Breaking News

Yakuniy sud Qirgʻiziston hukumati uchun katta imtihon


Qamoqdan surat

25-fevralda Qirgʻiziston Oliy sudi umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan huquq himoyachisi Azimjon Asqarovning kassatsiya arizasini koʻrib chiqadi. Qirgʻiziston janubida 2010-yildagi millatlararo nizolardan keyin umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan inson huquqlari faoli oʻz ishi qayta koʻrib chiqilishi arafasida xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari va Qirgʻiziston kuch ishlatar idoralariga ochiq murojaat bilan chiqdi.

Mazkur murojaatda Asqarov oʻziga oid jinoiy ishning xronikasini maʼlum qilgan. Shuningdek, u oʻz maktubida oʻzining aybsiz ekanini, oʻziga qoʻyilgan ayblov boʻyicha dalil yoʻqligini, Qirgʻiziston hukumati esa xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari oldidagi majburiyatlarini bajarmay kelayotganini taʼkidlab oʻtgan. Murojaat matni 10 sahifadan iborat boʻlib, unda Asqarov oʻzining qoʻlga olinishi va tergov qilinishi vaqtida qonunlar buzilgani, qiynoqlarga duchor boʻlgani haqida ham toʻxtalib oʻtgan.

Qirgʻiziston hukumati hozircha bu murojaatga hech qanday javob qaytargani yoʻq.

“25-fevralda oʻtuvchi sud majlisida sud nihoyat Asqarovning taqdirini hal qilishi kerak — u ozod qilinadi yoki koloniyaga qaytariladi. Bu nafaqat Asqarov uchun balki butun Qirgʻiziston hukumati uchun ham katta imtihon”, - deydi “Bir dunyo Qirgʻiziston” huquqni himoya qilish tashkilotining vakili Toleyqan Ismailova.

“Chindan ham adolat bormi bu mamlakatda? Oliy sud mustaqilmi? Oliy sud haqiqatdan ham har bir odamga xolis va adolatli boʻla oladimi? Sud BMTning Inson huquqlari qoʻmitasi tavsiyasini sinchiklab oʻrganib, qarab chiqsa bu barimiz uchun yutuq boʻlar edi. Ish adolatli koʻrilsa Asqarov uchungina emas, boshqa mazlum mahkumlarda ham hukumatga, yangi prezidentga nisbatan ishonch uygʻotgan boʻlar edi”, — deydi huquq himoyachisi.

Toleyqan Ismailova Qirgʻizistonda boʻlib oʻtgan ayrim sud majlislarida turli shaxslar tomonidan nizolar chiqarish, hatto advokatlarga nisbatan haqoratlar ishlatilish holatlari boʻlib kelganini va Asqarovning navbatdagi sudida bunday vaziyatlarga yoʻl qoʻymaslik uchun harakat qilinayotganini bildirdi.

“Qirgʻizistondagi har bir millat, har bir etnik guruh - Qirgʻiziston fuqarolari. Qirgʻiziston pasportiga ega har bir odam qonun oldida teng huquqli. Shuning uchun hech qanday diskriminatsiya boʻlmasligi uchun barcha harakatlarni koʻryapmiz. IIVga ham ichki va tashqi xavfsizlikni taʼminlab berishini soʻrab xat yozamiz. Chunki bari qonun doirasida boʻlishi kerak”, — deydi u.

Azimjon Asqarov Qirgʻizistonning Jalolobod viloyatida inson huquqlari himoyasi bilan shugʻullanib kelgan. 2010-yil iyun voqealaridan keyin ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish va militsiya xodimini oʻlimiga aybdorlikda gumon qilinib qoʻlga olingan. Barcha instansiyalardagi sudlar qaroriga koʻra u umrbod ozodlikdan mahrum qilingan.

Qirgʻizistonda yangi kodekslar kuchga kirishi munosabati bilan 2019-yil 30-iyul kuni uning ishi qayta koʻrib chiqilganiga qaramay, huquq himoyachisi ozod qilinmadi. Sudning bu qaroridan norozi boʻlgan Azimjon Asqarov kassatsiya shikoyatini bergan.

”Endi yakuniy qarorni Oliy sud chiqarishi kerak”, - deydi Asqarovning advokati Valeryan Vaxitov “Amerika ovozi” bilan suhbatda.

Advokat Qirgʻiziston hukumati BMTning inson huquqlari boʻyicha Qoʻmitasining huquq himoyachisining ishini qayta koʻrib chiqish borasidagi qarorini, shuningdek xalqaro majburiyatlarni bajarishidan umid qilishini aytadi.

“Mazkur jinoiy ishda, BMTning Inson huquqlari qoʻmitasining 2016-yil 31-martdagi qarori bor, unda hukumat tergov va sud jarayonida xalqaro huquqni buzgan. Inson huquqlari qoʻmitasi Qirgʻiziston hukumati qiynoqlarni qoʻllaganini, Asqarovga shafqatsiz va gʻayriinsoniy munosabatda boʻlganini tan oldi. Uning yuridik yordam olish imkoniyati yoʻq edi — uning advokatlari kaltaklandi va sud xolis boʻlmadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari qoʻmitasi Qirgʻiziston hukumatidan Asqarovni zudlik bilan ozod qilinishini, sudlanganligini bekor qilishni va unga tovon toʻlashni talab qilmoqda”, — deydi advokat Vaxitov.

Xalqaro huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar Azimjon Asqarov qamoqqa olinganidan beri bir necha bor bayonot berib, Qirgʻiziston rasmiylariga huquq himoyachisi ozod qilinishi kerak degan taklifni berib kelishadi.

Huquq himoyachisi va jurnalist Azimjon Asqarov hozir Chuy viloyatining 19-jazoni oʻtash muassasasida saqlanmoqda. U shu yili 69 yoshga toʻladi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG