Breaking News

Koronavirus Markaziy Osiyo iqtisodiy tizimlarini yanada zaiflashtirishi mumkin


O'zbekiston bozorlarida
O'zbekiston bozorlarida

Koronavirus pandemiyasi tahdidi, energoresurslarga nisbatan talabning keskin tushishi, millionlab mehnat muhojirlari ishsiz qolishi Markaziy Osiyo davlatlarini iqtisodiy inqirozga yetaklashi mumkin.

Turkmaniston, Qozog’istondagi vaziyatda energoresurslar eksportiga talabning kamayishi, iqtisodida mehnat muhojirlari ulushi ancha yirik bo’lgan Tojikiston, Qirg’iziston, O’zbekistonda ishsizlik darajasi oshishi tirikchilik qilish shundoq ham qiyin mintaqani tanglik tomon yo'naltirishi mumkin.

Bu prognoz barcha davlatlarda korovirusning iqtisodga salbiy ta’sirini oldini olishga qaratilgan himoya chora tadbirlar ko’rilayotganidan qat’i nazar, kuzatilishi kutilmoqda.

Asosiy sabab koronavirus tahdidi bois dunyo iqtisodining tanazzulga tushishi, iqtisodda energoresurslar eksportidan kelayotgan daromad ustuvor bo’lgan davlatlarda esa bu tanazzul bir qadar chuqur kechishi mumkin.

Turkmaniston iqtisodida ulkan gaz zaxiralaridan, Qozog’istonda esa neftdan kelayotgan daromadning o’rni katta.

Mintaqa boyliklarining ikki asosiy iste’molchilari - Xitoy va Rossiya. Xitoy iqtisodi koronavirusning dastlabki nishoniga aylandi. Rossiya esa bir tomondan koronavirus, boshqa tomondan energoresurlar narxi pasayishi ortidan inqirozga yaqinlashmoqda.

Bu ko’rsatkich allaqachon Qozog’iston iqtisodida milliy valyuta tanganing keskin qardrsizlanishi bilan kuzatilmoqda. Turkmaniston gaziga nisbatan talab Xitoyda ham, Rossiyada ham keskin tushgan.

Tukrmanistondagi iqtisodiy ko’rsatkichlar yuzasidan, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy vaziyat haqida ham ma’lumotlar kam, mamlakatning ulkan gaz zahiralari eksporti asosan Xitoy va Rossiyaga to’g’ri keladi.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, Xitoy koronavirusning iqtisodga zarbasi ortidan energoresurslar importini 20 foizga qisqartirgan, bu foizning qanchasi mintaqa davlatlari hisobiga to’g’ri kelishi aniq emas.

Turkmanistonda oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi kuzatilayotganiga doir xabarlar esa anchadan buyon mavjud. Iste’mol uchun asosiy mahsulotlar un, o’simlik yog’i tanqisligi kuzatilmoqda. Bu mahalliy zavod o’z faoliyati to’xtatgani bilan izohlanmoqda.

Markaziy Osiyodagi millionlab mehnat muhojirlari ishlayotgan Rossiya iqtisodida inqiroz boshlanishi, rubl keskin qadrsizlanayotgani Tojikiston, Qirg’iziston va nisbatan O’zbekiston iqtisodiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

O’zbekiston hukumati ham koronavirusning iqtisodga salbiy ta’sirini oldini olishga qaratilgan choralarni tatbiq etmoqda.

Jumladan, iqtisodiyotning qator sohalari soliqdan ozod qilindi; kreditlarni qaytarish muddati uzaytirildi; qiyin ahvolga tushib qolgan korxonalarga davlat yordami va’da qilindi.

Prezident farmoni bilan Inqirozga qarshi kurash uchun maxsus jamg‘arma tashkil etildi, bu jamg’armaga bir milliard dollar atrofida mablag’ yig’ildi.

Ammo dunyo davlatlari iqtisod himoyasiga yuz milliardlab dollar mablag’ yo’naltirayotgan bir paytda O’zbekistondagi bu choralarning iqtisodni qo’llashga qanchalik yetarli bo’lishi qiyin baholanadi.

Mahalliy ekspertlar O’zbekistonning asosiy iqtisodiy sheriklari Xitoy va Rossiya iqtisodidagi turg’unlik, ayniqsa mamlakat iqtisodini Xitoy sarmoyasiga suyanib qolgani vaziyatga jiddiy ta’sir qilishi haqida yozishmoqda.

Taniqli ekspert Yuliy Yusupov koronavirusga doir vaziyat mahalliy hokimiyatlarni biznes, tadbirkorlar, bozor ustidan nazorat o’rnatishiga dastak bo’layotganini xavotirli baholaydi.

Ekspertga ko’ra, bu vaziyat shundoq ham bozor iqtisodiga o’tishni hazm qilolmay kelgan mahalliy hokimiyatlar uchun iqtisod jilovini qayta qo’lga olish imkoniyatini bermoqda.

Koronavirusni O’zbekiston iqtisodiga keskin ta’sirlaridan biri so’nggi yillardan tiklana boshlagan sayyohlik biznesida bilinishi, bu soha bilan bog’liq ko’plab yo’nalishlar, kichik biznes vakillariga jiddiy zarba berishi ta’kidlanadi.

Bulardan tashqari tovar savdo aylanmasining keskin qisqarishi kutiladi. Eksport qilinayotgan ayrim mahsulotlarga nisbatan talab yo’qolishi mumkin.

O’zbekiston iqtisodida mehnat muhojirlari yuborayotgan mablag’ ulushi Tojikiston, Qirg’izistondagi kabi yirik emas, ammo Rossiyadagi mehnat muhojirlari soni, jo’natilayotgan summa jihatidan O’zbekiston oldinda. Bu mablag’ mamlakatga valyuta tushumi bo’yicha ham asosiy o’rinda qolmoqda.

Ayni paytda Rossiyadagi o’zbekistonlik mehnat muhojirlari soni 2 million atrofida ko’riladi. Rubl qadrsizlanishi, koronavirus bois Rossiyada e’lon qilingan favqulodda choralar mehnat muhojirlariga ham bevosita ta’sir qilgan.

Mehnat muhojirlari yuborayotgan mablag’larga doir so’nggi statistika hozircha ochiqlanmagan. O’zbekiston Markaziy banki 27-mart kuni e’lon qilgan statistika 2019-yildagi vaziyat tahlili keltirilgan.

Bu ma’lumotga ko’ra, 2019- yilda jismoniy shaxslar tomonidan xorijdan O’zbekistonga yuborilgan mablag’ hajmi 6 milliard dollardan oshgan. Shundan 4,6 milliard dollar Rossiyadan yuborilgan pul o’tkazmalariga to’g’ri keladi.

Koronavirus tufayli dunyo iqtisodida kutilayotgan inqirozga doir xalqaro tashxislar ancha tashvishli.

BMT dunyo bo’ylab yalpi ishlab chiqarish hajmi 2 foizga yaqin qisqarishi mumkinligi, koronavirusning global iqtisodga ta’siri bir necha trillion dollarga tushishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG