Breaking News

175 yil oldin ochilgan maktab hamon faqat qizlarni o'qitadi


Western High School degan maktab boshida bir xonadan iborat bo’lgan

Merilend shtatining Baltimor shahrida 1844-yilda ochilgan maktab bor. Faqat qizlar uchun. Bu dargohga asos solinganida Amerikada qizlarning bilim olishi deyarli mumkin emas edi. Boylar qizlarini uyda o’qitar edi. Quyi sinf vakillari esa imkon topsagina, qizlariga o’qish-yozishni o’rgatar edi. Xo’sh, bugun bu maktab qay ahvolda?

Western High School degan bu maskan boshida bir xonadan iborat bo’lgan.

176 yil oldin ochilganida ham asosiy maqsadi ziyo ulashish edi. Hozir ham shunday. Yosh avlodga ilm berish. Ularni tanqidiy-tahliliy o’ylashga qodir inson sifatida yetishtirish. Qizlar – zaif insonlar emas, deya uqtirish.

“Faqat qizlarni o’qitamiz. Va ularga har kuni aytadigan gapimiz: sen har narsani eplay olasan. Ular matematika yoki boshqa aniq fanlar bo’lsin, har qanday sohani egallashi, yetuk mutaxassis bo’lib insoniyat ravnaqi uchun xizmat qilishi mumkin. Afsuski, bizning jamiyat ham hatto bugun xotin-qizlarning hissasini qadrlamaydi”, - deydi Mishel Uayt, maktab rahbari.

1844-yilda ochilgan maktab o'qituvchi va o'quvchilari
1844-yilda ochilgan maktab o'qituvchi va o'quvchilari

Ushbu maskanni bitirganlar orasida siyosatchilar, olimalar, kosmonavtlar va hatto Gollivud yulduzlari va kino ustalari bor. Feminizm va jinsiy tenglik nima ekanini o’quvchilar yaxshi biladi.

AQShda hozirda faqat bir jinsni o’qitadigan maktablar kamayib ketgan. Ota-onalar farzandlari jinsiy tenglikka asoslangan va har ikki jins yonma-yon bilim oladigan dargohlarga bolalarini beradi. Western High School singari maktablar mingtacha qolgan.

“Men qizlar maktabida o’qishni xohladim, chunki bu ayol sifatida sizni kuchli insonga aylantiradi”, - deydi o’quvchi Alissa.

“Bemalol va erkinsiz. Qizlar inoq. Kimligimni, nima istashimni bilaman. O’g’il bolalar atrofda bo’lsa, ularga yoqishga harakat qilasiz. O’g’il bolalardan o’rnak olasiz. Qizlarning o’ziga ishonchi past bo’ladi. Bu yerda buning aksi”, - deydi yana bir o’quvchi Elizabet.

Ushbu maktabda o'quvchilar asosan qora tanli qizlar
Ushbu maktabda o'quvchilar asosan qora tanli qizlar

Qizlar bir-biriga yordam berishga o’rgatiladi. Ahillikka e’tibor kuchli.

O’g’il bolalar orasida o’qiganida qizlar o’zini sinovlardan olib qochadi, deydi o’qituvchilar. Bu yerda esa ular uchun murakkab vazifaning o’zi yo’q. Jinsiy raqobatsiz bilim oladi.

“Men bu yerda kompyuterlardan, robotlardan va asosan o’g’il bolalar qiziqadigan fanlardan dars beraman. Qizlar esa bunday o’ylamaydi. Ular uchun bu fanlar boshqa fanlar singari muhim va qiziq. Raqobatni aytmaysizmi? Bilim, tirishqoqlik mana shunday muhitda chuqur va serqirra bo’ladi. Tanlovlar o’tkazamiz, qizlarimiz bir-biridan bilimdon va zukko”, deydi Veston Shriber, o’qituvchi.

Maktab o’z kelajagiga ishonadi, xuddi o’quvchilaridek. O’ziga xoslik – bu mamlakatda ustuvor jihat. Qizlari shunday dargohlarda o’qishini xohlaydigan ota-onalar bor ekan, u ochiq, deydi muallimlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG