Breaking News

Koronavirus: O'zbekistonda qisqa muddatda karantin zonalari qurilmoqda


Koronavirus: O'zbekiston 5 kunda qanday inshoot qurdi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00

Koronarusga qarshi kurashda Xitoy tajribasini qo’llayotgan O’zbekiston mamlakatda shoshilinch barpo etilayotgan maxsus karantin hududlarini ishga tushirmoqda.

Yuk konteynerlari vaqtincha yashashga moslashtirilgan, keskin nazorat ostiga olingan bunday hududlar Toshkent viloyatida, respublikaning boshqa tumanlarida ham tashkil etilishi kutilmoqda.

Toshkent viloyatidagi karantin hududida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun ixtisoslashgan maxsus shifoxona qurilishi ham ko’zda tutilgan.

Shunday shifoxonani 10 kun ichida qurib bitkazgan Xitoy tajribasidan ilhomlangan O’zbekiston konteynerlardan iborat karantin hududidagi dastlabki lotlarni besh kun ichida ishga tushirgan.

Yuqori Chirchiqdagi maxsus hududga xorijdan qaytgan 650 fuqaro joylashtirilgan. Har to’rt, ayrim holatlarda sakkiz kishi uchun bitta konteyner ajratilayotgani, konteynerlarda yashash uchun zarur sharoitlar mavjudligi, jumladan, yuvinish bo’limlari, tabiiy gaz, elektr chirog’i, ichimlik suvi bilan ta’minlangani aytiladi.

Karantindagilar ustidan doimiy tibbiy nazorat o’rnatilgan.

Bu konteynerlarda karantin davri qanday o’tkazilayotganiga doir ma’lumotlar yo’q. Maxsus hududga kirib-chiqish keskin nazorat ostida, karantindagi fuqarolardan qo’l telefonlari olib qo’yilayotgani xabar qilinadi.

Yuqori Chirchiq tumanida tashkil etilayotgan karantin hududlari 20 ming kishiga mo’ljallangan; zarurat tug’ilganda bu raqam yana bir necha mingga ko’payishi mumkin.

Zangiota tumanida konteynerlardan qurilayotgan karantin hududi 10 ming kishiga mo'ljallangan. Bu yerda ham virusga chalinganlarni davolash uchun maxsus shifoxona bo’lishi ko’zda tutilgan.

Bu hududlar koronavirusdan gumon qilinayotgan, so’nggi paytda xorijdan mamlakatga qaytgan, 14 kunlik karantin muddatini o’tashi majburiy sanalgan fuqarolarga mo’ljallangan.

O’zbekistonda ayni paytda koronavirus tahdidi bois karantinga olingan fuqarolar soni 100 ming atrofida. Ularning 20 mingga yaqini mamlakatdagi turli tibbiyot maskanlari va sihatgohlarda karantinda saqlanayotgan bo’lsa, qolgan aksariyati uy sharoitida nazoratda turibdi.

Mamlakatda o’ta xavfli, yuqumli viruslarga qarshi ixtisoslashgan shifoxonalar juda kam ekani aytiladi. Koronavirus qayd qilingan bemorlarning aksariyati Toshkentdagi Virusoligiya ilmiy tekshirish instituti shifoxonasida davolanmoqda.

O’zbekiston prezidentining koronavirus tarqalishini oldini olish chora-tadbirlari to’g’risidagi qarorida "Covid-19" virusi bilan bog’liq kasalliklarni davolashga ixtisoslashgan maxsus shifoxonalar tashkil etilishi belgilangan.

Shu maqsadda poytaxt Toshkentdagi bir necha shifoxona qayta jihozlanayotgani, koronavirusni davolashga ixtisoslashtirilayotgani ta’kidlanadi.

30-mart ko‘rsatkichiga ko’ra, mamlakatda koronavirusga chalingan bemorlar soni 150 kishiga yetgan, 2 kishi kasallikdan vafot etgan. Yetti nafar bemor tuzalgan va shifoxonadan chiqarilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG