Breaking News

Afg’onistonda Abdulla Abdulla o'z hukumatini tuzmoqda


Vitse-prezident general Abdulrashid Do'stum (o'ngda) bu safar Prezident Ashraf G'anining raqibi Abdulla Abdullani qo'llab-quvvatlamoqda.

Afg’onistonda saylov doirasidagi tortishuvlar avj olmoqda. Mustaqil saylov komissiyasi tomonidan saylangan prezident deb e’lon qilingan Ashraf G’ani qudratni rasman egallash ushun shoshilmoqda. Boshqa tomondan G’anining asosiy raqibi Abdulla Abdulla saylov natijalarini tan olmasdan, o’z hukumatini tashkil qilishga urinmoqda.

So'nggi vaziyat qanday?

Tortishuvlar davom etar ekan, G’ani bir tomonda, boshqa nomzodlarning deyarli barchasi ikkinchi tomonda. G’anidan boshqa hech bir nomzod saylov natijlarini tan olgani yo’q.

G'ani hukumatida bosh ijrochi lavozimida faoliyat olib borgan Abdulla Abdullaga ko'ra, e’lon qilingan natijlalar soxtalashtirilgan. U “barcha qatlamlarni o’z ichiga olgan” boshqa hukumat tashkil qilish niyatini bildirdi.

Ayrim viloyatlarda Abdulla Abdulla allaqachon o’z hukumati hokimlarini tayinlagan. Juzjon, Saripul, Panjsher, Bag’lon, Samangon viloyatlari shular jumlasidan.

Mahalliy hokimlar mustaqil boshqarmasi so'zlovchisining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Abdulla tomonidan viloyatlarga hokimlarning tayinlanishi noqonuniy.

Mazkur shaharlarda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Hukumat va Abdulla Abdulla tarafdori bo’lgan harbiylar shaharlarda joylashgan.

AQShning Afg’oniston sulhi bo’yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod tomonlar o'rtasida vositachilik qilmoqda. U Ashraf G’ani, Abdulla Abdulla, general Abdulrashid Do’stum, Rasul Sayyof, Muhammad Muhaqqiq kabi siyosiy rahbarlar bilan uchrashgan.

Xalilzod olib borayotgan muzokaralar hozircha natija bergani yo'q. Shibirg’onda bir necha soat general Do’stum va Xalilzod yopiq eshiklar ortida uchrashuv o'tkazgani ma'lum, ammo bu haqda xabar berilmadi.

Avvalgi saylovda Ahraf G'anining vitse-prezidenti sifatida saylovda qatnashgan Do'stum bu safar Abdullani qo'llab-quvvatlamoqda. Shimoliy viloyatlarda xalqqa tanishtirilgan hokimlar, norozilik namoyishlari o’tkazayotganlar va Abdulla “g’alaba”sini nishonlayotganlar ham general Do’stum tarafdorlari.

Ayrim nomzodlar saylov natijlari bekor qilinishini yoki barcha tomonlar ishtirokida koalitsion hukumat tashkil qilinishini talab qilmoqda.

G'ani qasamyodga hozirlanmoqda

Saylov g’olibi deb e’lon qilingan Muhammad Ashraf G’ani qasamyod qilish uchun tayyorgarlik ko’rmoqda. G’anining ommaga sizdirilgan, lekin hali e'lon qilinmagan farmonida 27-fevral kuni bo'ladigan qasamyod marosimi uchun tayyorgarlik ko’rilishi ta’kidlangan.

Bu xabar ortidan Abdulla Abdulla ham o’zining qasamyod marosimi uchun taraddud ko’rmoqda.

“Eshitishimizcha, Afg’oniston xalqi yaqin kunlar bir yoki ikkita qasamyod tadbiriga guvoh bo’larkan. Ishonamanki, bu tadbirlarda xorijiy davlatning siyosiy vakolatxonalari, xalqaro hamkorlar namoyandalari va Afg’onistonning aksariyat siyosiy faollari qatnashmaydi”, - deydi prezidentlikka nomzodlardan biri Rahmatulla Nabil.

Nabil siyosiy rahbarlarni birlashishga chaqiradi. “Hali ham kech emas”, - deydi u.

2014-yil o’tkazilgan prezidentlik saylovi ham siyosiy inqirozga yuz tutgan edi. Lekin kuzatuvchilar bu yilgi tortishuvlar boshqacha ekanini qayd etmoqda.

2014-yilda G’ani yoki Abdullaning hech biri qudrat tepasida emas edi. Boshqa tomondan, tortishuvlar saylov natijlari e’lon qilinmasdan avval boshlangan edi.

2014-yil AQSh vositachiligi bilan Abdulla va G’anining siyosiy kelishuvi natijasida “Milliy birdamlik” hukumati tashil qilingan edi.

Bu safar esa, asosiy tortishuvlar prezident saylovining yakuniy natijlari e’lon qilinishi ortidan boshlandi. Nizoning bir tomoni – Ashraf G’ani hokimiyat tepasida.

Vaziyat kun o’tishi bilan yomonlashib borar ekan, ichki urushlar boshlanishi e’htimoli ham yo’q emas.

Inqirozga yechim bormi?

Vaziyatning ikkita yechimi mavjud, deydi kuzatuvchilar. Ularga ko'ra, yo saylov komissiyasi “shubhali ovozlar”ni qayta ko’rib chiqishi kerak yoki G’ani va Abdulla yana kelishilgan hukumat tuzishi lozim.

Agar ovozlar qayta ko’rib chiqilsa, natijalar o’zgarishi mumkin. 30 000 shubhali ovoz bilan bog’liq qariyb 15 ming shikoyat qayd qilingan. Kamida 15 ming ovoz bekor qilinsa, saylov ikkinchi bosqichga o’tadi.

Bu orada AQSh va Tolibon o'rtasida zo'ravonlikni kamaytirish bo'yicha yetti kunlik sulh davom etmoqda. AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, hozircha isyonchi guruh sulh shartlariga rioya qilmoqda. Yetti kunlik sulh ortidan tomonlar o'rtasida 29-fevral kuni doimiy tinchlik kelishuvi imzolanishi kutilmoqda.

Qatar Tashqi ishlar vazirligi vakillari 23-fevral kuni Kobulga kelib, Prezident Ashraf G'ani va boshqa siyosiy namoyandalar bilan uchrashgan va tinchlik bitimini imzolash tadbiri haqida gaplashgan. Tadbir Qatar poytaxti Doxa shahrida bo'ladi.

AQSh va Tolibon tinchlik bitimini imzolasa, u ikki hafta ichida kuchga kirishi kutilyapti.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG