Breaking News

Federal Qidiruv Byurosi: Ichki terrorizm AQSh uchun dolzarb muammo


Federal Qidiruv Byurosi direktori Kristofer Rey

2019-yil AQSh uchun so’nggi chorak asrda ichki terrorizm turidagi jinoyatlar tufayli eng ko’p kishi halok bo’lgan yil sifatida qayd etilgan. Irqiy zo’ravonlikka qarshi kurashni ustuvor vazifa deb bilamiz, deydi Kristofer Rey, Federal Qidiruv Byurosi (FQB) direktori.

So’nggi yillarda mamlakatda millatchilik va irqchilikka asoslangan, ayniqsa oq tanlilar tomonidan amalga oshirilgan jinoyatlar soni oshgan.

2019-yilda sodir etilgan besh alohida hujumda 39 nafar kishi nobud bo’lgan. 2018-yilda bu turdagi jinoyatchilikdan to’rt kishi o’lgan edi.

O’tgan yilgi eng halokatli voqealardan biri avgust oyida Texas shtatining El-Paso shahridagi supermarketda ro’y berib, unda 21 yoshli oq tanli millatchi lotin amerikaliklarga qarata o’q uzib, 22 kishining joniga qasd qilgan, yana 24 kishi tan jarohati olgan. Undan avvalroq, aprel oyida esa Kaliforniyada 19 yoshli yana bir millatchi sinagogada otishma boshlab, bir ayolni o’ldirgan, uch kishiga tan jarohati yetkazgan. Bularning barchasi o’zga millat, irq, dinga nisbatan nafrat oqibatida sodir bo’lgan jinoyatlardir.

AQSh tarixidagi ichki terrorizm bilan bog’liq eng qonli jinoyat 1995-yilda Oklaxoma shtatidagi voqea hisoblanadi. O’shanda sodir etilgan portlash 168 kishini hayotdan olib ketgan, 680 nafari yaralangan.

Minglab odamlar hayotiga zomin bo’lgan 2011-yil 11-sentabr voqeasi ketidan FQBning asosiy diqqati xalqaro terrorizmga qarshi kurashga qaratilgan edi. Al-Qoida va undan so’ng “Islomiy davlat” terror guruhlari tahdidi oldingi o’ringa chiqdi. “Islomiy davlat” yo’q qilingach AQShda ichki terrorizmga e’tibor oshmoqda.

FQB ichki ekstremizmni to’rt kategoriyaga ajratadi: irqiy va etnik nafratga asoslangan ekstremizm; anarxizm va hukumatga qarshi ekstremizm; abort va ekologiya jinoyatchiligi.

So’nggi yillarda FQB ichki terrorizmga qarshi kurash uchun sa’y-harakatlarni ikki karra kuchaytirdi. Agentlik direktori Kristofer Reyning aytishicha, 2020-yilda milliy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida “Islomiy davlat”ga qarshi kurashish mamlakat uchun qanchalik muhim bo’lsa, mamlakat ichida irqiy nafratga asoslangan ekstremizmga qarshi kurashish ham ana shunday muhim vazifalardan biri bo’lib qoladi.

FQB hozirda mamlakat bo’ylab ichki terrorizmga oid 1000 dan ortiq tekshiruv ishlari olib bormoqda. O’tgan oy “Beys” deb nomlangan millatchi guruhning uch a’zosi qo’lga olingan.

“Amerikada irqiy va etnik nafratga asoslangan jinoyatchilik eng katta xavflardan biri bo’lib qolmoqda”, - deydi Kristofer Rey.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG