi, davlat xavfsizlik xizmati tizimida lavozimli bir guruh zobitlar ustidan o’tkazilgani kuzatilmagan. Shu ma’noda bu mahkamani davlatga xiyonat, o’zga mamlakatga josuslik qilish amaliyotiga doir so’nggi yillardagi eng yirik jarayon deb atash mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG