Breaking News

Fermerlar mahsulotlarini sota olmay, yerga ko’mib tashlamoqdami?


Fermada ishchilar yo'qligi sababli terib olinmay, to'kilib yotgan apelsinlar. Florida shtati, 1-aprel.

Ko’plab mamlakatlarda bo’lganidek, AQShda ham karantin davrida oshxona, kafe va restoranlar faoliyati vaqtincha to’xtadi. Natijada fermerlarning mahsulotlariga talab keskin tushib ketdi.

“Fermerlar mahsulotlarini sota olmay, yerga ko’mib tashlayotganlarini eshitdik”, - deydi Braun universiteti talabasi Eyden Reyli.

Pandemiya tufayli ba’zi kishilar hatto zarur oziq-ovqat uchun pul topa olmayotgan bir paytda dehqonchilik mahsulotlarining bunday yo’q qilinishi isrofgarchilikdan boshqa narsa emas.

Shu sabab Eyden Reyli, Jeyms Kanof, Vil Kollier va yana bir qancha talabalar bunga chek qo’yishga qaror qildi. Ular “FarmLink Project” nodavlat-notijorat tashkilotini tuzdi. Tashkilot fermerlardan dehqonchilik mahsulotlarini sotib olib, odamlarga tarqatish uchun xayriya tashkilotlariga yetkazadi.

"FarmLink" guruhi a'zosi Jeyms Kanoff ish ustida
"FarmLink" guruhi a'zosi Jeyms Kanoff ish ustida

“Karantin tufayli o’qishdan qoldik, uyga qaytib keldik, biror foydali ish bilan shug’ullanay dedim. Bu kayfiyatingiz, ruhiy salomatligingiz uchun ham yaxshi, - deydi Reyli.

Bir necha talaba tashabbusi bilan boshlangan loyihada hozir 80 dan ortiq yoshlar ishlaydi.

“Bu nafaqat mahsulotlarni isrof bo’lishining oldini oladi, balki ishchilarni ish bilan ta’minlaydi, muhtojlarning qornini to’ydiradi”, - deydi guruhdagi yana bir ko’ngilli Aleks Say.

Shu kungacha guruh 111 tonnadan ortiq mahsulotni mamlakatning u burchagidan bu burchagiga yetkazdi.

“Masalan, kuni-kecha Aydaxo shtatidan Dou Hess ismli fermer biz bilan bog’landi. Xayriya qilmoqchi bo’lgan kartoshkalarini tub amerikaliklar jamiyatiga yetkazib berdik, - deydi Reyli.

Loyihaning yana bir ishtirokchisi Jordan Hertzellning aytishicha, bu muammo pandemiya boshlanishidan avval ham bo’lgan. Mamlakatda hammada ham davlatdan moliyaviy ko’mak olish imkoni yo’q va u, ayniqsa, ana shunday oilalarga yordam berayotganidan mamnun.

Talabalar yuk mashinasini ijaraga olgan. Tashkilot hisobiga tushgan xayriya pullarini ham 100 foiz muhtoj oilalar, fermer va haydovchilarga tarqatishadi.

“Tashkilotimizda shunday olijanob yoshlar borligidan xursandman. Hech qanday daromad kelmasligini bilsa-da, ertalabdan-kechgacha ishlaydi”, - deydi Reyli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG