Breaking News

"Haqiqat va taraqqiyot" partiyasi faoli karantin bahonasi bilan cheklovdami?


Baxtiyor Karim, "Adabiyot" gazetasi bosh muharriri
Baxtiyor Karim, "Adabiyot" gazetasi bosh muharriri

O’zbekistonda tashkil etilayotgan “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi faollaridan biri Baxtiyor Karim 6-iyundan buyon karantinda ushlab turilibdi.

Avval O’rta Chirchiqda 14 kunlik karantin muddatini o’tagan Baxtiyor Karim keyinchalik Toshkentdagi teri-tanosil kasalliklari shifoxonasining karantin hududiga ko’chirilgan.

U hozirgacha besh marta koronavirusga test topshirgan. Test natijalari hammasi manfiy chiqqan, koronavirus aniqlanmagan.

Shunga qaramasdan “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi tashabbus guruhi faoli umumiy hisobda bir oylik muddatga karantin o’tashga mahkum qilinmoqda.

Baxtiyor Karimning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, ayni paytda salomatligi yaxshi, ammo uni hamon karantinda ushlab turishganidan xavotirda.

Baxtiyor Karimning o’g’lining ishxonasida koronavirus aniqlanishi ortidan barcha oila a’zolari, besh oylik go’dagi bor kelini ham birgalikda O’rta Chirchiqdagi karantin markaziga olib ketilgan.

Baxtiyor Karim
Baxtiyor Karim
"Adabiyot" gazetasi bosh muharriri siyosiy faoliyatdan cheklanmoqdami?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:24 0:00
Yuklab oling

Baxtiyor Karimga ko’ra, karantinga olish uchun uyga kelgan sanitariya epidemiologiya xizmati xodimlari oilada besh oylik chaqaloq borligi uchun karatinni uy sharoitida o’tash tavsiyasi bilan Milliy gvardiya rahbariyatiga murojaat qilishgan, ammo rad javobi olingan.

“Bizni O’rta-Chirchiqdagi karantin markaziga olib ketishdi. U yerda men 17-iyun kunigacha bo’ldim. Shu kuni yugarimni diagnostika qilish uchun meni u yerdan boshqa joyga, Toshkentdagi teri-tanosil klinik kasalxonasini karantin hududiga olib kelishdi. Bu yerda yurak kasalliklari bilan bog’liq mutaxassisning o’zi ham yo’q. Menga oila a’zolaringiz o’zlari u yoqdagi karantindan uyga ketaverishadi, siz bu yerdan oxirgi analizlar chiqqandan keyin uyga ketasiz deb aytishdi. Oxirgi analizlar 18-iyun kuni chiqdi. Hammasi manfiy, lekin meni hamon bu yerda ushlab turishibdi, endi men yana 14 kunlik karantin muddatini o’tashim kerak emish. Men bilan yana bir andijonlik kishi ikkinchi guruh nogironi, jigari shishib ketgan. Na unga dori berishadi, na mutaxassis ko’radi, uyga chiqib mustaqil davolanay desa bunga ham ruxsat yo’q. Ahvoli og’ir. Xullas, qancha murojaat qildik, bir natija bo’lmadi, oxiri bu yerda ham 14 kunlik karantinni o’tasiz degan javobni aytishdi. Bu yer yopiq hudud menga partiya masalasida hech kim hech narsa degani yo’q, ammo telefonimni olib qo’yishga urinishganidan, karantin muddatini yana cho’zishganidan, meni faoliyatdan to’xtatib turish maqsadi bordek”, - deydi Baxtiyor Karim.

“Adabiyot” gazetasi bosh muharriri sifatida ham tanilgan Baxtiyor Karim mamlakatda paydo bo’layotgan, mustaqil siyosiy faoliyatga da’vogar “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi tashabbuschilaridan biri. Ayni paytda partiyani ro’yxatdan o’tkazish uchun imzo yig’ish, boshqa tashkiliy masalalar davom etmoqda.

Baxtiyor Karimga ko’ra, uning karantinda ushlanib qolayotganini shu siyosiy faoliyat bilan bog’liqligini taxmin qilish mumkin xolos. Karantindagi muddat davomida unga hech kim siyosiy harakatdagi faoliyatiga doir e’tiroz bildirmagan. Ammo, deydi u, karantinni uy sharoitida o’tash imkoniyati rad etilgani, karantinni o’tash davridan undan telefonini olib qo’yishga bo’lgan harakatlar yuqoridan berilgan ko’rsatmalar mavjudligidan darak beradi.

Baxtiyor Karim "Adolat va Haqiqat" siyosiy partiyasi faoli
Baxtiyor Karim "Adolat va Haqiqat" siyosiy partiyasi faoli

“Yangi siyosiy kuch jamoatchilikda qizg’in qo’llab-quvvatlanmoqda. Buni bizga bo’layotgan tinimsiz qo’ng’iroqlar, xabarlar ham tasdiqlab turibdi. Hozir imzo yig’ish, boshqa tashkiliy ishlar jadal davom etmoqda. Afsuski, men bu yerda karantinda qolyapman, buning ustiga karantin muddatini yana uzaytirishdi. Hokimiyatdagi munosabatdan kelib chiqsa, partiyani tashkillashtirish oson bo’lmaydi, Adliya vazirligi dastlabki uchrashuvdayoq Rossiyadagi fuqarolarimizni partiya uchun bergan imzolarini hisobga olinmasligini aytdi. Bundan qat’i nazar vaziyat jamoatchilikning yangi siyosiy kuchga chanqoqligini ko’rsatib berdi”, - deydi 20 kundirki koronavirus gumoni bilan karantinda saqlanayotgan Baxtiyor Karim.

Ro’yxatdan o’tishga hozirlanayotgan “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi lideri Xidirnazar Olloqulov prezidentlik saylovlarida iqtidordagi hokimiyat vakiliga raqobatchi bo’lish qarorini bildirgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG