Breaking News

Tramp: Xavfsizlik birinchi o'rinda


1-iyun, Oq uy oldidagi park, Vashington
1-iyun, Oq uy oldidagi park, Vashington

Prezident Donald Tramp 1-iyun kuni oqshom Oq uydan turib, xalqqa murojaat qilar ekan, shtatlar namoyishchilar tinch o'tishini ta'minlay olmasa, harbiy kuch safarbar etishga bel bog'laganini aytdi. Bugun gubernatorlar bilan muloqotda ham prezident ularni bu borada ogohlantirib, irqchilikka qarshi chiqishlarning "anarxist harakatlarga aylanganida" va jamoatchilik hayotiga tahdid solayotganida mahalliy hokimiyatlarni ayblagan.


Tramp xalqqa murojaatida jumladan shunday dedi:

"Tinch namoyishchilar tarafidaman. Biroq kimki barqarorlikka tahdid solsa, xotirjamligimizni buzishga urinsa, unga qarshi kuch bilan chora ko'ramiz. Xavfsizlikni ta'minlash - hukumatning asosiy vazifasi. Mamlakat bo'ylab, mahalliy terrorizmdan darak beruvchi harakatlarga guvohmiz va bunga toqat qilmaymiz. Minnesota shtatida 46 yoshli Jorj Floyd politsiya qo'lida o'lgani - fojia va men shaxsan xalqimizga hamdardman. Irqchilik - mudhish illat. Lekin irqchilikdan noroziman deya ko'chaga chiqib, buzg'unchilikka berilish erkinlik emas, jamiyatga tahdiddir. AQSh - qonun ustuvorligiga asoslangan davlat. Qonun ustuvor bo'lmasa, adolat ham, erkinlik ham bo'lmaydi. Shu bois zo'ravonlikka toqat qilmaymiz. Tinchligimizni saqlash uchun nimaiki zarur bo'lsa, qilamiz".

Prezidentning bu bayonoti yangrar ekan, Oq uy atrofida xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni ko'zni yoshlantiruvchi gaz, kar qiluvchi granata va rezina o'qlar bilan tarqatishga urinmoqda.

Bugungi namoyishlarda zo'ravonlik kuzatilmagan, lekin o'tgan kunlar ichida namoyishchilar do'konlarga va xususiy mulklarga hujum qilgan, politsiya bilan to'qnashgan, Vashingtonning katta ko'chalarida o't qo'yish holatlari ro'y bergan.

Amerika bo'ylab hozirgacha besh mingga yaqin namoyishchi hibsga olingan. Jorj Floydning oilasi ommadan tinchlanishni so'ramoqda. Floydning bo'g'ib o'ldirilgani tibbiy ko'rikda tasdiqlangan. Uni o'ldirganlikda ayblangan politsiyachi sudlanishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG