Breaking News

Oltinsoy tumanidagi to'qnashuvga nima sabab bo'ldi?


Oltinsoy tumanidagi to'qnashuv. Bosh prokuratura e'lon qilgan surat. 16-fevral, 2020.

Oltinsoy tumanidagi to’qnashuv, bu ziddiyatga rasmiylarning munosabati o’zbek jamiyatida fuqarolar va hokimiyat o’rtasidagi munosabat haqida qizg’in munozara qo’zg’agan.

Ijtimoiy zo’ravonlik bilan kuzatilgan navbatdagi ziddiyat ham ko’chmas mulk, aholiga tegishli uy-joylarning to’satdan buzilishi mojarosi bilan bog’liq.

Tuman hokimiyati qaroriga ko’ra uyi buzilishga tushgan oltinosylik bir guruh aholi hokimiyat vakillariga, huquq-tartibot idoralariga zo’rlik qilishda ayblanmoqda.

Prokuratura va huquq tartibot idoralarining ziddiyat yuzasidan bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda norozilik bilan kutib olingan. Mojaroga parlament deputatining aralashishi esa zo’rlikka uchragan fuqarolarning hokimiyat vakillari qarshisida mutlaq himoyasiz qolishi mumkinligini ko’rsatgan.

Oltinsoydagi to’qnashuv tuman hokimiyatining ekin yerlariga uy-joy qurgan fuqarolarga tegishli mulkni ikki kun ichida buzib tashlashga doir ko’rsatmasi ortidan boshlangan.

Bu fuqarolarga tegishli uylarni buzgani kelgan hokimiyat vakillari keskin qarshilikka uchragan. Yordamga chaqirilgan huquq-tartibot xodimlari va mahalliy aholi o’rtasida to’qnashuv yuzaga kelgan. Har ikki tomondan jabrlanganlar borligi xabar qilinadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda to’qnashuvga doir tarqagan videolarda huquq-tartibot vakillari fuqarolarni avtobuslar tomon kuch bilan sudrab olib ketayotganini, aholi jiddiy qarshilik ko’rsatayotganini kuzatish mumkin.

Ko’chmas mulk, uy-joylarning hokimiyat qaroriga ko’ra buzilishiga nisbatan norozilik mamlakatdagi so’nggi ziddiyatlarning asosiy sababi bo’lib qolmoqda.

Avvalroq bir qo’lida bolta ushlab ko’ksiga prezident Shavkat Mirziyoyevning portretini yopishtirgancha buzilishga tushgan uyini himoya qilayotgan surxandaryolik ayol ijtimoiy tarmoqlarning qahramoniga aylangan edi.

Ayni paytda Oltinsoydagi to’qnashuv yuzasidan surishtiruv o’tkazilmoqda.

Prokuratura bayonotiga ko’ra, “Oq oltin manzarasi” fermer xo’jaligida paxta va g’allaga mo’ljallangan ekin yerlari noqununiy ravishda egallab olingan. Ayrim hududlarda yashash sharoitiga ega bo’lmagan uy-joylar qurilgan.

Holat tuman hokimligi tomonidan o’rganilgan. Fuqarolarga noqonuniy qurilgan uy-joyni buzib tashlash uchun ikki kun muhlat berilgan. Ammo tuman hokimiyatining ishchi guruhi aholi qurilishi yakunlanmagan uylarga yashash uchun ko’chib kirayotganini aniqlagan.

Shundan so’ng voqea joyiga kelgan ishchi guruh benzin, tayoq, belkurak, tosh va boshqa narsalar bilan qurollangan aholi tomonidan qarshilikka uchragani, vaziyatni nazorat qilish uchun tuman IBB xodimlari chaqirilgani aytiladi.

IIB boshqarmasi vaziyat yuzasidan tarqatgan bayonotida to’qnashuv davomida ikki nafar xodimi jarohatlangani, aybdorlar jazolanishini ta’kidlar ekan, mojaro davomida kaltaklangan fuqarolar bo’yicha biror izoh keltirmadi.

“Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi, parlament deputati Alisher Qodirovning AQShda hokimiyat vakillariga qarshilik bildirilganda, ko’rsatma bajarilmaganda otishga ruxsat berilgani, O’zbekistonda esa bunday emasligiga doir izohi esa ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi.

Oltinsoydagi to’qnashuv yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda munozaraga kirishgan parlament deputati tanqidlarga nisbatan “Siz meni saylamagansiz”, “Mendan hech narsa kutmang” degan fikrlar bildirdi. Ammo keyinchalik bu fikrlarini o’chirib tashladi.

Deputat huquq-tartibot idoralarini to’qnashuv yuzasidan keskin surishtiruv o’tkazishga, hokimiyat vakillariga bo’ysinmagan, qarshilik ko’rsatgan aybdorlarni keskin jazolashga chaqirdi. Alisher Oodirov ham o’z chiqishida mahalliy aholi orasida kaltaklanganlar borligini eslatmadi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralarga ko’ra, Oltinsoydagi fuqarolarning uy-joyi bir kunda qurilib qolmagan. Bu joyda qurilish borayotganidan mutasaddilar avvaldan yaxshi xabardor bo’lishgan.

Tanqidlar ekin yerlariga uy-joy, imorat qurishni taqiqlagan hukumat qaroriga ham qaratilgan. Ayniqsa, prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo’jaligini davlat buyurtmasidan, paxta va g’allani majburiy yetishtirish tizimidan ozod qilishga va’da bergani inobatga olinsa.

O’zbekistonda mulk daxlsizligi huquqlari toptalayotgani poytaxtda “Tashkent city” va shu kabi boshqa “citylar” qurilishi davrida yuzlab aholi o’z uylaridan majburiy ko’chirilishi ortidan keng muhokamaga chiqqan edi.

Keyinchalik “city” lar qurilishi bilan bog’liq muammo boshqa viloyatlarga, tumanlarga ham ko’chdi. Uylar buzilishidan norozi bo’lgan aholi qatlami tobora kengayib bordi.

Hukumat yuzlab aholini o’z joylaridan ko’chishga majbur qilgan bu qurilishlarga ehtiyojni aniq bir sabablar bilan izohlamagan. Ammo uy-joyi buzilayotgan aholi munosib ravishda to’lov olayotganini, uy- joy bilan ta’minlanayotganini bildirgan.

Olitinsoydagi mojaro yuzasidan ham tuman hokimiyati uyi buzilayotgan aholiga imorat uchun boshqa joydan yer taklif qilgani, ammo bu taklif qabul qilinmagani xabar qilinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG