Breaking News

ASEAN bilan aloqalardan Vashington qanday naf ko'radi?


ASEAN sammitida (chapdan o'ngga) Vyetnam, AQSh va Filippin rahbarlari. Manila, 13-noyabr, 2017.
ASEAN sammitida (chapdan o'ngga) Vyetnam, AQSh va Filippin rahbarlari. Manila, 13-noyabr, 2017.

AQSh va Janubi-g’arbiy Osiyo mintaqasining ASEAN tashkiloti doirasida birlashgan 10 mamlakati mart oyida sammit o’tkazadi. Vashington mintaqa mamlakatlari bilan aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishni rejalagan. Ekspertlar nazdida, Xitoy Janubi-g’arbiy Osiyoda ta’sir kuchini mustahkamlashga intilar ekan, AQShning bunga qarshi kurashishi uchun fursat yetgan.

Ayni damda Vashington 14-mart kuni Las-Vegasda o’tishi belgilangan sammitga hozirlik ko’rmoqda. AQSh rahbarining ASEAN liderlari bilan uchrashuvi ham kun tartibiga kiritilgan.

“AQSh-ASEAN munosabatlarida yuqori darajali muzokaralarga ehtiyoj sezilmoqda. Agar AQSh pozitsiyasi, xususan, mamlakat prezidenti va vazirlarining qarashlari mintaqa mamlakatlariga bildirilmas ekan, munosabatlar samara bermaydi. Bundan ikki tomon ham naf ko’rmaydi”, - deydi Meros fondining Milliy xavfsizlik bo’yicha vitse-prezidenti Jeyms Karafano.

Prezident Donald Tramp ASEAN liderlari va Sharqiy Osiyo mintaqasining 2017-yildagi an’anaviy sammitida qatnashgan. Biroq 2018-yilda Vitse-prezident Mayk Pensni, 2019-yilda esa Milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Robert Obrayenni o’z o’rniga jo’natgan. Sammitda Obrayen Trampning ASEAN yetakchilarini AQShga taklif etganini ma’lum qilgan edi.

“ASEAN bilan munosabatlar Vashingtonning Hind-Tinch okeni mintaqasi bo’yicha erkin va shaffof siyosati markazida turadi. Bunday uchrashuvlar aloqalarimizni davom ettirish, iqtisodiy va xavfsizlik yo’nalishidagi hamkorligimizni mustahkamlash uchun zamin yaratadi”, - deydi AQSh Davlat Departamenti matbuot kotibi Morgan Ortagus.

Tramp ma’muriyati ASEAN mamlakatlari bilan aloqani mustahkamlashdan chekinib, mintaqadagi ittifoqchilarining Xitoy bilan yaqinlashuviga imkoniyat yaratganlikda ayblanadi.

“Xitoy ASEAN mamlakatlarini o’z ta’sir doirasiga olish uchun hukumat darajasida kurashmoqda. Pekin mintaqaga ixtisoslashgan bo’limlarni tashkil etgan. Iqtisodiy qudratidan foydalanib, AQShning ittifoqchilari bilan munosabatini zaiflashtirishga intilmoqda”, - deydi ekspert Joshua Fit.

Tahlilchilar nazarida, Vashington bir sammit bilan muvozanatni o’zgartira olmaydi, lekin o’zaro aloqalarni tiklab olish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo’ladi.

“Prezident Tramp ASEANning naqadar muhim ekanini yaxshi biladi va mintaqaga alohida e’tibor qaratgan. Biz diqqatni ikki karra oshirayapmiz”, - deydi Davlat kotibining Iqtisodiy taraqqiyot, energetika va atrof-muhit bo’yicha yordamchisi Kit Krach.

Las-Vegas sammitida Janubiy Xitoy dengizida erkin harakatlanish, kiber xavfsizlik, xalqaro terrorizm, kontrabanda va infrastruktura taraqqiyotiga doir masalalar ko’rib chiqilishi kutilmoqda.

Shuningdek, tomonlar texnologiya, ayollar huquqlari va imkoniyatlarini mustahkamlash, Mekong mintaqasini rivojlantirish bo’yicha muzokaralar olib boradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG