Breaking News

Jurnalist Said-Abdulaziz Yusupov nimada ayblanmoqda?


Said-Abdulaziz Yusupov, O‘zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori

10-may kuni Toshkentda hibs qilingan jurnalist, O‘zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Said-Abdulaziz Yusupov firibgarlikda gumonlanmoqda. Ayni paytda Davlat Xavfsizlik xizmati (DXX) yerto’lasida saqlanayotgan jurnalist Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlarini qo’llab-quvvatlashga doir chiqishlari bilan tanilgan. DXXning mahalliy matbuotga bergan bayonotiga ko’ra, avval ham firibgarlik bo’yicha sudlangan Yusupov o’zini DXX xodimi sifatida tanishtirib, fuqarolardan katta miqdorda pul olgan.

Said-Abdulaziz Yusupov hibsda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:40 0:00

Ta’kidlanishicha, o’zini DXX vakili sifatida tanishtirib kelgan jurnalist firibgarlik yo’li bilan umumiy miqdorda 100 ming AQSh dollaridan oshiq pul undirishda ayblanmoqda. DXX jabrlanuvchilarni himoya qilish maqsadida shikoyatchilar kimligi ochiqlanmasligini aytgan.

Mahalliy matbuotga sizdirilgan bu xabarda Said-Abdulaziz Yusupovga tegishli deb ko’rilayotgan “Makarov” rusumli to’pponcha surati ham ilova qilingan.

DXXnng iddao qilishicha, Yusupov bu to’pponchadan jurnalistlarni DXX zobiti ekanligiga ishontirish uchun foydalangan, yonida olib yurgan.

“Ushbu qurol Yusupovning ofisi ko’zdan kechirilayotgan paytda protsessual tartibda musodara qilingan. Savol tug’iladi - jamoat tashkilotining vakili, jurnalistga qurol nima uchun kerak? Kimga qarshi qo’llamoqchi edi?” - deyiladi DXX tomonidan mahalliy matbuotga taqdim qilingan bayonotda.

Yusupov hibs qilinishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda uning Prezident Shavkat Mirziyoyevga atalgan murojaati paydo bo’ldi. Murojaatni jurnalistning ukasi Muhammad Bahouddin Yusupov e’lon qilgan.

2018-yilda yozilgan bu tasvirda Yusupov, agar murojaati ochiqlanayotgan ekan, demak u qamoqda, mamlakatdan chiqib ketgan yoki baxtsiz hodisa tufayli halok bo’lgan bo’lishi mumkinligidan ogohlantiradi.

Shuningdek, jurnalist huquq-tartibot idoralari faoliyatini tanqid ostiga oladi; bu idoralar hamon prezidentga dindorlarni tahdid sifatida taqdim etib kelayotganini ta’kidlaydi.

Said-Abdulazizning ukasi Muhammad Bahoduddinga ko’ra, Prezident Mirziyoyevga murojaat akasi tahdidlar bilan yuzlashgan paytda yozib qo’yilgan edi.

“Akam tahdidlar, tazyiqlardan kelib chiqib shu narsani oldindan tayyorlashga qaror qilgan. Hozir prezidentimizning adolatparvarligiga ishongani uchun shu narsani qilgan. Matbuotni kuzatayotgan bo’lsangiz, akam haqida yozayotganlarning 90 foizi uni yaxshi taniydi, hech kim bu ayblovlarga ishonayotgani yo’q. Biz ham umuman bu narsaga ishonayotganimiz yo’q, akam haqligiga shubhamiz yo’q. Bu narsaning ortida boshqa masalalar turibdi, bunga ishonaman. Akam davlatini, vatanini, prezidentini sevadigan inson”, - deydi Muhammad Bahouddin.

12-may kuni o’tgan mahkama DXXga qarashli tergov izolyatorida saqlanayotgan Said-Abdulaziz Yusupovni ehtiyot chorasi sifatida 10 kun qamoqda ushlash haqida qaror chiqargan.

Muhammad Bahouddin matbuotdagi ma’lumotlardan qat’i nazar, akasi aybsizligiga ishonishini, Prezident Mirziyoyevning adolatparvarligidan umid qilayotganini aytadi.

“Men bu narsalarga ishonmayman, mening munosabatim shu. Boshqa narsa demoqchi emasman, ishonmayman bularga. Bunaqa holat avval ham bo'lgan O’zbekistonda, bilsangiz kerak buni. Shuning uchun yana bir marta aytaman, akam bu narsalarni faqat hozirgi Prezidenti Shavkat Miromonovichning adolatparvarligiga ishonib, bu narsalarni yozgan. Men ham akam singari prezidentimizning adolatli ekaniga ishonaman va yaqin kunlarda akam ozodlikka chiqishiga umid qilib turibman”, - deydi Muhammad Bahouddin Yusupov.

Said-Abdulaziz Yusupovning onasiga nisbat berilgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioga ko'ra, jurnalist hibsga olinishi bilan uning uyiga kelib tintuv o'tkazishgan va tintuv paytida uning hisbga olingani aytilmagan.

Ayrim mulohazalarga ko’ra, Said-Abdulaziz Yusupov xorijdagi o’zbek muxolifati vakillari bilan muloqotga kirishishi ortidan xavfsizlik xizmati kuzatuviga olingan.

Said-Abdulaziz Yusupov hokimiyat almashishidan so’ng mamlakat siyosiy islohotlarga ham muhtojligi yuzasidan chiqishlar qilib kelayotgan jurnalistlardan biri edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG