Qirg'iziston saylovchilarining 42 foizi referendumda ovoz berdi


Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, kecha Qirg’izistonda o’tkazilgan referendumda hamda mahalliy kengashlar saylovlarida ro’yxatdagi fuqarolarning 42 foizdan ko’prog’i qatnashib, ularning qariyb sakson foizi mamlakat Konstitutsiyasiga kiritish taklif qilingan o’zgartirishlarni yoqlagan.

Aytish joizki, Konstitutsiyaga o’ttizga yaqin o’zgartirish kiritish, jumladan - bosh vazir vakolatlarini kengaytirish, inson huquqlari masalalarida xalqaro qonunlarning mamlakat qonunlaridan ustuvorligiga chek qo'yish g’oyasi respublika rahbariyati tashabbusi bilan olg’a surilgan edi. Mulozimlar va qator mahalliy ekspertlar ushbu qadam boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda o’lka mustaqilligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidlaydi.

Ayni paytda muxolifat hamda mahalliy nodavlat tashkilotlar o’z xavotirlarini izhor qilib, Konstitutsiyani o’zgartirishga qarshi chiqib kelgani ham ma’lum.

Bishkekdagi saylov uchastkalaridan biriga tashrif buyurgan prezident Almazbek Atambayev vatandoshlarning kamida o’ttiz foizi referendumda qanashishini umid qilayotganini aytgan. Mamlakat qonunlariga ko’ra, ko’rsatkich aynan ushbu bo’sag’adan oshsa, referendum bo’lib o’tgan hisoblanadi.

Jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, mamlakat rahbari bosh qomusga kiritilayotgan o’zgarishlar o’lka mustaqilligi uchun naqadar muhimligini yana bir bor urg’uladi. Uningcha, avvalgi Konstitutsiya xalqaro qonunlarning ustuvorligini qayd etganidan foydalanib, Azimjon Asqarovni qamoqdan bo’shatishni talab qilayotgan xalqaro tashkilotlar boshqalarni ham himoya ostiga olmasligiga hech kim kafil bo’la olmaydi. Ma’lumki, inson huquqlari faoli Asqarov 2010-yilgi xunrezlikka daxldor, deya umrbod qamoqqa hukm qilingan edi.

Ovoz berish uchun kelgan parlament raisi Chinibay Tursunbekov ko’zda tutilgan o’zgarishlar bosh vazir vakolatlarini kengaytirishi hamda oily boshqaruv butoqlari faoliyatini takomillashtirishini urg’uladi.

Referendum va mahalliy kengashlarga saylovlarni kuzatgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi va boshqa xalqaro uyushmalar vakillari jiddiy kamchiliklar va qonunbuzarliklar payqalmaganini aytishdi.

Mutaxassislar biometrik ma’lumotlar asosida ovoz berish usuli ayrim g’irrom amallar, masalan, qo’shib yozishlarga chek qoyganiga e’tibor qaratmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi axboroticha, eng sust ko'rsatkich O’sh shahrida qayd etildi. Ushbu shaharda ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning salkam o’ttiz foizigina saylov uchastkalariga kelgan.

Ayni paytda ayrim joylarda eski ma’muriy usullar qo’llangani haqida xabarlar kelmoqda. Mahalliy faollarning aytishicha, referendum kuni O’sh shahri atrofidagi qishloqlarda saylovchilar ishtirokini ta’minlash uchun maktab jamoalari jalb qilingan.

Davlat tasarrufidagi ommaviy axborot vositalarini suhbatga tortgan ekspertlar ko’zda tutilgan konstitutsion o’zgarishlarni olqishlaydi.

Referendum borasida boshqa fikrlar hozircha Qirg’iziston matbuotida uncha ko’zga tashlanmayapti.

XS
SM
MD
LG