Breaking News

Said-Abdulaziz Yusupov ishi chalkashligicha qolmoqda


Said-Abdulaziz Yusupov Turkiyada (arxiv)

Jurnalist Said-Abdulaziz Yusupovning qamoq muddati 2,5 yillik axloq tuzatish jazosiga o’zgartirilgan. 28-yanvar kuni Toshkentda o’tgan yopiq mahkama sudya S. Sodiqov raisligida Yusupov ishi bo’yicha kiritilgan shikoyat arizasini ko’rib chiqqan.

Mahkama muqaddam belgilangan 6,6 yillik qamoq muddatini 2,5 yillik axloq tuzatish ishlariga jalb qilish jazosiga o’zgartirish, maoshining 25 foizini davlat hisobiga ushlab qolish sharti bilan jurnalistni ozodlikka chiqargan.

Hukm o’zgarishi jurnalistga belgilangan yirik jarima miqdorining bir qismi qoplanishi ortidan kuzatilgan.

Jarimaning O’zbekiston bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo’llab-quvvatlash jamoat fondi va Yusupovdan jabrlangan fuqaro foydasiga undirilishi ko’zda tutilgan.

Yusupovning yaqinlarining “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, axloq tuzatish jazosi bilan ozod etilgan jurnalist hamon tergov bosimidan xoli emas.

Said-Abdulaziz Yusupovning o’zi hozircha jamoatchilik bilan aloqaga chiqmagan, ammo jurnalist hibsda ekan ijtimoiy tarmoqlarda unga tegishli ko’rilgan bir nechta maktublar ochiqlangan edi.

Yaqinda esa matbuotda Yusupovning qamoqxonadagi sharoitlar haqida yozgan maqolasi e’lon qilindi.

Avval hibsxonada salomatligi jiddiy shikastlangani xabar qilingan jurnalist “Sangorod” nomi bilan tanilgan qamoqxona sharoiti, mahkumlarga nisbatan munosabat haqida yozgan maqolasida sharoitlardan hayratga tushgani, ayniqsa tibbiy xizmat darajasidan lol qolgani, tikanli simlar bilan o’ralganiga qaramasdan muassasa “farishtalar shaharchasiga” o’xshab tuyulgani haqida mulohaza qiladi.

“Sangorod” qamoqxonasida jazo o’tayotgan bir paytda yozilgan bu maqolada Said-Abdulaziz Yusupov mamlakatda dekabr oyida o’tgan parlament saylovlariga, xususan mahkumlarga ham saylovda qatnashish huquqi berilganini yuksak baholaydi.

28-yanvar kuni o’tgan yopiq mahkama qarorida ko’rsatilishicha, Said-Abdulaziz Yusupovga belgilangan 2,5 yillik axloq tuzatish jazosi muddati jazolar ijrosini nazorat qiluvchi organ belgilab bergan joyda mahkum ish boshlagan kundan boshlab hisoblanadi.

Mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlashdan mahrum qilingan Yusupovning oylik maoshining 25 foizi davlat jazo muddati davomida davlat hisobiga ushlab qolinishi belgilangan.

Ajrimda Said-Abdulaziz Yusupov muqaddam boshqargan idora - O’zbekiston bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo’llab-quvvatlash fondi fuqaroviy da’vogar sifatida ko’rsatilgan.

Yusupovdan undirilgan jarimaning bir qismi mazkur fond hisobiga, yana bir qismi esa jabrlanuvchi fuqaro A. Allamurotov foydasiga o’tkazilishi belgilangan.

Yirik miqdordagi moliyaviy firibgarlikda, pora olishda ayblangan Said-Abdulaziz Yusupov ustidan 6,6 yillik qamoq jazosi tayinlanishi haqidagi hukm 2019-yilning oktabr oyida o’qilgan.

Yopiq tarzda o’tgan mahkama tafsilotlari aniq emas.

Said-Abdulaziz Yusupov 2019-yilda Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan hibs qilingan, bu idoraga qarashli tergov hibsxonasida saqlanayotgan jurnalistga nisbatan turli bosimlar qo’llanganiga doir xabarlar ham tarqagan edi.

Yusupov hibsga olinishi ortidan uning ishiga doir matbuotga sizdirilgan ma’lumotlarda u o’zini jurnalistlarga Davlat xavfsizlik xodimi zobiti sifatida tanishtirgani, yonida qurol olib yurgani, firibgarlik yo’li bilan bir necha fuqarolardan yirik miqdorda pora olgani, pora olish aybi bilan muqaddam sudlangani aytilgan edi.

Yusupov hibsga olinishidan bir muddat avval Turkiyada bo’lgani, o’zbek muxolifati vakillari bilan muloqotga kirishgani, jurnalist shundan so’ng DXX tomonidan hibsga olinganiga doir qarashlar ham mavjud.

Yusupov hibsda ekan, uning yaqinlari jurnalist aybsizligi, tanqidiy chiqishlari uchun maxsus xizmatlar bosimiga uchrayotganini aytib, mamlakat prezidentiga ochiq murojaat bilan ham chiqishgan edi.

Yusupov ancha yillar marhum Prezident Islom Karimov qaroriga ko’ra ta’sis etilgan O’zbekiston bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo’llab-quvvatlash jamoat fondini boshqarib kelgan.

O’zbekiston matbuotiga doir turli tanlov, tadbirlar o’tkazish bilan shug’ullanib kelgan mazkur fond so’z erkinligi sohasida aniq bir pozitsiyasi bilan ajralib turmagan.

Ammo jurnalist Yusupovning o’zi mamlakatda hokimiyat almashib, matbuotida nisbiy erkinliklar boshlanar ekan bir qator tanqidiy chiqishlari, maqolalari bilan ko’zga tashlangan edi.

Yusupovning yaqinlariga ko’ra, axloq tuzatish jazosi bilan qamoqdan ozod qilingan jurnalistga nisbatan tergov qayta tiklanishi mumkinligiga doir xavotirlar mavjud.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG