Breaking News

AQSh koronavirusning yangi o’chog’iga aylanishi mumkin


Bruklin kasalxonasi, Nyu-York, 2020-yil, 19-mart

Jahon Sog’liqni saqlash tashkilotining (JSST) ogohlantirishicha, koronavirusning navbatdagi episentri Amerika Qo’shma Shtatlari bo’lishi mumkin. Xitoyda virus markazi bo’lgan Xubey provinsiyasida esa sayohat uchun qo’yilgan cheklovlar bekor qilinmoqda. Bu orada Yaponiyada bo’ladigan Yozgi olimpiya o’yinlari kelasi yilga qoldirildi; Buyuk Britaniyada butun aholi karantinga olindi.

Iqtisodiy jabhada esa dunyo biznes uchun deyarli batamom yopilgan. “BlackRock Investment” instituti tahlilchilariga ko’ra, koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga bergan zarbasi ulkan miqyosdagi tabiiy ofat keltiradigan zararga yaqin.

JSST so’zlovchisi Margaret Harrisning aytishicha, o’tgan 24 soat ichida aniqlangan yangi kasalliklarning 85 foizi Yevropa va AQShdan. Ularning 40 foizi Qo’shma Shtatlarga to’g’ri keladi.

Tramp ma'muriyatidan norozilik kuchli

Ba’zi shtat va mahalliy hokimiyat rasmiylari federal darajada uyushgan harakatning yo’qligidan norozi. Tibbiy vositalar tanqisligiga qarshi shtatlar o’z imkoniyati doirasida kurash olib bormoqda.

Prezident Donald Tramp Oq uydan turib "Fox News" telekanaliga intervyu beryapti, 2020-yil, 24-mart.
Prezident Donald Tramp Oq uydan turib "Fox News" telekanaliga intervyu beryapti, 2020-yil, 24-mart.

Prezident Donald Tramp muammolar borligini tan oldi.

“Yuz niqoblari va sun’iy nafas olish moslamalari uchun jahon bozori izdan chiqqan. Biz shtatlarga jihozlarni olishga yordam beryapmiz, lekin bu oson emas”, - deb yozdi u “Twitter” orqali.

Koronavirusga chalinganlar soni dunyo bo’ylab 400 mingdan oshdi. 24-mart holatiga ko’ra, virus 194 mamlakatga yoyilgan. Eng ko’p virus tarqalgan 10 mamlakat orasida o’lim sonining ko’pligi bo’yicha Italiya peshqadamlik qilyapti. Bu yerda jami kasallanganlarning 10 foizi vafot etgan. Dunyo bo’ylab o’lim foizi esa 4,3 foiz atrofida.

London yopildi

Ekspertlar fikricha, Britaniya koronavirusga qarshi keskin chora ko’rish bo’yicha Italiyadan ikki hafta orqada. Faqat 24-martga kelibgina Bosh vazir Boris Jonson mamlakatni to’liq izolyatsiyaga olish bo’yicha buyruq berdi.

Odatda odamlar bilan gavjum Vestminster ko'prigi bo'm-bo'sh, London, Britaniya, 2020-yil, 24-mart.
Odatda odamlar bilan gavjum Vestminster ko'prigi bo'm-bo'sh, London, Britaniya, 2020-yil, 24-mart.

London ko’chalari bugun deyarli bo’m-bo’sh. Oziq-ovqat do’konlari va boshqa muhim majmualardan tashqari barcha bizneslar yopilgan. Bosh vazir Jonson dastlab butun mamlakatni yopish taklifiga qarshilik bildirib kelayotgan edi. Virus yuqtirganlar sonining keskin oshishini mamlakat sog’liqni saqlash tizimi ko’tara olmasligi ma’lum bo’lgach, u to’liq karantin e’lon qilishga majbur bo’ldi.

Olimpiya o’yinlari qoldirildi

Ko’plab davlatlarning talabi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tavsiyasi bilan 2020-yil Tokioda o’tkaziladigan Yozgi olimpiada bir yil keyinga qoldirildi. U dunyoda bekor qilinmagan yoki keyinga surilmagan so’nggi yirik musobaqa edi. Oxirgi kunlarda, agar keyinga surilmasa, ko’plab davlatlarning olimpiya jamoalari unda qatnashmaslik haqida ogohlantirayotgan edi.

Olimpiada boshlanishiga necha kun qolganini ko'rsatib turuvchi tablo, Tokio, Yaponiya, 2020-yil, 24-mart.
Olimpiada boshlanishiga necha kun qolganini ko'rsatib turuvchi tablo, Tokio, Yaponiya, 2020-yil, 24-mart.

Xalqaro Olimpiya qo’mitasi va Yaponiya hukumati o’tgan bir necha hafta davomida musobaqa o’z vaqtida o’tkazilishini ta’kidlab keldi. O’tgan hafta oxirida esa uni qoldirish masalasi bir oylik o’rganish natijasida e’lon qilinishi bildirildi va bu ko’pchilikni hayratga soldi. 24-martga kelib, kutilmaganda, uning 2021-yilga qoldirilgani e’lon qilindi.

Xitoy pandemiyadan qutildi, ammo xavf hanuz mavjud

Koronavirus pandemiyasining ilk o’chog’i bo’lgan Xitoyning Xubey provinsiyasi odamlarning harakat qilishiga qo’yilgan chekovlar tez orada bekor qilinishini bildirdi. Ammo xorijdan virusning kirib kelishi ko’paygani bois boshqa hududlarda nazorat kuchaytirilmoqda.

Xitoyning Xubey provinsiyasi Uxan shahrida virusga qarshi kurash hanuz davom etmoqda, 2020-yil, 24-mart.
Xitoyning Xubey provinsiyasi Uxan shahrida virusga qarshi kurash hanuz davom etmoqda, 2020-yil, 24-mart.

Xubey provinsiyasi poytaxti Uxan shahrida 23-yanvardan beri amalda bo’lgan sayohat cheklovi 8-aprel kuni bekor qilinadigan bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG