Breaking News

Koronavirus: dunyo bo'ylab so'nggi vaziyat va raqamlar tahlili


Shanxay, Xitoy, 2020-yil, 6-mart

AQSh Kongressi koronavirusga qarshi kurash choralari uchun 8,3 mlrd. dollar ajratdi. Pulning bir qismi vaksina yaratishga sarflanadi.

Sog'liqni saqlash vaziri Aleks Azarning aytishicha, "Covid-19" virusini tekshirish uchun AQShdagi laboratoriyalarga shu hafta bir million test jihozlari jo'natiladi.

Joylarda ehtimoliy bemorlarni tekshirish uchun tibbiy jihozlar yetishmayotgani bois Tramp ma'muriyati tanqidlarga uchramoqda.

Vitse-prezident Mayk Pens ham virusni tekshirish moslamalari yetishmayotganini tan oldi, ammo so'nggi kunlarda bu kamchilikni bartaraf etish uchun ko'p ishlar qilinganini aytdi.

Pens Vashington shtatiga borib, gubernator Jey Insli bilan uchrashdi. Vashington ayni paytda AQShda koronavirus eng ko'p tarqalgan shtat bo'lib, bu yerda 10 dan ortiq o'lim qayd etilgan.

Beshta shtat - Merilend, Kaliforniya, Florida va Gavayi favqulodda holat e'lon qildi.

5-mart kuni Merilendning Montgomeri okrudiga virusga chalingan dastlabki uch bemor aniqlandi. Ularning barchasi virusni xorijda yuqtirgani aytilmoqda. Montgomeri okrugi poytaxt Vashingtonga qo’shni hisoblanadi.

Shuningdek, Kolorado shtatida dastlabki ikki bemor aniqlandi. Ular ham yaqinda xorij safaridan qaytgani ma'lum.

Koreyadagi AQSh askarlari bilan ishlovchi xodimlarda ham virus aniqlangan. Ayni paytda ular soni yettitaga yetgan. Bemorlar karantinga olingan.

6-mart kuni Vatikanda ham ilk koronavirus holati qayd etildi.

Falastinda favqulodda holat e'lon qilinib, maktablar 30 kunga yopildi. Vifleyemd shahrida yettita bemor aniqlangach, bu yerdagi ko'hna cherkov ziyoratchilar uchun yopilgan.

Iso Masih tug'ilgan joy sifatida ishoniladigan cherkovning yopilishi Pasxa festivali boshlanishidan bir necha hafta oldin yuz bermoqda. Bu shahardagi turizm biznesiga jiddiy zarba bo'lishi kutilyapti.

Xitoyda virus tarqalishi susaygan. Jahon Sog'liqni saqlash tashkilotiga ko'ra, virusga chalinish bo'yicha xorijdagi yangi holatlar Xitoydagiga qaraganda 17 marta ko'p.

6-mart kuni Xitoyda 143 ta yangi holat qayd etilgan.

Xitoy kasalxonalaridan yuzlab bermorlar sog'ayib uylariga qaytmoqda. Yopilgan zavodlar qayta ochilmoqda. Yaponiya Xitoy va Janubiy Koreyadan keladiganlar majburiy karantinga olinishini e'lon qilgach, Xitoy Prezidenti Si Zinpin Tokioga belgilangan tashrifini bekor qildi. Ayni paytda Janubiy Koreya Xitoydan keyin ikkinchi eng ko'p bemorga ega mamlakat hisoblanadi.

Ko'plab mamlakatlar Xitoy, Janubiy Koreya, Italiya va Erondan yo'lovchilar kelishiga taqiq qo'ydi yoki ularni 14 kunlik majburiy karantinga olish tartibini joriy qildi. Yapnoya, Italiya va Eronda maktablar yopilgan.

BMT ma'lumotiga ko'ra, koronavirus epidemiyasi ortidan dunyo bo'ylab 300 millionga yaqin o'quvchi maktabga bora olmayapti. Bu raqamga oliy o'quv yurtlari talabalari qo'shilmagan.

Inson huquqlari bo'yicha BMT oliy komissari Mishel Bechelet hukumatlarni, avvalo, yordamga eng muhtoj qatlamlarni himoya qilishga chaqirdi. Unga ko'ra, ayollar va iqtisodiy ahvoli nochor odamlar virusdan eng ko'p aziyat chekishi mumkin.

Koronavirusdan global iqtisodiyot ham jiddiy zarar ko’rmoqda. Dunyo bo’ylab aksiya bozorlarida narxlar tushib ketgan.

Ekspertlarning aytishicha, yangi virus tobora ko’proq mamlakatlarga kirib borar ekan, bozordagi beqarorlik saqlanib qoladi.

6-mart holatiga ko’ra, “Covid-19” virusiga chalinganlar soni dunyoda 100 mingdan oshgan. O’lganlar miqdori esa 3300 dan ortiq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG