Breaking News

Demokratlar bahsi: Sanders Trampni yenga oladimi?


Demokratlar partiyasidan prezidentlik uchun nomzod Berni Sanders Janubiy Karolina shtatida o'tgan bahsda, 2020-yil, 25-fevral
Demokratlar partiyasidan prezidentlik uchun nomzod Berni Sanders Janubiy Karolina shtatida o'tgan bahsda, 2020-yil, 25-fevral

Janubiy Karolina shtatida o’tgan bahsda Demokratik partiyadan prezidentlik uchun nomzodlar poygada yetakchi Berni Sandersni nishonga oldi. Uning partiyadosh raqiblari da’vosiga ko’ra, sotsialist Sanders partiya nomzodligini qo’lga kiritsa, noyabrda bo’ladigan saylovda amaldagi prezident Donald Trampga yutqazadi.

“CBS News” telekanali mezoblik qilgan jonli efirda Vermont shtati senatori Berni Sandersdan Prezident Trampni saylovda qanday yenga olishi mumkinligi haqida so'rashdi.

“O’tgan yili o’rtacha ishchilar maoshi bir foizdan kamroq o’sdi. Odamlarning yarmi maoshdan maoshga zo’rg’a kun ko’ryapti. Bu Amerika xalqi uchun emas, bir foiz odamlar uchun ishlayotgan iqtisodiyot. Biz faqat saylovga donorlik qilayotgan boylar uchun emas, barcha uchun ishlaydigan iqtisodiyot yaratamiz”, - dedi Sanders.

Sanders keksalarga atalgan “Medicare” tibbiy sug’urta dasturini kengaytirib, uni yoshidan qat’i nazar, barchaga taqdim etishni va’da qilmoqda. Ammo raqiblari, xususan, Minnesota senatori Eymi Klobusharning aytishicha, Sandersning bunday va'dalari juda qimmatga tushadi.

“Hisobga to’g’ri kelmaydi. U har bir narsa joyida bo’lishini aytyapti, lekin bilib qo’ying, biz 60 trillion dollarga yaqin mablag’ haqida gaplashyapmiz. Uning barcha dasturlari qanchaga tushishini bilasizmi?” – dedi Klobushar.

“Bo’lmagan gap”, - dedi unga javoban Sanders.

“Bu nafaqat federal hukumat, balki butun Amerika iqtisodiyotidan uch karra katta raqam”, - dedi Klobushar.

Sobiq vitse-prezident Jo Bayden 2015-yil Charlston shahridagi qora tanlilar cherkovida yuz bergan otishmani yodga olib, Sanders o’tmishda qurol nazoratini kuchaytiruvchi qonunni yoqlamaganini tilga oldi.

“Berni Breydi qonuniga besh marta qarshi ovoz bergan va tekshirish vaqti 12 soat bo’lishini xohlagan. Yuz bergan to’qqizta o’limga uni mas’ul demoqchimasman, lekin tekshirish vaqti men taklif qilgandek ko’proq bo’lganda, qotil shu qurolni qo’lga kirita olmagan bo’lardi”, - dedi Bayden.

Sandersning Kuba yetakchisi Fidel Kastro kabi sotsialist diktatorlar haqida uzoq yillar ijobiy fikrda bo’lgani ham raqiblari tomoshidan nishonga olindi. Nyu-York sobiq meri Maykl Blumberg Sandersga hatto Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yordam bermoqda, deya da'vo qildi.

“Donald Tramp o’zining yaxshi prezident bo’lishini aytadi, men bunga qo’shilmayman. Vladimir Putin ham Donald Trampning prezident bo’lishini xohlaydi. Shu bois u Sandersga yordam beryapti, chunki Sanders unga yutqazadi”, - dedi Blumberg.

So’nggi bahs 54 delegatga ega Janubiy Karolina shtatidagi partiya saylovidan to’rt kun oldin bo’lib o’tdi. Bu shtatda, ommaviy so’rovlarga ko’ra, Jo Bayden Sandersdan biroz ustunlikka ega bo’lib, nomzodlar orasida yetakchilik qilmoqda. Kuzatuvchilarga ko’ra, Sanders Janubiy Karolinada ham g’oliblikni qo'lga kiritsa, 3-mart kuni bo’ladigan “super seshanba” oldidan yetakchilik maqomini yanada mustahkamlab oladi. “Super seshanba”da nomzodlar 14 shtatdan jami 1300 delegat uchun kurash olib boradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG