Breaking News

O'zbekistonda karantinga olingan shaharlar soni oshdi


Qozog'iston-O'zbekiston chegarasi

O'zbekistonda poytaxt Toshkentdan so’ng Samarqand, Andijon, Namangan viloyatlariga ham kirish-chiqish taqiqlandi.

Mamlakatda koronaviris aniqlangan fuqarolar soni 65 kishiga yetar ekan, hukumat poytaxtdan tashqari yana bir qator yirik shaharlarga kirish-chiqishni to'xtatish qaroriga kelgan.

Yopilishi e’lon qilingan bu shaharlarning ayrimlarida koronaravirus topilgani ma’lum. Shuningdek, mamlakat bo’ylab karantinda saqlanayotgan 20 mingdan oshiq kishining bir qismi mazkur shaharlarga to'g'ri keladi.

26-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev epidemiyaga qarshi kurash choaralarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga doir qonunni imzoladi.

Kasallikka doir haqiqatga to’g’ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb qilish bilan jazolanadi.

Agar bunday ma’lumot matbuot yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan taqdirda 3 yilgacha qamoq jazosiga sabab bo’lishi mumkin.

Epidemiyaga qarshi kurash choralarini buzish odamlarning kasallanishiga yoki zaharlanishiga xavf tug’dirishi uch yildan besh yilgacha qamoq bilan jazolanadi. Aynan shu harakat odamlarning o’limiga sabab bo’lgan taqdirda yetti yildan o’n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish chorasi qo’llanilishi belgilangan.

Karantin choralari nazoratiga Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya mas'ul qilib belgilangan.

Jamoat joylarida niqobsiz yurganlar eng kam ish haqining besh barobari, karantin davomida ichki qoidalarni buzib, tibbiy talablarga bo’ysunmaganlar esa 50 barobargacha jarimaga tortilishi mumkin.

Hukumat koronavirus tahdidi bois zidlik bilan maxsus shifoxonalar qurishga kirishgan.

Toshkentda va mamlakatning bir necha viloyatida qurilishi rejalanayotgan 10 dan oshiq shifoxona tez fursatlarda bitkazilishi, Toshkent viloyatida qurilayotgan dastlabki karantin konteynerlari yaqin besh kun ichida ishga tushirilishi xabar qilinmoqda.

Ta’kidlanishicha, dastlabki konteynerlarda 500 nafargacha odam karantinga joylashtirilishi mumkin. Umumiy majmua esa 10 ming kishi qabuliga mo’ljallab qurilmoqda.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekistonda 25 mingdan oshiq odam karantinga olingan, ammo yuzlab O’zbekiston fuqarolari mamlakatga qaytishni kutib xorijda qolayotgani inobatga olinsa, bu konteynerlar o’rni qanchalik muhimligi ko‘rinadi.

Hozirda O’zbekistonga qaytishni kutayotgan fuqarolar soni qancha ekanligi noma’lum. Hukumat ularning barchasi maxsus charter reyslar bilan qaytarilishini, buning uchun respublika komissiyasi tuzilganini bildirgan.

Ammo respublika komissiyasi ham hozircha bu muammoni fuqarolar kutayotgan tarzda tez fursatlarda yeshish imkoniyatiga ega emasdek ko’rinadi.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Turkiyadagi fuqarolarga murojaat bilan chiqishi vaziyat tarang qolayotganidan darak beradi.

26-mart kuni kuzatilgan bu murojaatda vazirlik O’zbekiston fuqarolarini sabrli bo’lishga, konsullik binosi oldida to’planib diplomatlar vakolatiga kirmaydigan talablarni ko’tarmaslikka chaqirdi.

Vazirlikka ko’ra, xorijdagi fuqarolarni olib kelish uchun charter reyslarni tashkil qilish diplomatlar tomonidan emas, respublika komissiyasi tomonidan tashkil qilinadi. Hozirgacha Turkiyadan amalga oshirilgan ikkita charter reys orqali 500 ga yaqin o’zbekistonlik olib kelingan, bu jarayon davom etadi.

“Hurmatli Turkiyadagi fuqarolarimiz, sizni biroz sabrli va matonatli bo‘lishga, tinchlik va osoyishtalikni saqlashga chaqirib qolamiz”, deyiladi tashqi ishlar vazirligi tomonidan tarqatilgan murojaatda.

Ayni paytda Turkiyada qancha O’zbekiston fuqarosi qolayotgani noma’lum, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolarda Istanbul aeroportida, shuningdek, bu shahardagi konsullik binosi oldida norozilik bildirayotgan o’zbekistonliklarni ko’rish mumkin. Turkiyadagi o’zbekistonliklar charter reyslardagi chipta bahosi ham odatdagidan bir necha barobar qimmatligidan shikoyat qilmoqda.

Xuddi shunday vaziyat nafaqat Turkiyada, balki millionlab o’zbekistonlik mehnat muhojirlari ishlayotgan Rossiyada ham kuzatildi.

Xavfsizlik choralariga muvofiq xorijdan qaytarilgan fuqarolarning barchasi 14 kunlik karantinga olinishi kerak. Hozirgacha chetdan kirib kelgan fuqarolar koronavirusga ixtisoslashgan maxsus shifoxona, bokslarda emas, balki mamlakatdagi turli sihatgohlar, sanatoriylarga joylashtirilgan.

Mutaxassislar epidemiya avjga chiqqan taqdirda O’zbekiston uchun eng muhim narsa yetarli darajada sun’iy nafas olish uskunalarga ega bo’lish, koronavirusga chalingan bemorlarni joylashtirish mumkin bo’lgan maxsus shifoxonalarning bo’lishi ekanligini ta’kidlab o’tishgan edi.

O’zbekistonda koronavirusga oid dastlabki holat 15-mart kuni Fransiyadan qaytgan fuqarolardan birida aniqlangan edi. 26-mart ko’rsatkichiga ko’ra, kasallanganlar soni 65 kishiga yetgan.

Virus yuqtirganlardan 4 kishining salomatligi og’ir qolayotgani, 5 kishi yaxshi holatda ekani xabar qilingan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG