Breaking News

Nodira Qodirova ishi yopildi, shubhalar esa ortdi


Marhum Nodira Qodirova iste’fodagi general, hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi a’zosi, deputat Shirin Unal (o'ngda) uyida ishlagan.

Mart oyi boshida Anqara prokuraturasi o‘zbekistonlik mehnat muhojiri Nodira Qodirovaning o‘limi bilan bog‘liq ishni yopdi va marhuma o‘z joniga qasd qilgan degan xulosaga kelganini bildirdi. Yigirma uch yoshli Qodirova Turkiya parlamentining deputati, hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasining a’zosi hamda iste’fodagi general Shirin Unalning xonadonida ishlar, uning bemor rafiqasiga qarar edi. U 2019-yilning 23-sentabrida deputat Unalga tegishli to‘pponcha bilan o‘zini otib o‘ldirgani aytilmoqda.

Shirin Unal o‘z uyida sodir bo‘lgan hodisa haqida faqatgina bir marta – o‘tgan yilning oktabr oyi boshlarida parlamentdagi boshqa deputatlarning talabi bilan qisqacha izoh berdi. U Nodira o‘z joniga qasd qilganini va oxirgi ikki-uch oyda qizning ruhiy holati yaxshi bo‘lmaganini aytdi. Biroq marhumaning oilasi deputatning bu iddaosini o‘sha paytdan beri inkor etib kelyapti. Nodiraning onasi Ra’no Qodirova qizi o‘zini o‘ldirmagan, balki u o‘ldirilgan degan fikrda.

Nodira Qodirovaning onasi Ra'no Qodirova
Nodira Qodirovaning onasi Ra'no Qodirova

“Mening qizim o‘zini o‘ldiradigan qiz emasdi. To‘rt muchasi sog‘ edi. Yigirma uch yoshga kirib, biror marta ukol olmagandi, kasal bo‘lmagandi. Qizim Tukiyada o‘qimoqchi edi, Shirin Unal uni “o‘qishga kiritib qo‘yaman” deb aldadi. Ruhiy kasal bo‘lsa, qizimni nega ishdan bo‘shatmadi?” – deydi Ra’no Qodirova.

U qizining o‘limiga turtki bergan sababni bilishni istaydi. Ra’no Qodirovaning so‘zlariga ko‘ra, deputat Shirin Unal shu paytgacha oilaga hamdardlik bildirmagan.

“Bandachilik deyishga yaramadi. Taqdirga tan bergandik. Mayli, Allohga kerak ekan, qaytarib oldi dedim. Olti oy bo‘ldi, bir og‘iz qo‘ng‘iroq qilmadi, holbuki, telefon raqamlarimiz bor unda. Na o‘zi, na qizi hamdardlik bildirdi. Agar ko‘ngil so‘rganida, bu insonni kechirgan bo‘lar edik. Mayli, o‘lgan bitta mening qizim emas-ku, degan bo‘lardim. Alloh o‘zi berdi, o‘zi oldi degan bo‘lardim. Lekin bu odam hamdardlik bildirishga yaramadi”.

Marhumaning onasi O‘zbekistondan turib hech narsa qila olmayotganini aytib, turk jamoatchiligidan qizining o‘limi bilan bog‘liq haqiqatni aniqlashtirishda yordam so‘radi.

Uning chaqirig‘i e’tiborsiz qolmadi. Anqaradagi Hoji Bayram Vali universitetining Huquqshunoslik fakulteti professori, Turkiyaning taniqli advokatlaridan va inson huquqlari himoyachilaridan biri Ilyos Dog‘an Nodira Qodirova o‘limi bilan bog‘liq ish bilan shug‘ullanishga kirishdi. U kecha, 24-mart kuni Anqara prokuraturasining qarori ustidan sudga shikoyat arizasi kiritdi. Professor Dog‘an bu ishda yolg‘iz emas – 132 nafar advokatdan iborat kattagina guruh unga ko‘ngilli ravishda yordam beradi.

Dog‘anning aytishicha, Nodira Qodirova o‘limi haqida xulosalarni tayyorlashda protsessual qonunchilik jiddiy ravishda buzilgan, xususan, kriminalistika xulosasi to‘liq emas. Marhumaning o‘limiga turtki bergan sabablar o‘rganilmagan.

“To‘g‘ri, qiz o‘zini o‘lgirgan bo‘lishi mumkin, lekin buning uchun jiddiy sabab kerak. Surishtiruvda esa bu narsa umuman e’tiborga olinmagan. Agar bu sababni tashqaridan uchinchi shaxs keltirib chiqargan bo‘lsa, nega uni javobgarlikka tortish masalasi ko‘rib chiqilmagan? Insonni o‘zini o‘ldirish holatiga olib kelganlik uchun jinoiy javobgarlik bor. Ishni esa go‘yoki Nodira Qodirova ruhiy tushkunlikka tushib qolgandek qilib ko‘rsatib yopishdi. Lekin qo‘limizda bu iddaoni besh daqiqadayoq chippakka chiqaradigan dalillar bor”, – deydi Ilyos Dog‘an.

Nodira Qodirova ishi bilan shug'ullanayotgan advokat Ilyos Dog‘an
Nodira Qodirova ishi bilan shug'ullanayotgan advokat Ilyos Dog‘an

Uning aytishicha, marhumaning badanida PSA (prostatik spetsifik antigen – erkak organizmi ajratadigan ferment) namunasi topilgan.

“Ekspertiza ba’zi hollarda PSA ayollarning organizmida ham bo‘lishini aytyapti. Men ilmiy adabiyotlarni tekshirib chiqdim, PSAni ayollarda aniqlash juda qiyin ekan, bir ayolda PSA aniqlansa, bu katta ehtimol bilan erkakka tegishli demakdir. Ekspertiza PSA ayollarda ham bo‘lishi mumkinligini aytgani uchun prokuratura marhumada topilgan fermentning aynan kimga tegishli ekanini tekshirib o‘tirmagan. Mening shikoyat arizam qabul qilinadigan bo‘lsa, bu tekshiruvni o‘tkazaman. Ana o‘shanda haqiqat oydinlashadi. Nodira o‘zini o‘ldirgan bo‘lishi mumkindir, lekin buni hech qanday shubha qolmaydigan tarzda aniqlashtirish kerak. Adolat shuni taqozo qiladi. Men huquqshunos sifatida haqiqat qaror topishini istayman”, - deydi huquqshunos.

Ilyos Dog‘an modomiki marhumada PSA namunasi aniqlangan ekan, deputat Shirin Unal jinsiy tajovuz shubhasi bo‘hicha o‘zini oqlashi kerakligini ta’kidlamoqda. Qolaversa, Nodira Qodirova o‘limidan bir kun avval dugonasi Laylo Niyozovaga qo‘ng‘iroq qilib, deputat Shirin Unal unga tegajog‘lik qilganini, endi oilasining yuziga qaray olmasligini aytib yig‘lagan.

Hodisa yuz bergan kuni Shirin Unalning uyida Nodira Qodirovadan tashqari yana to‘rt kishi bo‘lgan – deputatning o‘zi, uning rafiqasi va qizi, Hilola Onarbayeva ismli yana bir o‘zbekistonlik ishchi. Professor Dog‘an faqatgina Nodiraning telefon so‘zlashuvlari va SMSlari tekshirilganini, qolganlarning telefonlari esa tekshirilmaganini aytib, bu ham jiddiy kamchilik ekanini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Nodira Qodirova o‘limidan oldin maktub qoldirgan. “Maktub yozilgan ruchkadagi barmoq izi tekshirilmagan. Bu ham shubha uyg‘otadi”, – deydi advokat.

Ilyos Dog‘an agar Nodira Qodirova o‘limi bilan bog‘liq ish bo‘yicha Turkiyada biror natijaga erishilmasa, bu borada Yevropa inson huquqlari sudiga murojaat qilish niyatida.

Marhumaning akasi Muhammadali esa O‘zbekistondagi hech bir tashkilot va idora, xususan, Tashqi ishlar vazirligi Nodira Qodirovaning o‘limi bilan qiziqmaganini aytadi. Hodisadan avval u ham Anqarada ishlar edi.

“Faqat Turkiyadan yordam olyapmiz, turk ayollari yordam ko‘rsatishyapti. Yurtdoshlarimiz unutishmasinki, singlimning boshiga tushgan hodisa ularning ham boshiga tushishi mumkin. O‘zbek ayollarimiz, opalarimiz, singillarimiz chet ellarda toptalsa, sotilsa, o‘ldirilsa-yu jasadi O‘zbekistonga kelsa, erkaklarimizning jim turishi alam qiladi, achinaman, – deya taassuf bildiradi u. – Biz Turkiyaga pulimiz oshib-toshib ketgani uchun, kayf qilish uchun bormagandik. Oilaviy sharoitimiz qiyin bo‘lgani uchun o‘sha joylarga borib ishladik. O‘zimizni tiklab olish uchun, oyoqqa turib olish uchun borgandik”.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG