Breaking News

AQShda bir necha senator ustidan tekshiruv


Senat Razvedka qo'mitasining sobiq raisi Richard Burr, respublikachi
Senat Razvedka qo'mitasining sobiq raisi Richard Burr, respublikachi

AQSh Adliya vazirligi uch senatorning aksiya savdosi bo'yicha tekshiruvini tugatgan. Ular - Kaliforniya shtatidan Dayan Faynstayn, Jorjiya shtatidan Kelli Loffer va Oklaxoma shtatidan Jim Inoff. Tekshiruv koronavirus pandemiyasidan oldin boshlangan edi.

Hozirda tekshiruv Senatning Razvedka qo'mitasi raisi Richard Burr atrofida kechmoqda. U bu lavozimdan vaqtincha chetlashtirilgan. Ikki hafta oldin uning Vashingtondagi uyi va texnik anjomlari ko'zdan kechirilgan.

Senat hujjatlariga ko'ra, Burr va rafiqasi shu yilning yanvar-fevral oylarida qimmatbaho qog'ozlar bozorida 2 million dollardan oshiq savdo qilgan. Burr deydiki, bu bilan u jinoyat sodir etgan emas.

Lekin bu aynan pandemiya yaqinlashayotgan paytga to'g'ri keladi. Siyosiy lavozimlarda o'tirganlarning qaltis davrlar oldidan o'z moliyaviy manfaati yo'lida bunday harakatlar qilishi sudlanishga yetaklagan hollar ko'p bo'lgan.

Razvedka qo'mitasi a'zolari xalq bilmaydigan ma'lumotlarga tayanib, o'z foydasini ko'zlab, daromad qilishga uringan, degan gumon kuchli va yangi tekshiruvlar boshlanishi ehtimoli baland.

Loffler, Inof va Fayntstayn Adliya vazirligi bilan yaqindan muloqot qilib, o'z aksiyalari bilan bog'liq ma'lumotlarni yashirmagan, deydi rasmiylar. Vaholanki, bu senatorlar ham bir necha millionlab dollarlik savdo qilgan.

Burr tekshiruvdan xavotirda emasligini aytib, Senat Etika qo'mitasini ham uning faoliyatini ko'rib chiqishga chaqirgan.

"Senator Burr boshidan tekshiruvga ochiq va oshkoralik tarafdori. O'z faoliyatidan ko'ngli to'q va tekshiruv uning aybsiz ekanini isbotlashiga ishonchi komil", - deya bildiradi uning idorasi.

Burr aksiyalarini aynan matbuotda chiqqan xabarlarga tayanib sotganini aytadi. Adliya vazirligi hozircha bunday xulosadan yiroq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG