Breaking News

Pandemiya immigrantlar hayotini qiyinlashtirdi


Tirikchilik qiyinlashgan, deydi muhojirlar
Tirikchilik qiyinlashgan, deydi muhojirlar

Hunari va sohasini o'zgartirayotgan muhojirlar ko'p. Moslashuvchan odam imkonini topadi, lekin tirikchilik qilish hozir AQShda har tomonlama qiyinlashgan.

Ulisis Garsiya restoranda ishlar edi, hozir kir yuvish biznesida. Yelitza Esteva go'zallik salonida xizmat qilar edi, hozir oziq-ovqat yetkazib berish bilan mashg'ul. Maribel Torres uy tozalar edi, hozir tikuvchi.

Immigrantlar uchun ish taklif qiladigan bizneslar - restoranlar, mehmonxonalar, maishiy xizmatlar, go'zallik salonlari va boshqa kichik va o'rta bizneslar - pandemiya davrida o'ta zarur soha deb qaralmas ekan, u yerdagi ishlaydiganlar daromadidan ayrildi. Bu yo'nalishlarda mehnat qiladiganlarning 20 foizi muhojirlardir.

Kongress ajratgan 2,2 trillion dollarik moliyaviy ko'mak ularning ko'piga buyurmaydi, chunki ular Ijtimoiy Himoya Raqamiga ega emas, ya'ni ruxsatsiz ishlaydi.

Restoranlar yopiq
Restoranlar yopiq

Murakkab vaziyatdan chiqishning bir yo'li - hunarni o'zgartirish yoki boshqa sohalarga qo'l urish.

"Virus avj olgan davrda kir yuvish xizmatini ko'rsatish xavfli, lekin na iloj", - deydi lotin amerikalik Garsiya Nyu-Yorkdagi ishxonasida.

Yana bir lotin amerikalik, Esteva, Mayamida soch kesib, oyiga 2100 dollar topardi. Eri ham, o'zi ham ishidan ayrildi. Endi supermarketda ishlaydi, mahsulot yetkazib beradi.

"51 yoshingizda oldingizda variantlar ko'p emas, lekin yashash kerak, yaqinlarim yordamga muhtoj", - deydi u.

Hozirda kuniga 12 soat mehnat qilib, er-xotin birga 150 dollar topayapti. Oldingi daromadning deyarli yarmi.

"Madad faqat xudodan", - deydi Esteva.

Kaliforniya shtati
Kaliforniya shtati

Kaliforniya shtati hujjatsiz yurgan immigrantlarga 500 dollardan yordam puli berishga qaror qildi. Ko'mak 150 ming muhojirga ko'zlangan, deydi shtat rahbariyati.

Minnesota va Texas shtatlarida ham noqonuniy muhojirlarga mo'ljallangan fondlar ochildi. Tashabbus boshida xayriya tashkilotlari va diniy idoralar turibdi.

Nyu-Jersi shtatida vaziyat tang, deydi Diana Meya, mahalliy diniy maskan xodimi. Tashkilot eshigida yordam so'rab kelayotganlar ko'paygan.

"Oshxonalarda, qurilishda ishlagan odamlar endi ishsiz".

Nyu-Yorkda 47 yoshli Maribel Torres Meksikadan kelganidan beri uy tozalab, kun ko'rar edi. Eri oshpazlik qilardi. Hozirda tibbiy niqob tikish bilan band.

"Bu ish bilan pul topish qiyin, lekin boshqa nima qilishni bilmaymiz. Harakat qilayapmiz".

Lotin amerikalik immigrantlarning 49 foizi pandemiya sabab yo ishini yo'qotgan, yo daromadi pasaygan. "Pew" tadqiqot markaziga ko'ra, qora tanlilar orasida bunday ziyon ko'rganlar 36 foiz, oq tanlilar esa 26 foiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG