Breaking News

Zokir Almatov Andijon voqealarini nega yodga oldi?


O'zbekiston Ichki ishlar vaziri Zokir Almatov chet ellik kuzatuvchilar bilan, Andijon, 2005-yil, 18-may

O’zbekistonning sobiq ichki ishlar vaziri Zokir Almatov huquq-tartibot organlari faoliyatidan norozi jamoatchilikka Andijon fojialarini eslatdi.

2005-yil yuz bergan Andijondagi xunrezlik uchun mas’uliyatni o’z zimmasiga olgan sobiq vazir Kun.uz nashriga bergan intervyusida terrorchilar, ekstremistlar va hamon davlat to‘ntarishi qilish istagida yurgan xorijdagi qora kuchlar haqida gapiradi.

Sobiq vazir, ayni paytda Ichki ishlar vaziri maslahatchisi sifatida faoliyat yuritayotgan Zokir Almatovning bu bayonoti, shuningdek, rasmiy doiralarda ham Ichki ishlar vazirligi faoliyatiga nisbatan norozilik keskin kuchaygan bir paytda yuzaga chiqqani aytilmoqda.

Avvalroq bir guruh deputatlar Andijonda o’lim bilan tugagan qiynoq holati ortidan ichki ishlar vazirini iste’foga chiqarish yuzasidan bayonot bergan; ayrim siyosiy partiyalar, xususan, “Adolat” islohotlardan chetda qolayotgan vazirlik faoliyatini keskin tanqid qilib chiqqan edi.

Ichki ishlar vazirligi hokimiyat va jamoatchilik doirasida bildirilgan bu tanqidlarga nisbatan sukutda edi. Vazir maslahatchisi Zokir Almatovning matbuotda uyushtirilgan “katta intervyusi” shu sukut buzilganidan darakdek qabul qilinmoqda.

Andijonda 32 yoshli Alijon Abdukarimovning qiynoqlar tufayli vafot etishini vazirlikdagi “o’z manfaatini, lavozimini o’ylagan ayrim nopok xodimlarning qilmishi”ga bog’lagan Zokir Almatov bunday xodimlar ishdan haydalishi, kerak bo’lsa, jazolanishini ta’kidlaydi.

“Mamlakat rahbariyati vazirlik rahbariyati oldiga qiynoq ko’rsatayotgan xodimlarni aniqlash, ularni haydash, jazolash vazifasini qo’ygan. Bundan keyin bunaqa xodimlarga nisbatan keskin choralar ko’riladi, men xalqimizni ishontirib aytaman”, - deydi intervyuda Zokir Almatov.

Buning ortidan Zokir Alamatov Ichki ishlar vazirligini isloh qilishga doir chaqiriqlar bilan chiqayotgan deputatlar va ayrim rahbarlarni eslab o’tadi:

“Ba’zi bir deputatlarimiz, men ochiq-oydin aytaman, ba’zi bir rahbarlarimiz, ichki ishlar tizimida isloh qilish kerak, [deyapti]... Prezidentimizning qaror, farmonlari bor, ichki ishlar tizimida isloh davom etyapti. Hali ham davom etyapti bu. Buning uchun prezidentning farmon, qarorlarini o’qish kerak. Bilish kerak, bo’lar-bo’lmas narsalarni gapirish ham rahbar xodimlarga xos emas”, - deydi tizimga nisbatan tanqidlarga munosabat bildirgan Ichki ishlar vazirligi maslahatchisi Zokir Almatov.

Shundan so’ng sobiq vazir huquq-tartibot idoralarining mamlakat tarixidagi o’rni haqida hikoya qiladi. 90-yillardagi og’ir davrlar, Namanganda islom davlati qurishga bo’lgan intilishlar, talabalar shaharchasidagi qo’zg’olonlar, 1999-yilda Toshkentda kuzatilgan portlashlar haqida gapiradi va bu monolog 2005-yilda yuz bergan Andijon fojialariga taqaladi:

“Meni ko’p tanqid qilib gapirashadi, Andijon voqealari sababchisi deb. Men buni ochiq-oydin gapiraman. Ha, men o‘sha yerda shtab boshlig‘i bo‘lganman, qarorni men qabul qilganman. Lekin kim Andijonga qurol ko‘tarib keldi? Kim chegaradan qurol bilan o‘tdi? Xo‘p, uning ichida Andijon xalqidan ham vakillar bo‘lgan. Kim IIVga qarashli post-patrul xizmati idorasini o‘qqa tutib, u yerni egalladi, qurol-yarog‘ga ega chiqdi? Kim harbiy qismga hujum qilib, u yerdagi qurol-yarog‘ni oldi? Kim tergov hibsxonasiga hujum qilib, 500 dan ortiq ashaddiy jinoyatchilarni chiqarib yubordi? Kim hokimlik binosini egallab, unga o‘t qo‘ydi? Kim 100 ga yaqin sud-huquq tizimidagi xodimlarni qo‘lga olib, tutqunda ushlab turdi, ko‘pini qatl etishdi? Maqsad nima edi? Xo‘sh, hukumat nima qiladi, qarab turishi kerakmi?” - deydi 2005-yil Andijonda kuzatilgan namoyishlar davrida Ichki ishlar vaziri lavozimida bo’lgan Zokir Almatov.

Sobiq vazirga ko’ra, Andijonda “ekstemistlar” ichki ishlar vazirligi kapitanini otib qo’yishganidan so’ng hukumat kuchlari va “terrorchilar” o’rtasida yuz bergan otishmada 100 kishi, umumiy hisobda 187 kishi halok bo’lgan. U buning aniq raqamlar ekanligini Allohning oldida ham tasdiqlashini ta’kidlaydi.

Avvalroq Bosh prokuror o’rinbosari Svetlana Ortiqova Andijon fojiasida hukumat namoyishchilarga nisbatan nomutanosib kuch ishlatganini e’tirof etgan edi.

Zokir Almatov intervyusidan asosiy maqsad, bir tomondan, Ichki ishlar vazirligida qiynoqlar davom etayotganidan norozi jamoatchilikni tinchlantirish, boshqa tomondan, hokimiyat doirasidagi ayrim vakillarning vazirlikka qaratilgan tanqidlarini jilovlashdek taassurot uyg’otadi.

Suhbatda Zokir Almatovning Andijon fojialarini shaxsan eslashi, fojiani to’g’ri qaror sifatida talqin etishi, xorijda davlat to’ntarishi maqsadida yurgan muxolif kuchlar mavjudligini iddao qilishi huquq-tartibot tizimi yetakchisi sifatida tanilgan arbobning sobiq tuzum davridagi mafkuraviy aqidalarga hamon sodiq ekanligini namoyon etadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG