Breaking News

So'nggi vaziyat: koronavirus odamlar hayotini izdan chiqarmoqda


Pekin xalqaro aeroporti, 2020-yil, 16-mart
Pekin xalqaro aeroporti, 2020-yil, 16-mart

AQShning yuqumli kasalliklar bo'yicha yetakchi mutaxassisi koronavirus yoyilishini to'xtatish uchun butun mamlakatni izolyatsiyaga olish chorasini ma'qullashini aytdi.

Allergiya va yuqumli kasalliklar milliy instituti rahbari Antoni Fauchining aytishicha, restoran, bar kabi joylarda odamlar maksimum darajada bir-biri bilan aloqa qilishni kamaytirib, uyda o'tirishi kerak.

"Ma'lum vaqt bu masalada juda ehtiyotkor bo'lishimiz kerak. AQShda hayot endi avvalgidek bo'lmaydi. Amerika jamoatchiligi uchun yaxshi bo'lsin desak, hozirgi vaziyatni qabul qilishimiz kerak", - dedi u.

Prezident Donald Tramp virus ustidan to'liq nazorat o'rnatilganini da'vo qilishiga qaramay, Fauchiga ko'ra, eng yomoni hali oldinda.

Ko'plab shtatlarda maktablar, oliy o'quv yurtlari yopildi. Sport o'yinlari, ko'p odam yig'iladigan tadbirlar qoldirildi. Kompaniyalar o'z xodimlarini uydan ishlashga undamoqda.

Bir milliondan ortiq o'quvchiga ega Nyu-York shahrida ham maktablar yopildi.

Ba'zi rasmiylar restoran va kafelarni ham yopishga chaqirmoqda, ammo xususiy bizneslar hozircha o'z faoliyatini davom ettirmoqda.

Kaliforniya gubernatori Gavin Nyusom restoran va barlarni yopishni qattiq tavsiya qildi. Ammo bu tavsiyaga amal qilish majburiy emas. Illinoysda esa ular ikki hafta muddatga majburan yopildi.

Hochircha biznes va maktablarni yopish buyruqlari mahalliy darajada berilmoqda. Italiya va Xitoy kabi davlatlarda bo'lganidek, AQShda bunday farmonlar federal darajada qabul qilingani yo'q.

15-mart kuni berilgan matbuot anjumanida Prezident Tramp xavotirga berilmaslikni, oziq-ovqat mahsulotlarini katta miqdorda g'amlab qo'yishga hojat yo'qligini aytdi.

Prezidentning aytishicha, mamlakat bo'ylab do'konlar bo'shab qolgan peshtaxtalarni qayta to'ldirish uchun 24 soat to'xtamay ishlamoqda.

Tramp Markaziy bankni qayta moliyalash stavkasini qariyb nolga tushirgani uchun olqishladi. Bu chora koronavirus pandemiyasi oqibatida turg'unlikka yuz tutayotgan iqtisodiyotga yordam berish maqsadida qabul qilindi. Markaziy bank ayni paytda 750 milliard dollargacha qimmatbaho qog'ozlarni sotib olishni rejalashtiryapti. Maqsad narxlar keskin tushib ketgan aksiyalar bozoriga barqarorlikni qaytarish.

Ayni paytda dunyo bo'ylab koronavirusga qarshi kurash choralari kuchaytirilmoqda.

Sloveniya 17-martdan boshlab barcha havo qatnovlarini to'xtatmoqda. Muhim bo'lmagan bizneslar ham yopiladi.

Ispaniya va Portugaliya sayyohlarni qabul qilishni to'xtatdi, ammo bizneslar o'z faoliyatini davom ettiryapti. Serbiyada ham favqulodda holat e'lon qilinishi kutilyapti.

Barlari bilan mashhur Irlandiyada sharobxonalar ikki hafta muddatga yopildi.

Rim papasi Fransisk balkondan qo'lini chiqarib, xalqqa ko'rinish berdi, ammo uning duosini hech kim qabul qilmadi. Chunki maydon bo'm-bo'sh edi. Butun Italiya bo'ylab karantin e'lon qilingan.

Brazliya Prezidenti Jair Bolsonaru ko'pchilik yig'ilgan joylarga bormaslikka chaqirsa ham, odamlar unga quloq solmadi. 15-mart kuni poytaxtda hukumatni qo'llovchi guruhlar namoyish o'tkazdi.

Prezidentning o'zi ham ko'p o'tmay so'zidan qaytib, namoyishcilarga qo'shildi va ko'pchilik bilan qo'l berib so'rashdi.

16-mart holatiga ko'ra, ayni paytda dunyo bo'ylab koronavirusni yuqtirganlar soni 175 mingga yaqinlashgan. Yetti mingga yaqin odam halok bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG