Breaking News

BMT: Ijtimoiy tengsizlik beqarorlikka yetaklaydi


Inson huquqlari bo'yicha BMT bosh rasmiysi Mishel Bachelet

Inson huquqlari bo'yicha BMT bosh rasmiysi Mishel Bacheletning ogohlantirishicha, dunyo bo'ylab ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy tengsizlikning o'sayotgani mamlakatlarda beqarorlikni kuchaytirmoqda. Oliy komissar bu haqda Jenevada o'tayotgan BMT Inson huquqlari kengashi anjumanida gapirdi.

Mishel Bacheletning aytishicha, daromad, imkoniyat, adolat va inson huquqlaridan foydalanish bo'yicha tengsizlik, qashshoq yoki boy bo'lishidan qat'i nazar, barcha mamlakatlarda mavjud. Nafrat, zo'ravonlik va tahdidlarni bir yoqli qilishda bu muammoni bartaraf etish muhim ahamiyatga ega, dedi u.

Bachelet huquqlarning ta'minlanmasligi namoyish va zo'ravonliklarga yetaklagan bir necha davlatni misol qilib keltirdi. Masalan, Sudanda og'ir iqtisodiy sharoit va noqobil boshqaruvga qarshi namoyish qilgan aholi xavfsizlik kuchlari tomonidan zo'rlik bilan tarqatib yuborilgan, dedi BMT rasmiysi.

Zimbabve, Gaiti, Fransiya, Venesuela, Nikaragua va bosib olingan Falastin hududida ham shunday holatlar ro'y bergan.

Dunyo bo'ylab inson huquqlari faollarining o'limi hollari ham oshgan. Jurnalistlar va matbuot vakillari tez-tez hujumga uchramoqda.

Ba'zi hukumatlar inson huquqlari faollari va nodavlat tashkilotlarga zug'um o'tkazmoqda, dedi BMT vakili.

"Saudiya Arabistonida bir necha ayol huquq faollarining hibsga olingani, ular tazyiq va qiynoqqa tortilgani haqidagi xabarlar yuzasidan xavotirimni bildirmoqchiman. Tinch faollarning tazyiqqa uchrashi bu davlatning yangi islohotlar boshlagani haqidagi da'volariga zid. Biz bu ayollarning ozod qilinishini so'raymiz", - dedi Mishel Bachelet.

Inson huquqlari bo'yicha oliy komissar Xitoydagi qayta tarbiyalanish lagerlarida uyg'urlaning majburiy hibsda ushlab turilishini ham qoraladi. Faollarning aytishicha, bir milliondan ortiq uyg'ur qamoqxona rejimidagi markazlarda ushlab turilibdi.

BMT rasmiysi AQShning migratsiya siyosatini ham tanqid ostiga oldi. AQSh chegarasini kesib o'tayotgan minglab migrant bolalar oilasidan ajratib qo'yilganini qoraladi.

Shuningdek, u Avstraliya hukumatini Manus oroli va Naurudagi hibsxonalarda saqlanayotgan yuzlab migrantlarga insoniy munosabatda bo'lishga chaqirdi.

Bacheletning aytishicha, notenglik ijtimoiy taraqqiyot, iqtisodiy va siyosiy barqarorlikka tahdid soladi; inson huquqlari esa umid beradi. U dunyo mamlakatlarini tazyiq siyosatidan voz kechib, aksincha, inson huquqlari himoyasiga asoslangan samarali siyosat yuritishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG