Breaking News

Oq uy yangi matbuot kotibi yolg'on gapirmaslikka so'z berdi


Keyli Makeneni Oq uy matbuot kotibi sifatida birinchi brifingini o'tkazar ekan, jurnalistlar bilan rostgo'y bo'lishni va'da qildi

Amerika telekanallarida siyosiy sharhlovchi sifatida Prezident Trampning tarafini olib tanilgan Keyli Makeneni endi Oq uyda matbuot kotibi. 1-may kuni ilk bor anjuman o'tkazdi.

“Sizni hech qachon aldamayman. So'z beraman bunga", - dedi Makeneni.

Lekin uning ilk brifingda bergan izohlari allaqachon bahs-munozaralarni avj oldirib yubordi.

Prezidentga yaqin ekani, unga tayangan holda ma'lumot berishga bel bog'laganini ta'kidlar ekan, Makeneni matbuot xodimlarini unga ishonishga undadi.

“Prezidentning yonidaman. Uning fikr-qarashlari bilan yaqindan tanishman. Prezident haqida faktlarga asoslangan axborot berilishini ta'minlash - asosiy vazifam. Amerika xalqiga bu yerdan ishonchli va haqqoniy informatsiya berilishi lozim".

Ilk matbuot anjumanida Makeneni koronavirus pandemiyasi, Trampning Xitoyga munosabati, xususan, Pekinni virusni yaratganlikda va bu borada aldaganlikda ayblashi haqida izohlar berdi.

“Prezident Xitoydan norozi”, - deydi Makeneni.

Biroq AQSh razvedka xizmati Trampning fikrlarini tasdiqlamaydi. Oq uy esa o'z pozitsiyasida qat'iy.

Makeneni - Prezident Trampning to'rtinchi matbuot kotibi.

Prezident Donald Tramp "Fox" kanali bilan jonli dasturda, Vashington, 3-may, 2020
Prezident Donald Tramp "Fox" kanali bilan jonli dasturda, Vashington, 3-may, 2020

Trampning yaqinlashayotgan prezident saylovlaridagi demokrat raqibi Jo Bayden, sobiq vitse-prezident va sobiq senator, 1993-yilda Senat xodimi Tara Ridga jinsiy bosim o'tkazgan, deya iddao qilinmoqda. Bayden da'volarni inkor etadi. Oq uy Bayden bu borada ochiq gapirayotganini olqishlagan. Tramp fikricha, sobiq senator o'zini oqlashi kerak.

Tramp prezidentligi davrida Oq uyda matbuot anjumanlari muntazam o'tkazilmay, uning o'zi savollarga javob berishni odat qildi.

Makenenidan oldingi matbuot kotibi Stefeni Grisham deyarli bir yillik faoliyatida hatto bir marta ham anjuman o'tkazmadi.

Pandemiya davrida deyarli bir yarim oy mobaynida prezidentning o'zi har kuni jurnalistlar oldiga chiqdi, lekin oxirgi kunlarda brifinglarga kelmayapti. Nima uchun deb so'rashganida Tramp yirik TV kanallar "mendan foydalanib o'z reytingini oshirayapti" deya javob bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG