Breaking News

AQShga dehqon vizalarini olish osonlashdi


AQSh dalalarida ishlayotgan migrant ishchilar, Kaliforniya, AQSh, 2017-yil, 17-aprel

AQSh fermerlari koronavirus tufayli mamlakatda qishloq xo’jaligi ishchilari kamayib ketayotganidan xavotir bildirmoqda. Natijada AQSh hukumati qishloq xo’jaligi ishchisi sifatida mamlakatda ishlayotgan xorijliklarning viza muddatlarini uzaytirib, chet eldan yangi ariza topshirganlarga esa suhbatdan o’tmasdan viza olish imkoniyatini e’lon qildi.

Davlat departamenti so’zlovchisi qishloq xo’jaligi ishchilari uchun mo’ljallangan “H-2A” vizasi uchun arizalar, agar rad etish uchun jiddiy sabablar bo’lmasa, intervyusiz tasdiqlanishi haqida yangi tartib yo’lga qo’yilganini tasdiqladi.

“Minimum talablarga javob beruvchi “H-2A” arizalarining aksariyati yuzasidan suhbatsiz qaror chiqariladi. Lekin suhbat bo’lishi yoki bo’lmasligidan qat’i nazar, avvalgidek xavsfsizlik tekshiruvlaridan o’tishlari shart”, - dedi Davlat departamenti rasmiysi.

“H-2A” noimmigratsion vizasi xorijliklarga AQShda uch yilgacha qishloq xo’jaligi sohasida ishlash huquqini beradi. Davlat departamentiga ko’ra, agar arizachini qo’shimcha tekshirishga ehtiyoj tug’ilsa, yuzma-yuz suhbat o’tkaziladi.

15-aprel kuni qishloq xo’jaligi ishchisi sifatida allaqachon mamlakatda ishlayotganlar uchun ham yengilliklar berildi. Bu ishchilar viza muddati tugagan bo’lsa ham, qolib ishlashlari mumkin bo’ladi.

Besh yildan beri dalalarida xorijlik ishchilarni ishlatib keladigan fermer Fred Leytz uchun bu yaxshi yangilik.

“178 ta vizali ishchimiz bor. 40-50 ta mahalliy ishchilar ham bor”, - deydi u.

Leytz bodring, pomidor, olma kabi zabzavot va mevalar yetishtiradi. Uning aytishicha, koronavirus pandemiyasi davrida ham ishlar davom etyapti, ammo niqob taqish, qo’lqop kiyish va ijtimoiy masofa saqlash kabi yo’riqlarga rioya qilinadi.

AQSh Qishloq xo’jaligi vazirligi ma’lumotiga ko’ra, ishchi-dehqon vizasi bilan kelayotganlar soni so’nggi yillarda oshmoqda. 2019-yil 258 ming kishiga “H-2A” vizasi berilgan.

Leytz xorijliklar amerikaliklarning ishini tortib olyapti, degan e’tirozlarga qo’shilmaydi.

“Odamlar odatdagi ishlarni topishni boshlaganda, men ishchi yo’qotaman. Natijada ekinlarimni eka olmayman va ishchilarim bo’lish-bo’lmasligi ham mavhum bo’lib qoladi”, - deydi u.

Leytz dehqonlarga eng ko’p ishchi iyul, avgust, sentabr va oktabrda kerak bo’lishini aytadi.

“Ishsiz amerikaliklar ish topib, eski joylariga qaytsa, menda hech kim qolmaydi. Bunaqa yo’l bilan biznesni boshqarib bo’lmaydi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG