Breaking News

O’zbekistonda huquq himoyachilariga yana tazyiq boshlandimi?


Huquq himoyachisi Yelena Urlayeva (markazda) Namanganda mahalliy aholi vakillari bilan suhbatlashmoqda.

O’zbekistonda taniqli huquq himoyachisi Yelena Urlayeva yetakchiligidagi bir guruh huquq himoyachilarining Namangan viloyatiga majburiy mehnat monitoringi yuzasidan uyushtirgan safari mahalliy hokimiyat, ichki ishlar boshqarmasi vakillarining tazyiq, zo’rlik ishlatishi va faollardan birining kaltaklanishi bilan yakunlangan. Bu haqda huquq faollari xabar qildi.

Guruhning Namanganga safari mahalliy aholi tomonidan berilgan shikoyatga javoban amalga oshgan.

Pop tumanida majburiy mehnat, aholining ijtimoiy huquqlariga doir vaziyatni o’rganayotgan faollar ishiga to’satdan mahalliy hokimiyat, ichki ishlar boshqarmasi vakillari aralashgani xabar qilinadi.

Karantin talablarini buzganlikda ayblangan huquq himoyachilari majburiy ravishda tumandagi Sanitariya epidemiologiya bo’limiga olib kelingan va koronavirusga test topshirishga majburlangan.

Huquq himoyachisi Zohidjon Zokirovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Pop tumani koronavirusdan xoli yashil hudud hisoblanadi.

7-iyun kuni bir guruh huquq himoyachilari inson huquqlari, xususan, majburiy mehnatga doir vaziyatni o’rganish uchun tumanning Chodak qishlog’ida bo’lishadi. Ular paxta dalasida mehnat qilayotgan bolalar bilan suhbatlashayotganda dalaga mahalliy hokimiyat va ichki ishlar boshqarmasi vakillari yetib keladi.

“Bu qishloq aholisi ijtimoiy muammolar bo’yicha huquq himoyachilariga shikoyat qilgan. Shu masalani o’rganish uchun bordik. Haqiqatda dalada yosh bolalar paxta dalasiga chopiqqa olib chiqilgan. Paxtani begona o’tlardan tozalab yurishibdi, buning suratlari ham bor. Muammo bu jarayonda huquq-tartibot idoralarining bizga nisbatan kuch, tazyiq ishlatishganida. Maktab o’quvchilari bilan suhbat o’tkazgan huquq himoyachisi Bekzod Nurmatovni kaltaklashdi ham. Menga ham Namangandan Popga borishimga to’sqinlik qilishdi, bormaslikni tavsiya qilishdi. Biz Popdagi aholi muammolarini o’rganib, bu masalada hokimiyatga borish, mahalliy hokimiyat vakillari bilan uchrashish niyatida turgan edik. Ammo ichki ishlar vakillari yo’limizni to’sdi, bu yerda karantin, qizil hudud, sizlarni Sanitariya epidemiologiya bo’limiga olib ketamiz, koronavirusga test topshirasiz, deb turib olishdi. Biz tekshiruvdan o’tganmiz dedik, bunga qarshilik qildik, ammo majburan olib ketishdi. Shu payt huquq himoyachilaridan biri Bekzod Nurmatovga nisbatan kuch ishlatdi, kaltakladi. Bizning hammamizdan majburan test olishgandan so’ng jo‘natib yuborishdi. Meni ishki ishlar boshqarmasi uyga olib keldi, 14 kun hech qayoqqa chiqmaysiz deb ogohlantirib ketdi”, - deydi Zohidjon Zokirov.

Huquq himoyachisi Bekzod Nurmatovga ko’ra, koronavirusga test topshirishga qarshilik qilishi ortidan bir guruh huquq-tartibot xodimlari unga tashlangan, kuch ishlatishgan, sudrashgan, majburan test uchun analizlar olishgan.

“Biz Pop tumanida paxta dalalaridagi majburiy mehnat, ichimlik suvi muammosi, mahalliy shifoxonadagi ahvolni o’rganayotgan edik, shunda Pop tumani kengashi deputati, mahalliy hokimiyatdan bir necha guruh bizni kuzatishni boshladi. Keyin mahalliy deputat boshchiligidagi ichki ishlar bizni Popga olib kelishdi majburan, hozir karantin, pandemiya deb. Biz tana haroratini o’lchanglar, biz hammamiz sog’- salomatmiz dedik. Lekin ular ko’nmadi, kuch ishlatishga o’tishdi. Oyog’imni tirab olgandim, oyog’imga tepishdi, qo’llarimni qayirib, kuch bilan xonaga olib kirishdi. Uch-to’rt kishi bosib, mendan koronavirusga test olishdi. Kaltaklarning izlari ham qolgan, ichga tepishganini isbotlay ham olmaysan”, - deydi Nurmatov.

Ayni paytda kelib Namangandan Toshkentga qaytgan huquq himoyachisi Yelena Urlayeva ham uy sharoitida karantinga olingani xabar qilindi.

O’zbekistonda so’nggi paytda inson huquqlariga oid faoliyatini davom ettirayotgan faollarga nisbatan bosimlar, tazyiq ishlatish deyarli kuzatilmayotgan edi. Ayrim holatlarda, xususan, majburiy mehnat masalasida hukumat mustaqil huquq himoyachilari bilan hamkorlik qilish tashabbusi bilan ham chiqqan edi.

Sog’liqni saqlash vazirligining respublika hududlarida karantin amal qilinishiga doir tarqatgan so’nggi ma’lumotida Namangan viloyatining Pop tumani yashil rangda, ya’ni koronavirusdan xoli hudud sifatida belgilangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG