Breaking News

Pandemiya AQShda immigratsion sudlarga qanday ta'sir qildi?


AQSh-Meksika chegarasiga yetib kelgan migrantlar karvoni. 25-noyabr, 2018.

COVID-19 pandemiyasi tufayli AQShning Immigratsion sudlari faoliyati ham to’xtab qolgan. Boshpana istab murojaat qilganlar tinglov kunini uzoq kutishga majbur bo’lmoqda.

Sirakuz universiteti tadqiqot markaziga ko’ra, 850 ming shaxsning ishi kechikishi kutilmoqda.

“Immigrantlar o’z ishi bo’yicha yakuniy hukmni oylab, hatto yillab kutishiga to’g’ri keladi”, deyiladi markaz hisobotida.

Zotan pandemiyaga qadar immigratsion sudlarda 1 million ko’rilmagan ish to’planib qolgan edi.

Tadqiqot markazi hisob-kitoblariga ko’ra, sudlar aprel oyida 6460 ishni ko’rib chiqqan. Bu ko’rsatkich yanvar oyida 42045, fevral oyida esa 41793 tani tashkil etgan. May oyida 368 ming ish kechiktirilgan. Jumladan, 85 mingdan ziyod tinglov bekor qilingan.

Immigratsiya sudyalari milliy assotsiatsiyasi prezidenti Eshli Tabaddor “Amerika Ovozi” bilan suhbatda COVID-19 boshqa jabhalar qatorida sud faoliyatiga ham zarba bo’lganini ta’kidladi. Pandemiya davrida sud jarayonini o’tkazish o’ta xavfli, dedi u.

“Garchi sudlar faoliyati qayta tiklansa ham, odatiy tartibga qaytishning imkoni bo’lmaydi. Sud zalida avvalgiday gavjum odamlarni to’plab bo’lmaydi. Shunday ekan, ishlarni ko’rib chiqish jarayoni sezilarli darajada sekinlashadi”, - dedi Tabaddor.

Adliya vazirligining immigratsion sudlarni nazorat qiluvchi boshqarmasi Gavayida sudlar faoliyati tiklanganini ma’lum qildi. Joriy oy oxiriga qadar mamlakat bo’ylab yana yettita sud qayta ochiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG