Breaking News

Pandemiyadan keyingi davr qanday kechadi?


Inson huquqlari bo'yicha BMT oliy komissari Mishel Bachelet. Arxiv.

Inson huquqlari bo'yicha BMT oliy komissari Mishel Bachelet koronavirus pandemiyasi dunyo bo’ylab ijtimoiy tengsizlikni yanada kuchaytirishidan ogohlantirdi. Rasmiyga ko’ra, iqtisodiy nochorlar, keksalar, imkoniyati cheklanganlar, ozchilikni tashkil etuvchi etnik guruhlar va ayollarni pandemiya davri jiddiy muammolar bilan yuzlashtiradi.

Virtual tadbirda Bachelet pandemiya tufayli yuzaga kelgan favqulodda vaziyatdan repressiyani kuchaytirish va vakolatlarini kengaytirsh uchun foydalanib qolayotgan hukumatlarni keskin tanqid qildi.

Rasmiy hukumatlarni avvalo yordamga eng muhtoj qatlamlarni himoya qilishga chaqirdi. Inson huquqlarini har qanday vaziyatda ham poymol etmaslikka undadi.

“Ayrim davlatlarning vaziyatdan foydalanib daxlsiz vakolatlarga ega bo’layotgani xavotir uyg’otmoqda. Repressiyaga zamin yaratuvchi tartib qonunchilikda ham o’z aksini topmoqda. Bu o’zgarishlar pandemiya yakunlangandan keyin ham uzoq vaqt o’z kuchida qoladi. Shuningdek, matbuot va so’z erkinligini bo’g’ishga qaratilgan choralar meni chuqur qayg’uga solmoqda”, - dedi Bachelet.

Komissar koronavirusga qarshi o’z vaqtida samarali kurashni tashkil etolmagan hukumatlarni tanqid qilgan jurnalistlar, tibbiyot xodimlari va oddiy fuqarolarning jazolanayotganini qoraladi.

“Tanqid jinoyat emas. Hukumatlarni real axborotni yashirmaslikka chaqiraman. Shunday og’ir vaziyatda shaffoflik millionlab odamlarning hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi”, - dedi u.

Bachelet, shuningdek, pandemiyaga sababchi qilib ko’rsatilayotgan xalqlar vakillariga qarshi irqchilik va diskriminatsiya qo’llanayotganiga to’xtaldi.

“Sharqiy Osiyo xalqlari va ayrim ozchilikni tashkil etuvchi qatlam vakillariga qarshi jismoniy va ruhiy tazyiq kuchaygan. Buni nazoratga olishi lozim”, - dedi u.

Komissar karantin abadiy davom etmasligi, hukumatlar fuqarolarining haq-huquqlarini poymol etmagan holda vaziyatdan chiqish strategiyasini ishlab chiqishi lozim ekaniga urg’u berdi.

Shundoq ham dunyoda kuchayib borayotgan iqtisodiy notenglik pandemiyadan keyingi davrda yanada keskin tus olishi kutilmoqda, dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG