Breaking News

Oʻzbekiston fuqarolari Tojikistondan qayta olmayapti


Vatanga qaytish ilinjidagi o'zbekistonliklar, Xo'jand, 6-aprel, 2020
Vatanga qaytish ilinjidagi o'zbekistonliklar, Xo'jand, 6-aprel, 2020

Koronavirus pandemiyasi tarqalishi sababli Markaziy Osiyo davlatlari orasida ham chegaralar yopilishi ortidan Tojikistonda qolib ketgan Oʻzbekiston fuqarolari oʻz vataniga qaytish ilinjida.

Tojikistonda koronavirus rasman qaydga olinmagan boʻlsa ham bu insonlar ayni kunlarda karantin eʼlon qilingan yurtiga qaytishni istaydi. Ammo, ikki haftadirki, Oʻzbekistonga kira olmayapti. Bir necha bor chegaraga borib qaytib kelgan yigirma nafardan ortiq oʻzbekistonlik Xoʻjand shahrida yashamoqda.

Qarshi shahridan boʻlgan qirq yoshli fuqaro Ismoil Chumilovning “Amerika ovozi“ bilan suhbatda aytishicha, har daqiqada oʻz vataniga qaytishni kutyapti, ammo bu muammo boʻlyapti.

“Biz Oʻzbekistondan Tojikistonga kelgan edik. Oʻzbekistonga qaytmoqchi boʻldik. 23-mart kuni chegaraga bordik. Yoʻllar yopiq ekan. Karantin deyishdi. Uyga qaytishni istayapmiz. Bu yoqqa kelib Sugʻd viloyati Oʻzbeklar markazi orqali Oʻzbekiston elchixonasiga murojaat qilib chiqdik. Istagimiz Oʻzbekistonga, Vatanga qaytish. Qaytishimiz muammo boʻlyapti“, - deydi Ismoil Chumilov.

“Nima boʻlsak ham Xudodan, tezroq uyga qaytaylik!“
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:46 0:00

Tojikistonda qolayotgan oʻzbekistonliklar faqat erkaklar emas. Ular orasida onaxonlar, juvonlar, emizikli onalar, homilador ayol va yosh bolalar ham bor.

Buxorolik Nuriniso Tavakkalovaning aytishicha, Tojikistonning Sugʻd viloyati va Oʻzbekistonning Toshkent oblasti orasida joylashgan uch oʻtish nuqtasi, ikki davlat orasidagi “Zafarobod–Xovos“, “Qoʻshtegirmon–Farhod“ oʻtish nuqtalari va “Fotehobod–Oybek“ xalqaro oʻtish nuqtasiga ham borgan. Bari bir oʻta olmagan.

“10-mart kuni Tojikistonga kelovdim, 22-mart kuni postga bordim. Yoʻllar yopiq deb oʻtkazishmadi. Yana qaytib keldim, yana 23-mart kuni Zafarobodga bordim, Oybekka bordim, Bekobodga bordim, yoʻllar yopiq ekan, oʻtkazmadi. Bu yerda mehmonxonada oʻtiribmiz, ijaraga. Har kuni pul toʻlab yotibmiz. Tezroq uyimizga qaytishini istaymiz“, - deydi suhbatdoshimiz.

Qashqadaryolik juvon Zarina Murodovaning aytishicha, uning ikki farzandi bor. Kichigi oʻzi bilan, kattasi uyida qolgan. Shuning uchun ham tezroq qaytishni istaydi.

“Kichkinasi oʻzim bilan, kattasi Oʻzbekistonda uyda qolgan. Unga kim qaraydi, qarashga odam kerak. Borishimiz kerak oʻzimizni yurtimizga. Bu yoqqa ishlashga kelgan edi, erkaklar. Endi bundoq boʻlib qoldi, endi oʻz yurtimizga qaytishimiz kerak. U yoqqa bollarimiz bor, ularga qarashimiz kerak. Bu yoqqa bular bilan sargardon boʻlib yuribmiz. Endi nima qilaylik, Oʻzimizni Oʻzbekistonga qaytishimiz kerak“, - deydi Zarina Murodova.

Qashqadaryo viloyati Koson tumanidan boʻlgan Dildora Qulmurodova ogʻiroyoq boʻlganligi uchun ham xavotirda.

“Yetti oylik homiladorman, duxturga koʻrinishim kerak. Qoʻlimda ham bolam bor. Shuning uchun ham oʻzimni yurtimga, Oʻzbekistonga qaytishni istayman. Oʻzimni yurtimda tugʻishni xohlayman, boshqa yurtda emas“, - deydi Qulmurodova.

Qarshi shahridan boʻlgan oqsoqol Qulnazar Chumilov esa, Oʻzbekiston Qirgʻiziston va Qozogʻistonda, Rossiyada qolganlarni vatanga qaytarib olayotganligi, ammo Tojikistonda qolganlarga ijozat berilmayotganligi sababini tushunmaydi.

“Hujjatlarni 10 kun oldin Oʻzbekiston elchixonasiga joʻnatganmiz. Javob kelmayapti. Natija yoʻq. Bizlar nima qilishga hayronmiz. Mana Qozogʻistondan oʻtkazyapti, Rossiyadan oʻtkazyapti, Qirgʻizistondan oʻtkazyapti, nima uchun bizlarni oʻtkazmaydi, Oʻzbekiston ota yurt, ona vatanimizga qabul qilmaydi. Bizlar yurtimizga borsak armonimiz yoʻq. Nima boʻlsak oʻsha yerda boʻlaylik, Xudodan“, - deydi suhbatdosh.

Sugʻd viloyati Oʻzbeklar maʼnaviyat va maʼrifat markazi raisi Ilhom Yusupovning aytishicha, oʻzbekistonlik fuqarolarga barcha sharoitlar yaratib berilgan, ammo shunga qaramay ular tezda oʻz uyi, oʻz vataniga qaytishni istamoqda.

“23-mart kuni 21 kishi chegaradan oʻtmoqchi boʻlishganida ularga ruxsat berilmaganidan keyin bizga, Sugʻd viloyati Oʻzbeklar maʼnaviyat va maʼrifat markaziga kelib murojaat qilishdi. Biz ularning hammasini hujjatlarini rasmiylashtirib olib, Oʻzbekiston Respublikasining Tojikistondagi elchixonasiga joʻnatdik. Ular hujjatlarni Toshkentga joʻnatishgan. Bu fuqarolarga Tojikiston tomoni emin-erkin yurishi uchun sharoit yaratib bergan. Ular Xoʻjand shahrida bemalol yurishibdi. Ammo ularning oʻzi tezroq uyiga qaytmoqchi. Shuning uchun ularning muammosi tezroq hal etilsa, yaxshi boʻlar edi“, - deydi Ilhom Yusupov.

Oʻzbekistonning Dushanbe shahridagi elchixona masʼullarining aytishicha, bu fuqarolarning roʻyxati va istagi Toshkentga yetkazilgan. Ammo hali biror javob kelgani yoʻq!

Tojikistonlik mustaqil tahlilchi Tilav Rasulzodaning aytishicha, bu fuqarolarning tez orada vataniga qaytish yoki qayta olmasligi rasmiy Toshkentning siyosiy irodasiga bogʻliq.

“Oʻzbekiston fuqarolari oʻzlariga bogʻliq boʻlmagan sabab bilan Tojikistonda ushlanib qolganligiga guvoh boʻldik. Ular vataniga qaytarilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining siyosiy irodasi lozim. Ular oʻz fuqarolarini qanchalik himoya qiladi?! Agar ular fuqarolarini boshqa davlatdan qaytarib olishni istasa, hukumatlararo muzokara qilinib, oʻzaro kelishiladi. Shundan soʻng bu fuqarolar farzandlari, qarindoshlari yoniga, umuman, oʻz vatanlariga qaytishlari uchun yashil yoʻlak ochib beriladi“, - deydi mustaqil tahlilchi.

Ayni paytda Tojikistonda qolayotgan Oʻzbekiston fuqarolarining hammasi ham tez orada vataniga qaytishni istamaydi. Ular orasida viza bilan kelib, faoliyat qilayotganlari ham bor. Ular ruxsatnomalarida belgilangan muhlat kelganida qayta choʻzdirish imkoniyati boʻlish-boʻlmasligi bilan qiziqmoqda. Ammo yigirmadan ortiq Buxoro va Qashqadaryo viloyatining turli shahar va tumanlaridan boʻlgan oʻzbek, tojik va loʻli millatiga mansub boʻlgan fuqarolar ikki haftadan oshdiki, har daqiqada vatani Oʻzbekistonga qaytishiga ruxsat berilishini intizorlik bilan kutmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG