Breaking News

Namoyishlar pandemiyaning yangi to'lqiniga sabab bo'lishi mumkin


Namoyishchilar politsiya yo'lini to'smoqda, 2020-yil, 31-may, Minneapolis, Minnesota

So’nggi hafta AQSh bo’ylab boshlanib ketgan norozilik namoyishlari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashayotgan sog’liqni saqlash rasmiylari xavotirlarini kuchaytirmoqda. Ularga ko’ra, odamlarning ommaviy bir joyga yig’ilishi virus tarqalishining yangi to’lqiniga sabab bo’lishi mumkin.

Qoida bo’yicha, infeksiyaga uchragan bemor o’zi bilan aloqada bo’lgan har bir inson haqida ma’lumot berishi kerak. Ommaviy namoyishlarda qatnashgan odamlar bilan bunday ma’lumotlarni yig’ish imkonsiz, deydi mutaxassislar. Shuningdek, hukumatga qarshi kayfiyat kuchaygan bir paytda odamlarning sog’liqni saqlash tizimlariga ishonchi ham pasayishi mumkin.

Hukumat rasmiylari bir necha oy davom etgan cheklovlar ortidan ehtiyotkorlik bilan bizneslarni qayta yo’lga qo’yishga urinmoqda. Ekspertlar iqtisodiyotning ochilishi reja asosida va keng ko’lamli tekshiruvlar bilan amalga oshishini umid qilayotgan edi. Kutilmagan namoyishlar bu rejalarni barbod qilishi mumkin.

Minnesota shtatining Minneapolis shahrida qora tanli fuqaro Jorj Floydning politsiya qo’lida halok bo’lishi mamlakat bo’ylab norozilik namoyishlariga sabab bo’ldi. Ko’plab shaharlarda namoyishlar zo’ravon tus olgan; bizneslar va jamoat binolariga zarar yetkazilgan.

Ommaviy tartibsizliklarning yangi infeksiya to’lqiniga sabab bo’lishi hali rasman yoki ilmiy jihatdan tasdiqlanmagan. Odatda, ochiq hududlarda virus tarqalishi ehtimoli kam bo’lishi aytiladi. Ammo yig'inlarda odamlarning baqirib gapirishi yoki politsiya qo'llagan ko'zni yoshlantiruvchi gaz oqibatida yo'talishi atrofdagilarga virus yuqtirish ehtimolini oshirishi aytiladi.

Los-Anjelesda zo’ravon namoyishchilar yetkazishi mumkin bo’lgan zararning oldini olish uchun koronavirusga analiz topshiriluvchi markazlar yopilgan. Minneapolis shahrida ham markazlarning ish faoliyatiga putur yetgan, chunki ba’zi markazlar namoyishchilar hujumiga uchragan.

Virusni tekshirish kamaysa, bu uning qayta avj olishiga turtki berishi mumkin, deydi doktor Uilyam Shafner.

Aholi orasida politsiya zo’ravonligidan norozilik davlat institutlariga ishonchsizlikni keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa, hukumatga qarshi kayfiyat qora tanlilar orasida yuqori ekani aytiladi. Ayni paytda qora tanlilar yashovchi jamoalar koronavirus eng ko’p tarqalgan hududlar ekani ma'lum. Shu bois so'nggi hafta yuz bergan namoyishlar virusni nazorat qilish ishlarini yanada qiyinlashtirishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG