Breaking News

Afg'on qochqinlari Erondagi virusdan qochib vataniga qaytmoqda


Afg'on qochoqlari muhojirlar markazida, Tehron, Eron, 2016-yil, 24-oktabr

Afg'on hukumati va Tolibon o'rtasidagi tinchlik muloqoti boshi berk ko'chaga kirib, Prezident Ashraf G'ani va uning siyosiy raqibi Abdulla Abdulla o'rtasida kelishmovchlik kuchayayotgan bir paytda Afg'oniston yana bir katta muammo bilan yuzlashmoqda: "Covid-19" virusidan qochib, Pokiston va Erondagi o'n minglab afg'on qochoqlari vatanlariga qaytmoqda.

Afg'onistonning Qochoqlar va ularni qaytarish vazirligi ma'lumotiga ko'ra, fevraldan beri mamlakatga 150 mingdan ortiq qochqin kelgan.

Vazirlikning matbuot bo'yicha maslahatchisi Said Abdul Bosit Ansoriyning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Eron mintaqada koronavirus o'chog'iga aylanishi ortidan qochoqlar u yerni tashlab ketishyapti.

Ayni paytda Eronda virusga chalinganlar soni 32 mingdan oshgan, 3000 ga yaqin odam o'lgan.

"Erondan deportatsiya qilingan afg'onlar ham bor, lekin ko'pi ixtiyoriy ravishda qaytmoqda. Ular Eronda virus yuqtirib olishdan qo'rqqani uchun qaytishmoqda", - dedi Ansoriy.

Uning qo'shimcha qilishicha, har kuni Eron-Afg'oniston chegarasini 10 ming odam kesib o'tmoqda.

BMTning Qochqinlar agentligi ma'lumotiga ko'ra, Eronda uch million afg'onistonlik bor; ularning 900 mingi qochoq, qolgani hujjatli yoki hujjatsiz muhojirlar.

Avvalroq mahalliy afg'on matbuoti Eronda afg'onistonliklarga tibbiy xizmat ko'rsatilmayotgani haqida xabar bergan edi. Eron Sog'liqni saqlash vazirligi bu da'voni rad etib, Eron kasalxonalarida 18 ming afg'onistonlik davolanganini ma'lum qildi.

Virus keng tarqalmoqda

Afg'onistonda koronavirus yuqtirganlar soni 100 ga yaqinlashgan. Ularning aksariyati virusga Eronda chalingani ma'lum. Mamlakat Sog'liqni saqlash vaziri Feruziddin Feruzning aytishicha, agar pandemiya to'xtatilmasa, 110 ming afg'on virusdan halok bo'lishi mumkin.

25-mart kuni Eronga qo'shni Hirot, Farah va Nimro'z viloyatlarida karantin e'lon qilindi. Eron bilan chegaralar fevral oyi oxirida yopilgan edi, ammo bu taqiq faqat ikki kun davom etdi. Chunki, deydi Qochoqlar va ularni qaytarish Vaziri o'rinbosari Alima Alima, Afg'oniston fuqarolari o'z mamlakatiga qaytish huquqiga ega.

Qaytayotganlar sonining ko'pligi, ammo ularni virusga qarshi tekshirish imkoniyatining cheklangani bois aslida koronavirus yuqtirganlar soni ko'proq bo'lishi mumkin. Koronaviruz tahlilini o'tkazishga ixtisoslashgan yagona kasalxona Kobulda joylashgan.

BMT Qochqinlar agentligining Afg'oniston idorasi so'zlovchisi Nodir Farhodning aytishicha, koronavirusga qarshi kurash choralarini kuchaytirishda yordamni oshirish uchun BMT idorasi 20 ta qo'shimcha xodim yollamoqda. Maqsad chegaradan o'tishda koronavirus tarqalishining oldini olish uchun lozim bo'lgan qoidalarga to'g'ri rioya qilinishini ta'minlash.

Chegaradan noqonuniy o'tayotganlar

Farhodning aytishicha, koronavirus tarqalishini to'xtatish uchun chegarada nazoratni kuchaytirishning o'zi kifoya emas. Tekshiruvdan o'tganlar karantinda turmasdan, mamlakat bo'ylab erkin harakatlanib yurgan holatlar ham bor, deydi u.

"Chegaradan kirib kelganlar, kutilganidek, o'z qishloqlariga yoki viloyatlariga bormayapti. Ular Pokiston va Eronda shaharlarda yashab o'rgangani uchun shaharlarga boryapti", - deydi Farhod.

Afg'oniston Sog'liqni saqlash vazirligi so'zlovchisi Vohidulloh Mayarning aytishicha, Afg'onistonga chegaraning nazorat qilinmaydigan qismlaridan kirib kelayotganlar ham bor.

"Hukumat chegarani yopgan taqdirda ham odamlar noqonuniy o'tish joylaridan kirib kelaveradi", - deydi u.

Afg'oniston Pokiston bilan 2600 kilometrlik chegaraga ega. Eron bilan chegara esa 920 kilometrga cho'zilgan.

Pokistondagi afg'onlar

Pokiston 2017-yil o'rtalarida Afg'oniston bilan chegarani to'siq bilan yopishga qaratilgan katta loyiha boshlagan. Shu yil nihoyasiga yetishi kutilayotgan qurilish, Pokiston ramiylariga ko'ra, chegara xavfsizligini ta'minlab, jangari guruhlarning kirib kelishiga to'siq qo'yadi.

Afg'oniston rasmiylariga ko'ra esa, devorlar chegaraning har ikki tomonida joylashgan minglab oilalarni bir-biridan ayirib qo'yadi.

BMT ma'lumotiga ko'ra, Pokistonda 2,5 million afg'onistonlik bor. Ularning 1,4 millioni qochoq sifatida ro'yxatga olingan. Ko'ngilli qaytarish dasturi asosida 2002-yildan beri 4,4 million afg'on Pokistondan vataniga qaytgani aytiladi.

"Ixtiyoriy ravishda qaytish"

BMT Qochqinlar agentligining Pokistondagi idorasi so'zlovchisi Qaysar Afridining aytishicha, mamlakatdagi qochoq afg'onlarni ko'ngilli ravishda mamlakatiga qaytarish ishlari davom etadi. Qaytishga rozi bo'lgan har bir afg'onistonlikka 200 dollar miqdorida moddiy yordam beriladi.

Ammo koronavrus tufayli chegaralar yopilishi ortidan dastur to'xtab qoldi.

Kvettadagi Afg'oniston bosh konsulligi attashesi Nisar Aziziyning aytishicha, koronavirus pandemiyasi tugagan taqdirda ham ko'plab afg'onistonliklar barqaror tinchlik o'rnatilmaguncha Pokistonni tark etish niyatida emas.

Unga ko'ra, ko'plab ag'onlar, ayniqsa, 1979-yilgi sovet bosqini ortidan mamlakatni tark etganlar Pokistonda turmush qurib, uy-joy qilib, o'z o'rnini topib ketgan.

"Yoshlar Pokistondagi hayotlaridan mamnun. Pokiston hukumati majburlab ko'chirmasa, ular hech qachon Afg'onistonga qaytmaydi", - deydi Aziziy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG