Breaking News

O‘zbekistonlik yo‘lovchilar Istanbul aeroportida qolib ketdi


Istanbul xalqaro aeroportida qolib ketgan o'zbekistonliklar. 19-mart, 2020.

O‘zbekistonlik 200 chog‘li yo‘lovchi bir necha kundirki Turkiyaning Istanbul shahridagi xalqaro aeroportda yashamoqda. “Amerika Ovozi” bilan suhbatda ular 17-mart oqshomida “O‘zbekiston havo yo‘llari” reysi bilan Toshkentga uchib ketish uchun kelganini aytgan. Biroq yo‘lovchilarga reys bekor bo‘lgani haqida so’nggi soatlarda ma’lum qilingan.

Koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston 16-martdan e’tiboran xalqaro aviaqatnovlarni bekor qilgan va milliy aviakompaniya bu haqda bir kun avval internetdagi rasmiy sahifalari orqali ma’lum qilgan.

“Bundan xabarimiz bor edi. 17-mart kuni soat 22:45 da uchishimiz kerak edi. Katta samolyot, reys bekor bo‘lmaydi deb eshitgandik. Internetda ham ko‘rdik, 16 va 18-mart kunlari hamma reyslar bekor bo‘lgan, lekin bizning reys bekor bo‘lmagandi. Fuqarolar ko‘p, shuning uchun qoldirishmaydi degan gap eshitgandik. Shuning uchun kelgandik. Bu yerda operatsiya bo‘lganlar bor, homiladorlar bor, yosh bolalar ham bor, yerda yotibmiz. Juda qiynalib ketdik, nima qilishni bilmayapmiz. Hamma davlat fuqarolarini olib chiqib ketdi, bitta biz qolib ketdik. 15-mart kuni soat 12 dan keyin umuman qatnov to’xtagan. Dushanba kuni ertalab soat 3 da reys bo‘lgan, o‘shanda kelganlar ham haligacha o‘tiribdi”, – deydi yo‘lovchilardan biri.

Istanbul xalqaro aeroportida qolib ketgan o'zbekistonliklar. 19-mart, 2020.
Istanbul xalqaro aeroportida qolib ketgan o'zbekistonliklar. 19-mart, 2020.

Yo‘lovchilar boradigan joylari bo‘lmagani uchun aeroportda qolishga majbur bo‘layotganini aytmoqda. Yerda yotgani tufayli ba’zilarining salomatligi yomonlashgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, 18-mart kuni O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsuli Alisher Botirov yo‘lovchilar holidan xabar olib, charter reys tashkil etishga harakat qilinayotganini, biroq reys qachon bo‘lishi noma’lumligini aytgan.

Shu kuni konsullik nomidan yo‘lovchilarga teshikkulcha va suv, keyinroq qatiq tarqatilgan. Milliy aviakompaniya yo‘lovchilarining aeroportda qolib ketganini eshitgan Istanbuldagi o‘zbekistonliklar ularga yordam berishni boshlagan va ovqat bilan ta’minlashga kirishgan.

Yo‘lovchilar agar charter reysni ko‘proq kutishiga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, joy bilan ta’minlanishga umid qilmoqda.

Vaqtini kutish bilan o‘tkazyotgan bu yo‘lovchilar 19-martdan beri O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulligiga bog‘lana olmayotganini aytmoqda. Ulardan biri konsullik xodimlarining qo‘polligidan shikoyat qildi.

“Konsulikka qo‘ng‘iroq qilganimizda bir qiz bor ekan, sizlarni hech kim majburlab Turkiyaga jo‘natgani yo‘q. Och-nahor bo‘lsak ham, bolalarimizni boqib uyda o‘tiribmiz. Sizlarga kim aytdi ketsin, deb haqoratomuz gapirdi. Axir biz kayf-safo uchun kelmaganmiz bu yerga, farzandlarimizni o‘qityapmiz. Bir ayol shu yerda ishlab, ikki farzandini doktor qilib yetishdirdi. Samarqandda doktor bo‘lib ishlayapti o‘g‘li. O‘zbekistonga yetuk kadr yetishtirib berdi Turkiyada ishlab. Buning nimasi yomon, nimasi ajablanarli? Nima uchun nafrat qilishadi Turkiyada ishlaganlardan? Kimdir uy quraman deb kelgan, kimdir bolalarimni boqaman, o‘qitaman deb kelgan. Bolalarimiz ham bizga o‘xshagan qora ishchi bo‘lishini xohlamaymiz. Bolalarimiz o‘qisin. Konsullikda ishlaydigan o‘sha qiz juda tarbiyasizlarcha javob qaytardi bizga. Kim ham xohlaydi, yillab farzandlarini ko‘rmasdan, farzandlarining diydoriga zor bo‘lib ishlab yurishni? Farzandlarimiz o‘qisin, olim bo‘lsin, yurtimizga, vatanimizga yetuk kadr qilib yetishtiryalik degan maqsadda shu yerda ishlab, ularni o‘qityapmiz. Uy-joy quryapmiz, uylantiryapmiz, to‘y qilyapmiz. Bizning aybimiz shumi?”, - deydi u.

Istanbul xalqaro aeroportida qolib ketgan o'zbekistonliklar. 19-mart, 2020.
Istanbul xalqaro aeroportida qolib ketgan o'zbekistonliklar. 19-mart, 2020.

“Amerika Ovozi” O‘zbekistonning bosh konsulligi bilan bog‘lanib, ma’lumot olishga harakat qildi. Biroq har safar qo‘ng‘iroq qilinganida konsullikning telefonlari band bo‘ldi.

Konsullik 17-mart kuni bayonot tarqatib, Turkiyadagi o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarish maqsadida charter reyslar tashkil etish uchun kerakli ishlar amalga oshirilayotganini, biroq reyslar qachon va qaysi vaqtda bo‘lishi haqida biror ma’lumotga ega emasligini ma’lum qilgan.

“Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, qilayotgan sa’y-harakatlarimizni to‘g‘ri tushunish bilan qabul qilishingizga umid qilamiz”, deyiladi bayonotda. Bosh konsullik charter reyslar bilan O‘zbekistonga yuboriladigan fuqarolarning ro‘yxatini shakllantirish ustida ishlayotganini aytgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga nota yuborib, ruxsat etilgan 90 kunlik muddatdan ko‘proq vaqt Turkiyada qolishga majbur bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining charter reyslar boshlangunga qadar Turkiyada bo‘lish huquqini istisnoli ravishda uzaytirish va ulardan jarima undirmaslik masalasini ko‘rib chiqishni so‘ragan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG