Breaking News

Koronavirus: Markaziy Osiyoda so’nggi raqamlar qanday?


Koronavirus tufayli bo'shab qolgan Toshkent ko'chalari
Koronavirus tufayli bo'shab qolgan Toshkent ko'chalari

Jahongashta koronavirus bugun dunyoda qariyb 1,1 million kishini to’shakka mixladi, o’lganlar esa 60 mingga yetmoqda. Ko’pgina davlatlarda ommaviy karantin e’lon qilinib, dezinfeksiya va boshqa zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xo’sh, bu borada Markaziy Osiyodagi eng so’nggi raqamlar qanday?

O’zbekiston

Dasturchilar, tadqiqotchilar va ko’ngillilardan iborat xalqaro guruh yurituvchi Worldometers.info saytiga ko’ra (3-aprel, Vashington vaqti bilan soat 16:00), O’zbekistonda koronavirus kasalligiga chalinganlar soni 227 taga yetgan, 2 kishi vafot etgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-apreldagi koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash masalalari bo’yicha o’tkazgan videoselektor yig’ilishida epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilayotganini ta’kidlagan.

“Bugungi kunda mamlakatimizda 100 ming kishi karantinga olingan. Shuningdek, chet eldan salkam 13 ming fuqaro olib kelinib, ular ham to‘la karantinga olindi. Toshkent viloyatida 10 ming kishini qabul qilishga mo‘ljallangan karantin zonasi barpo etilmoqda. Uning dastlabki bir qismiga xorijdan kelgan 2 ming 200 dan ortiq fuqarolarimiz joylashtirildi.

Zangiota tumanida 10 ming o‘rinli 2 ta virusologiya shifoxonasi qurilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu shifo maskanlaridagi 2 mingta o‘rin ishga tushiriladi.

Hozirgi kungacha 245 mingta test, 700 mingga yaqin himoya vositalari olib kelinib, davolash muassasalariga yetkazildi. Bu ishlar yana davom ettirilmoqda", - deydi Mirziyoyev.

Koronavirus pandemiyasi tufayli bugun Toshkentga kirish-chiqish yopilgan. 27-martdan ko’chaga sababsiz chiqish, 30-martdan shaxsiy avtomobildan foydalanish taqiqlangan.

Qirg’iziston

3-aprel holatiga koʻra, Qirgʻizistonda koronavirus yuqtirgan bemorlar soni 130 nafarga yetgan. O'sh janubida birinchi o’lim rasman qayd etildi. Xorijdan qaytib kelgan 61 yoshli erkakning sog’ligi yomonlashib shifoxonaga yotqizilgan, u muolajalarga qaramay, vafot etgan.

Bishkekda saraton bilan kurashayotgan ayollar tibbiy niqob ishlab chiqarish tashabbusi bilan chiqib, xalqqa yordam bermoqda
Bishkekda saraton bilan kurashayotgan ayollar tibbiy niqob ishlab chiqarish tashabbusi bilan chiqib, xalqqa yordam bermoqda

"Ochig'ini aytganda, dafn etilganida uning qarindoshlaridan birontasi ham u bilan birga bo'la olmadi", - deydi tuman komendanti Malik Nuritdinov, favqulodda holat tufayli odamlarning harakat qilish imkoniyati cheklanganiga ishora qilib.

Mamlakatda kasallanganlar orasida yosh bolalar ham bor.

Virus sabab 25-martdan 15-aprelga qadar Bishkek, Oʻsh va Jalol-Obod shaharlarida hamda qator tumanlarda favqulodda holat joriy qilingan. Mazkur hududlarda 20:00 dan 7:00 gacha komendantlik soati amalda.

31-martdan boshlab esa militsiya xizmatini kuchaytirdi. Oʻsh shahrining ichki koʻchalarida blok-postlar o’rnatilgan. Transport harakatiga cheklovlar qoʻyilgan. Oziq-ovqat sotuvchi doʻkonlar, dorixonalardan boshqa barcha savdo shoxobchalari yopilgan.

Rasmiylar mamlakatda oziq-ovqat tanqisligi yuzaga kelmasligini, uch oyga yetuvchi dori-darmon mavjudligini bildirmoqda.

Qozog'iston

3-aprel holatiga ko’ra, mamlakatda 464 kishi virusga chalingan, 6 nafari vafot etgan. Nursulton, Almati, Chimkent, Aktau kabi bir necha katta shaharlarda ommaviy karantin e’lon qilingan.

Olmaotadagi xalqaro aeroportda Ukrainadan qaytib kelgan qozog'istonliklar tekshiruvdan o'tkazilmoqda. 27-mart, 2020-yil.
Olmaotadagi xalqaro aeroportda Ukrainadan qaytib kelgan qozog'istonliklar tekshiruvdan o'tkazilmoqda. 27-mart, 2020-yil.

Mudofaa vaziri Nurlan Ermekbayev 3-aprelda rasman aytishicha, koronavirus tarqalishiga qarshi kurash hamda ko’pgina biznes turlari yopilishi ketidan ishini yo’qotganlarga vaqtinch ish topish va yordam berish uchun qo’shimcha yana minglab zaxiradagi askarlar ham safarbar etiladi.

Tojikiston va Turkmaniston

Bu ikki mamlakatda shu paytgacha rasman birorta koronavirus holati qayd etilmagan. Manbalarga ko’ra, Turkmanistonda koronavirus haqida ma’lumot berish, OAVda yoritish man etilgan. "Koronavirus" so'zi hatto odamlarning kundalik suhbatida ham ishlatilmasligi lozim.

Butun dunyo koronavirus bilan olishayotgan bir paytda Tojikistonning So'gʻd viloyatida 28-mart kuni oʻzbek, tojik, qirgʻiz chavandozlari ishtirokida koʻpkari bo'lib o'tdi. Unda mingga yaqin uloqchi ot va chavandozlar hamda oʻn ming nafar atrofida tomoshabinlar qatnashdi.
Butun dunyo koronavirus bilan olishayotgan bir paytda Tojikistonning So'gʻd viloyatida 28-mart kuni oʻzbek, tojik, qirgʻiz chavandozlari ishtirokida koʻpkari bo'lib o'tdi. Unda mingga yaqin uloqchi ot va chavandozlar hamda oʻn ming nafar atrofida tomoshabinlar qatnashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG