Breaking News

Pandemiya Pokistonga qanday ta'sir ko'rsatmoqda?


Koronavirusdan himoyalanayotgan Ravalpindi shahri. Pokiston, 24-mart, 2020.

COVID-19 pandemiyasi tahdidi ortib borar ekan, Pokistonning terrorchi guruhlarni moliyalovchi mamlakatlar ro’yxatidan chiqishi kechikishi mumkin. Ekspertlarga ko’ra, Bosh vazir Imron Xon hukumati moliyaviy operatsiyalarni kuzatuvchi FATF hukumatlararo tashkilotining talablarini o’z vaqtida bajara olmaydi.

Pokiston rasmiylarining ma’lum qilishicha, pandemiyaga qarshi kurash mamlakat resurslariga jiddiy zarba bermoqda. Pokistonning sobiq ichki ishlar vaziri, senator Rahmon Malik 23-mart kuni FATF tashkilotiga maktub yo’lladi. Senator yuzaga kelgan muammoli vaziyatni hisobga olib, Pokistonni tashkilotning qora ro’yxatidan chiqarishni so’ragan.

“COVID-19 pandemiyasi tahdidi va unga qarshi samarali kurashish zaruriyatini inobatga olib, Pokistonni qora ro’yxatdan chiqarishingizni so’rayman. Ayni damda mamlakat o’zining barcha kuch va resurslarini global pandemiyaga qarshi turish uchun yo’naltirishi lozim”, - deyiladi Malikning mustaqil tashkilot prezidentiga yo’llagan maktubida.

Terrorchi guruhlarni moliyaviy qo’llab-quvvatlashni to’xtatish va pul yuvishga chek qo’yish talablarini bajarmagan mamlakatlar tashkilotning qora ro’yxatiga kiritiladi. Bunday mamlakatlar global moliyaviy tizimlardan chetlatiladi.

Peshovarda dezinfeksiyalash jarayoni. Pokiston, 24-mart, 2020.
Peshovarda dezinfeksiyalash jarayoni. Pokiston, 24-mart, 2020.

Pokiston 2012-2015-yillarda ana shu ro’yxatda bo’lgan. 2018-yilning iyunida tashkilot Pokistonni qora ro’yxatga takroran kiritdi. Bunga Islomobodning mamlakat hududidagi jangarilarga qarshi yetarlicha chora ko’rmayotgani sabab bo’lgan.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Pokiston joriy yilning fevral oyida tashkilotning 27 talabidan 14 tasini bajarishga muvaffaq bo’lgan. Qolgan talablar uchun Islomobodga iyun oyiga qadar muhlat berilgan. Aks holda, tashkilot mamlakatlarining Pokiston bilan iqtisodiy munosabatlari va moliyaviy operatsiyalari boshi berk ko’chaga kirib qoladi.

Pokistonlik ekspert Zishan Haydarga ko’ra, ayni damda Imron Xon butun e’tiborini pandemiyaga qarshi kurashga qaratgan. Shunday ekan, FATF talablarining o’z vaqtida bajarilishiga ishonch yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG