Breaking News

Turkiyada o'zbekistonlik muhojirlar ishlariga qaytdimi?


Turkiyada mehnat muhojirlarining ahvoli qanday?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:35 0:00

Turkiyada koronavirusga qarshi kurash doirasida joriy etilgan karantin choralari bosqichma-bosqich yumshatilyapti. Bugundan e’tiboran davlat tashkilotlari xodimlari normal ish rejimiga qaytdi. Shaharlararo qatnovga qo‘yilgan taqiq olib tashlandi. Kafelar, restoranlar, choyxonanlar va sport zallari yana faoliyat ko‘rsata boshladi. Shuningdek, muzeylar, kutubxonalar va yoshlar markazlari ham ochildi.

Koronavirus infeksiyasining tarqalishi va shu tufayli karantin choralarining joriy etilishi turkiyaliklar qatori O‘zbekistondan kelgan minglab mehnat muhojirlarining hayotiga ham ta’sir ko‘rsatdi.

“Turkiyada ikki yarim oydan beri karantin bo‘lyapti, bu vaqt ichida ko‘p o‘zbeklar qiynalib qolishdi, chunki ishsiz va pulsiz qolib ketishdi. Karantin sababli ko‘p ish joylari yopildi. Kundalik ishlarga boradiganlar qiynalib qolishdi. Albatta, har birimiz bu yerga pul topish maqsadida kelganmiz, ishlar qanchalik tez boshlansa, shunchalik yaxshi bo‘ladi”, – deydi mehnat muhojiri Dilshoda To‘rayeva.

Turkiya Migratsiya bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2019-yilda 44 mingdan ziyod o‘zbekistonlikka yashash ruxsatnomasi berilgan. Ular orasida bu mamlakatga ishlash maqsadida kelganlar talaygina. Muhojirlarga maslahat xizmati ko‘rsatuvchi firma xodimi Beknazar Rahmatovning aytishicha, koronavirus bilan bog‘liq cheklovlar yumshatilayotgan bo‘lsa-da, karantin paytida moddiy jihatdan qiynalgan muhojirlar noqonuniy maqomga tushib qolishmoqda.

“Menga hujjatlar bo‘yicha murojaatlar bo‘lyapti. To‘g‘ri, 1-iyundan ish boshlaymiz deyishyapti, lekin hozir hech kimda pul yo‘q, shuning uchun hujjat to‘g‘rilashga pul berisholmaydi. Ishlamagan kuni uchun hech kim maosh to‘lamaydi-da, hali izga tushib ketishiga 15-20 kuncha bor deb o‘ylayman, – deydi u. – Hujjatingizni (yashash ruxsatnomasini) yoki (avia)chiptangizning muddatini cho‘zamizmi deb so‘rasam, yo‘q, hali ishga chiqqanimiz yo‘q, oylik olmadik, qarzga bo‘lsa ham o‘zingiz yordam berib turing, deyishyapti. Hujjat qilishga pullari yo’q, 15 kishidan 8 nafari noqonuniy qolsam qolaveray deb aytdi ochiqchasiga”.

Beknazar Rahmatov Turkiyada norasmiy ishlab yurgan o‘zbekistonliklar ko‘pchilikni tashkil etishini aytadi:

“Norasmiy ishlaydiganlar tabiiyki ko‘proq. Ikki xil – turistik va ish vizasi bor. Qoida bo‘yicha turistik viza bilan ishlash mumkin emas. Lekin turistik viza uchun 1800-2000 lira (263-293 AQSh dollari) xarajat qilsa, shu bilan bir yil yuraveradi. Ish vizasida esa oyma-oy to‘lovi bor, shuning uchun vatandoshlarimiz turistik viza qildirishadi. Lekin hozir pul yo‘qligi uchun turistik viza ham qilmasdan, noqonuniy ishlab yurgan vatandoshlarimiz juda ko‘p”.

Beknazarning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya paytida muhojirlarni tekshirish kamaygan.

“Umuman olganda, turk mutasaddilari norasmiy ishlab yurganlarga ko‘pincha ko‘z yumishadi, yoshi kattaroq opalar qo‘lga tushganida shundoq qo‘yib yuborilgan holatlarni ham bilaman”, – deydi u.

“Lekin yoshlarni ushlasa, yabanjilar (xorijliklar) sho‘basi degan joyga olib boradi, 5-6 kun ushlab turishadi. U yerdan qo‘yib yuborgach, Turkiyadan chiqib ketish uchun 10 kundan yigirma kungacha muhlat beradi, – deya tushuntiradi Beknazar Rahmatov. – Shu vaziyatda chiqib ketmasa, keyin 20-30 kun keyin qo‘lga tushib qolsa yoki aeroportga borganida (pasportiga) deportatsiya bosadi. Jarima to‘lagan taqdirda ham, vaqtida chiqib ketmagani uchun deportatsiya bo‘ladi. Shuning uchun iloji boricha turistik viza qildirib yurgan yaxshi”.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG