Breaking News

Mirziyoyev: Qator sohalarga soliq ta'tili beriladi


Toshkent, 18-mart, 2020
Toshkent, 18-mart, 2020

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 18-mart kuni mamlakatdagi koronavirus bilan bog'liq vaziyat bo'yicha xalqqa murojaat qildi.

Ayni paytda O'zbekistonda 6 mingga yaqin kishi karantinga olingan. Virus yuqtirganlar soni 15 ta ekani xabar qilinmoqda. Odamlar gavjum joylarda ommaviy tadbirlar cheklangan. 16-martdan boshlab barcha ta’lim dargohlarida ta’til e’lon qilindi. 80 ming talaba markazlashgan holda uylariga jo‘natildi.

Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o‘tkazildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirilgan.

Prezidentning aytishicha, xorijdagi o'zbekistonliklarni charter aviareyslari orqali vatanga qaytarish ishlari ham olib borilmoqda. Chegaralarda harakat cheklangan, ammo transportda yuk tashish to‘xtatilgani yo‘q.

"Millati, tili va dinidan qat’i nazar, hammamiz yakdilmiz va ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, o‘tib ketadi", - dedi prezident o'z nutqida.

Mirziyoyev koronavirusning mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko'rsatishiga ham to'xtalib o'tdi.

"So‘nggi ikki haftada jahon bozorida neftning narxi (bir barrel 60 dollardan qariyb 30 dollarga) keskin pasayib ketgani oqibatida gaz eksportimiz tushumlari qisqarishi mumkin. Xorijdagi asosiy savdo hamkorlarimizning milliy valyutalari qadrsizlanishi respublikamizga ham, albatta, valyuta tushumini kamaytiradi", - dedi prezident.

Mirziyoyevning aytishicha, turizm, transport, farmatsevtika va yengil sanoat kabi sohalarga soliq ta’tillari berish, kreditlarni qaytarish muddatini kechiktirish, kechiktirilgan tashqi qarzdorlik uchun jarima qo‘llamaslik tartibini joriy qilish choralari ko'rilmoqda.

Hukumat qiyin ahvolga tushishi mumkin bo‘lgan soha va tarmoqlarni, yirik korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish ustida ham ishlayotgani ma'lum qilindi.

"Ko‘pni ko‘rgan xalqimiz yanada jipslashib, ahil va hamjihat bo‘lib, bu murakkab sinovlarni ham yengib o‘tadi, deb ishonaman", - dedi Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, bosh vazir respublika darajasidagi va Toshkent shahridagi muassasalarni birma-bir joyiga chiqib o‘rganish va zarur chora-tadbirlar qabul qilish hamda ularning ijrosi uchun mas’ul etib tayinlangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG